Breaking News

Bugungi Qig'iziston: Tanqidga va muxolifatga o'rin yo'q


Qirg‘izistonda mahalliy vakillik organlariga saylovlar oldidan muxolif siyosatchilarning hibsga olinishi, Prezident Sadir Japarov rejimiga hatto siyosiy raqobatga ishora qilishga ham yo‘l qo‘yilmayotgan muhitga to‘la mos keladi.

Qirg‘izistonda yaqinda bo‘lib o‘tgan mahalliy kengashlarga saylovlar arafasida muxolifatdagi "Sotsial-demokratlar" partiyasi yetakchilari qamoqqa olindi. Ularni hibsga olishdan avval, ovoz berishdan bir necha kun oldin partiya idoralarida tintuv o‘tkazilgan.

Partiya raisi Temirlan Sultonbekov va saylovoldi shtabi rahbari Irina Karamushkina ovozlarni sotib olishda gumon qilinib, hibsga olindi.

"Sotsial-demokratlar" partiyasi partiya rahbariyatiga qarshi jinoyat ishi tufayli Bishkek shahar kengashidagi o‘rinlar uchun kurashdan chetlatildi. Bu voqea Qirg‘iziston rejimining plyuralizmga bo‘lgan allergiyasining yana bir belgisi sifatida baholanmoqda.

Prezident Sadir Japarov va uning ittifoqchilari hokimiyat tepasiga kelganidan keyingi to‘rt yil ichida Qirg‘izistonning Markaziy Osiyodagi "demokratiya oroli" sifatidagi obro‘si ketma-ket zarbalar ostida qoldi. Mamlakatda ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va siyosiy muxoliflarga nisbatan qatag‘on avj oldi.

Siyosiy sohada bu tendensiya Qirg‘izistondagi an’anaviy yorqin va qizg‘in saylovlar tez orada qo‘shni mamlakatlardagi saylovlarga o‘xshab qolishi mumkinligi xavotirini keltirib chiqardi.

Tandem

55 yoshli Japarov 2020-yilda saylovdan keyingi norozilik namoyishlari to‘lqinida hokimiyat tepasiga kelgandi. O‘sha namoyishlar boshlanishidan oldin u o‘zi siyosiy sabablarga ko‘ra deb hisoblagan ayblov bilan qamoqda o‘tirgan edi.

U "qamoqxonadan prezidentlikka" keskin ko‘tarildi: 2021-yil yanvarida Japarov saylovlarda ishonchli g‘alabaga erishdi.

Bu paytga kelib, u mamlakatni amalda boshqarardi va bir nechta kuchli nomzodlar unga qarshi chiqmaslikka qaror qilishdi. Lekin saylov baribir raqobatli muhitda o‘tdi.

U prezidentlik kursisi uchun 16 nomzod bilan kurashdi, ularning ba’zilari uni qattiq tanqid qilgan, bittasi esa milliy televideniyening jonli efirida uni korrupsiyada ayblagan edi.

O‘shandan buyon sodir bo‘lgan barcha voqealar hozirgi rahbariyat davrida bunday saylovlar boshqa bo‘lmasligidan dalolat bermoqda.

Japarovni korrupsiyada ayblagan nomzod – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Abdil Segizboyev hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanib, bir yildan ko‘proq vaqt qamoqda o‘tirdi. Uni saylovdan keyin qamoqqa olishgan. Segizboyev bilan bog‘liq videoni qayta tarqatgan yosh bloger bir necha oy qamoqxonada saqlandi.

Japarov bilan raqobatlashgan boshqa bir necha nomzod ham qamoqqa yoki uy qamog‘iga tashlandi. Parlament ham o‘z kuchini yo‘qotdi.

2021-yilgi prezidentlik saylovlarida ikkinchi o‘rinni egallagan Adaxan Madumarov 2023-yilda davlatga xiyonat qilishda ayblanib, deputatlik mandatidan mahrum etildi va qamoqqa tashlandi.

Xarizmatik va “YouTube”da mashhur, diniy guruhlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan siyosatchi Nurjigit Qodirbekov qonun chiqaruvchi organdagi mandatidan voz kechdi.

Qodirbekov va u rahbarlik qilayotgan "Iymon nuri" partiyasi kamdan-kam hollarda hukumatni tanqid qilar va muxolifatga aloqadorligi ehtimoli past. Biroq ularning mashhurligi xavf tug‘dirishi mumkin edi.

Xalqaro respublika instituti tomonidan moliyalashtirilgan ko‘plab so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, Qodirbekov Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXK) raisi Qamchibek Tashiyevdan keyin uchinchi eng mashhur siyosatchi hisoblanadi. Japarov Tashiyev bilan amalda tandemda mamlakatni boshqarmoqda.

Qodirbekov bir paytlar o‘zi boshqargan xayriya jamg‘armasida ehtimoliy buxgalteriya qoidabuzarliklari bo‘yicha to‘satdan tergov boshlanganidan keyin parlamentni jimgina tark etdi.

Rasmiylar ta’kidlashicha, jamg‘arma Turkiya hukumati tomonidan diniy ta’limni moliyalashtirish uchun ajratilgan millionlab dollar haqida tegishlicha hisobot bermagan. Qodirbekov qamoqqa olinmadi.

Mahalliy siyosat

Mahalliy kengashlarga o‘tkaziladigan saylovlar parlamentga saylovlar kabi muhim emas. Japarov tomonidan amalga oshirilgan markazlashtirish islohotlari tufayli ularning ahamiyati yanada pasaydi.

2021-yilda yangi konstitutsiya qabul qilingach, parlamentning bir qism vakolatlari ijro hokimiyatiga o‘tdi. Xuddi shuningdek, shahar kengashlari ham o‘z vakolatlarini yo‘qotdi, endi ular merlarni saylamaydi.

Merlarni prezident tayinlaydigan bo‘ldi. Shahar rahbarlari siyosiy jihatdan markazga ilgarigidan ham ko‘proq qaram bo‘lib qoldi. Biroq partiyalar va siyosatchilar hamon kengashlarda, ayniqsa poytaxt Bishkek va mamlakat janubidagi O‘sh shahrida o‘rin olishga intilmoqda.

17-noyabrdagi saylovlarda mamlakat bo‘ylab jami 40 ga yaqin partiya va besh mingdan ortiq nomzod ishtirok etdi.

Bishkekdagi saylovga qo‘yilmagan "Sotsial-demokratlar" partiyasi hududlardagi saylovlarda qatnashdi va besh shaharda shahar kengashlariga o‘tish uchun besh foizlik to‘siqni yengib o‘tdi.

Partiya qayta ro‘yxatdan o‘tganidan (ilgari u Qirg‘iziston Sotsial-demokratik partiyasi deb atalgan) va o‘zgarishlardan keyin ham taniqli hisoblanadi. U bir necha yil davomida Qirg‘izistonning hukmron partiyasi bo‘lgan va hamon sobiq prezident Almazbek Atambayev bilan yaqin aloqada.

Biroq tarix shuni ko‘rsatadiki, Qirg‘iziston siyosiy partiyalari rahbariyati jiddiy bosim ostida qolganda o‘z mavqeini yo‘qotadi.

Xalqaro respublika instituti yordamida 2023-yil may oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, eng ommaviy partiya sifatida e’tirof etilgan "Iymon nuri" partiyasi Bishkek va O‘sh shahar kengashlari saylovlarida ishtirok etmadi. U faqat oltita shahardagi saylovlarda qatnashdi.

Adaxan Madumarovning "Butun Qirg‘iziston" partiyasi faqat mamlakat janubidagi Kerben shahar kengashiga o‘tkazilgan saylovlarda ishtirok etdi va minimal chegaradan zo‘rg‘a o‘tdi.

Hozircha "Sotsial-demokratlar" partiyasini ovozlarni sotib olishda ayblashga asosiy dalil sifatida Karamushkina va uning hamkasbi o‘rtasidagi telefon suhbati ko‘rsatilmoqda, bu suhbat qandaydir yo‘l bilan internetga tushib qolgan.

Suhbat oddiy ko‘rinadi. Suhbat ishtirokchilari pul tarqatish haqida gaplashadi. Sobiq prezidentning o‘g‘li va partiyaning yuqori lavozimli a’zosi Qodir Atambayevning ta’kidlashicha, uning partiya a’zolari saylovoldi shtabi faollariga to‘lovlarni muhokama qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, partiyaning 26 yoshli rahbari Sultonbekov 13-14 noyabr kunlari 20 soatdan ortiq so‘roq qilingan.

O‘tgan hafta parlamentda so‘zga chiqqan Japarovning ittifoqchisi Tashiyev "Sotsial-demokratlar" partiyasi faollari ovozlarni "bevosita" sotib olishga jalb qilinganini aytdi.

Yaqinda saylovlarga hukumat aralashuvi davri o‘tganini va’da qilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi bu da’voni tasdiqlash uchun hech qanday dalil keltirmadi.

Voqealarga izoh berar ekan, Qirg‘izistonda 2023-yilda bloklangan “Kloop” surishtiruv va yangiliklar nashri hammuassisi, jurnalist Rinat Tuxvatshin, Qirg‘iziston amaldorlari "nafaqat ushbu uncha ahamiyatli bo‘lmagan saylovlarga, balki hozirgi tuzum sharoitida o‘tkaziladigan har qanday kelgusi saylovlarga ham ishonchni yo‘qotishga erishganini" yozdi.

Bu juda halokatli, chunki "barcha muammolarga qaramay, [saylovlar] jamiyatimizning muhim instituti bo‘lib qolayotgan edi," deb ta’kidladi Tuxvatshin.

  • 16x9 Image

    Ozodlik

    "Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan multimedia axborot manbai. Asosiy maqsadi - axborot oqimi va inson huquqlari cheklangan jamiyatlarga, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ishonchli informatsiya olib kirish.

XS
SM
MD
LG