Breaking News

AQSh Isroilni Falastin huquqlarini hurmat qilishga chaqirmoqda


Balata lageri, Nablus, Isroil nazorati ostidagi hudud, 22-may, 2023
Balata lageri, Nablus, Isroil nazorati ostidagi hudud, 22-may, 2023

Isroil Iordan daryosining g'arbiy sohilida, bosib olgan yerlarida uch falastinlkni o'ldirgan. AQSh yahudiy davlatining so'nggi harakatlarini hamda Falastin yerlarida o'z posyolkalarini kengaytirayotganini qoralamoqda.

Falastin boshqaruviga ko'ra, Nablus shahridagi Balara lagerida yuz bergan hujumda Isroil yana olti kishini yaralagan.

Isroil bu falastinliklarni harbiylarga xurujda ayblagan. Uch kishi qo'lga olingan. Ular va ularning quvvatlovchilari, deydi yahudiy rasmiylar, bir uyda portlovchi moddalar va qurollar to'plab, katta operatsiya rejalayotgan bo'lgan. Isroil bu obyektni yo'q qilgan.

Bayden ma'muriyati esa Isroilni arablar da'vo qiladigan hududlarda aholi punktlarini kengaytirmaslikka chaqirmoqda. Vashington buni anchadan beri bildirib keladi. AQShning umidi shuki, kelajakda Falasin mustaqil davlat sifatida shakllanib, Isroil bilan tinchlikda yashaydi.

Nablusda Isroil kuchlari vayron qilingan uy, 22-may, 2023
Nablusda Isroil kuchlari vayron qilingan uy, 22-may, 2023

Amerika nazarida o'tgan oylarda Isroil hukumati qator salbiy harakatlar qilib, erkinlik talab qilib kelayotgan Falastin ahlining g'azabini kuchaytirgan.

Davlat departamenti so'zlovchisi Mett Miller deydiki, bosib olingan yerlarda qurilish qilish tinchlik sari qadam emas.

Iordan daryosining g'arbiy sohili va sharqiy Quddusda 700 ming aholi bor. Yahudiylarni u yerga ataylab ko'chirish noqonuniy va beqarorlikni avj oldiradi, deb keladi BMT. Vashington ham shunday pozitsiyada.

Quddusda musulmonlar va yahudiylar uchun birdek muqaddas dargohlar Isroil xavfsizlik kuchlari nazoratida
Quddusda musulmonlar va yahudiylar uchun birdek muqaddas dargohlar Isroil xavfsizlik kuchlari nazoratida

Isroilning ultranatsionalist qarashlari bilan tanilgan Milliy xavfsizlik vaziri Itmar Ben-Gvir yaqinda al-Aqsa masjidi hududiga borgan. U yerda yahudiylarning eng muqaddas ziyoratgohlari ham joylashgan. Tashrif har ikki tomonda keskin reaksiya uyg'otgan.

"Bunday maskanlar siyosiy o'yinlar uchun ishlatilmasligi kerak", - deya tanqid qilgan Davlat departamenti.

Uzoq yillardan beri hukmron bitimlarga ko'ra, yahudiylar bu dargohlarga bora oladi, ammo ibodat qila olmaydi. Biroq so'nggi yillarda ibodat qilish ham odat tusini olgan. Bu esa Isroil bu yerlarni ham butkul egallab olmoqchi degan xavotirni oshirgan. Ben-Gvir, xususan, yahudiylar uchun imkoniyat kengaysin, deya undamoqda.

Jenin shahrida ham bir necha falastinlik o'qqa tutilgan va hibsga olingan. Ayol va Aqabat lagerlarida va yana besh joyda reydlar o'tkazilgan.

O'tgan bir yil mobaynida Isroil 150 nafardan oshiq falastinlikni o'ldirgan. Falastinliklarning Isroilga qarshi hujumlarida esa qariyb 50 kishi nobud bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG