Breaking News

Xitoy temiryo'l loyihasi bilan Markaziy Osiyoda o'z nufuzini oshirmoqchi


Temiryo'l loyihasining tamal toshini qo'yish marosimi, Jalolobod, 27-dekabr, 2024
Temiryo'l loyihasining tamal toshini qo'yish marosimi, Jalolobod, 27-dekabr, 2024

Xitoy va Markaziy Osiyoni bog’lovchi yirik temiryo’l qurilishi 20 yillik muzokaralardan so’ng iyul oyida boshlanadi. Xitoy davlat matbuotiga ko’ra, Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temiryo’li Qashg’ardan boshlanib, Qirig’izistonning Jalolobod shahridan Andijongacha keladi.

Loyiha moddiy va texnik muammolar sababli ancha payt boshi berk ko'chaga kirib qolgan edi. Ayrim kuzatuvchilarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya va Qozog’iston Pekinni uni moliyalashtirmaslikka ko’ndirishga harakat ham qilgan.

Ammo, deydi ular, 2016-yildan beri O’zbekiston va Qizig’izistonda hokimiyat almashinuvi hamda Rossiyaning Ukrainadagi urushi uch mamlakatning qurilishni boshlashga qaror qilishiga olib keldi.

Berlindagi Karnegi markazi eksperti Temur Umarov izohicha, Qirg’izistonning oldingi hukumati loyihaga shubha bilan qaragan, chunki siyosiy elita vakillari Qirg’izistonning geografik joylashuvidan foydalanib, Xitoyning ba’zi mahsulotlarini qo’shni davlatlarga sotar edi.

“Ammo amaldagi Prezident Sadir Japarov bu loyiha haqida rahbarlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq gapirib kelmoqda, bu uning uchun eng muhim siyosiy proyektlardan biri”, - deydi Umarov.

Ukrainadagi urush ham Xitoyni va Markaziy Osiyo respublikalarini Yevropaga yangi tranzit yo’llarini izlashga undadi.

Texas universitetidan ekspert Edvard Lemon qayd etishicha, Markaziy Osiyo savdoni asosan Rossiya orqali amalga oshiradi. Xitoyning ham Yevropa bilan savdosining katta qismi “Kamar va yo’l” tashabbusi doirasida Rossiya orqali o’tadi.

“Uchala davlat ham o’zaro savdoni kengaytirish, Eron va Kaspiy dengizi orqali o’tuvchi O’rta koridor orqali boshqa yo’nalishlarni o’z ichiga oladigan muqobil yo’llarni qidirmoqda. Temiryo’l bu yo’nalishlarning bir qismi”, - deydi Lemon.

O’rta koridor deganda Yevropa, Turkiya, Kavkaz, Markaziy Osiyo va Xitoyni bog’laydigan savdo yo’llari nazarda tutiladi. Bu G’arbiy Xitoy va Yevropa o’rtasidagi eng qisqa yo’ldir.

Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temiryo’li Pekinning “Kamar va yo’l” tashabbusi doirasidagi bir qancha temiryo’l loyihalardan biridir. “Kamar va yo’l” infratuzilma tashabbusida 150 dan ortiq davlat va 32 xalqaro tashkilot qatnashib kelmoqda.

Rejaga ko’ra, Xitoy temiryo’lning Xitoy qismini quradi, O’zbekiston esa o’ziga tegishli qismini yangilashga e’tibor qaratadi. Uch davlat tomonidan tasdiqlangan “CKU Railway” qo’shma korxonasi temiryo’lning Qirg’iziston qismini moliyalashtirish va qurishda yordam beradi.

Xitoy, Qirg’iziston va O’zbekiston rahbarlari o’tgan oygi tadbirda loyiha istiqbolini yuqori baholagan. Jalolobodda loyiha tamaliga ilk toshni qo’yish marosimida Xitoy Prezidenti Si Zinpinning tabrik xati o’qib eshittirildi. Unga ko’ra, “Kamar va yo’l” doirasidagi hamkorlik mintaqada iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish va xalq farovonligini oshirishga hissa qo’shadi.

Marosimda ishtirok etgan Qirg’iziston rahbari Sadir Japarov loyihani mintaqalararo aloqalarni mustahkamlaydigan, Markaziy Osiyoning raqobatbardoshligini oshiradigan “strategik ko’prik” deb ta’rifladi.

Shavkat Mirziyoyevning murojaatini o’qib eshittirgan O’zbekiston bosh vaziri o’rinbosari Jamshid Xodjayevga ko’ra, yangi transport arteriyasi “ko’p qirrali hamkorlikni yanada kengaygirish va uch davlat o’rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi”.

“O’zbekiston Xitoy bilan savdoda vositachi sifatida Qozog’iston va Qirg’izistonga tayanib kelgan, ammo yangi temiryo’l bilan Xitoy bozoriga mahsulot eksport qilish ancha osonlashadi”, - deydi Temur Umarov.

Uning fikricha, temiryo’l loyihasi Pekinga savdo-iqtisod nuqtayi nazaridan Markaziy Osiyo bilan yaqinroq bog’lanish imkonini beradi, bu esa Xitoyning mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni chuqurlashtirish strategiyasining bir qismidir.

Ba’zi xitoylik tahlilchilarning aytishicha, yangi loyiha Osiyo va Yevropani bog’lashda ham hal qiluvchi rol o’ynashi mumkin. Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi ilmiy xodimi Chjan Xunga ko’ra, loyiha Osiyo va Yevropa o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun muhim imkoniyatdir, chunki Xitoydan Yevropa va Yaqin Sharqqa Xitoy-Yevropa yuk poyezdi orqali mahsulot tashish uchun eng qisqa yo’lni taklif qiladi.

Ekspertlar fikriga ko’ra, Xitoy temiryo’l loyihasidan “Kamar va yo’l”ni targ’ib qilish, unga ko’proq davlatlarni jalb qilishda ham foydalanishga harakat qiladi.

“Kamar va yo’l” doirasidagi loyihalar yaxshi natija ko’rsatmayapti, ba’zilari juda kechikyapti. Shunday ekan, temiryo’l loyihasi odamlarga “Kamar va yo’l”ning maqsadlari haqida eslatib turadi”, - deydi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Niva Yau.

Shunga qaramay, temiryo’l qurilishida hali ham ba’zi muammolar mavjud. “Ular tog’lar bo’ylab temiryo’l qurmoqda, bu esa tunnellarni burg’ulashni talab qiladi. Bunday texnologiya faqat Xitoyda bor”, - deydi Yau.

Umarovning aytishicha, loyiha Qirg’izistonni Xitoydan ortiqcha qarzdor qilib qo’yishi mumkin. Qirg’izistonning Pekin oldidagi qarzi uning yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismini tashkil etadi va Xitoy sarmoyasiga ko’proq tayanish uning iqtisodiyoti uchun muammolar yaratadi, deydi u.

Texas universitetidan ekspert Edvard Lemon qayd etishicha, Xitoy Markaziy Osiyoda bu loyiha orqali o’z nufuzini oshirar ekan, Rossiya o’zini chetda qolgandek his etishi mumkin.

“Markaziy Osiyoning savdo uchun tranzit mamlakat sifatida Rossiyaga qaramligi kalit omil bo’lib kelgan. Ammo Moskva pirovardida Ukrainadagi urush bilan band va mintaqada ittifoqchilarga juda muhtoj ekan, ko’p narsa qila olmaydi”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG