Qirgʻizistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan qotillik va hokimiyatni agʻdarishga urinish aybi qoʻyildi. Bu haqda Bishkekda 13-avgust kungi matbuot anjumanida e'lon qilindi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qirgʻiziston Bosh prokurori Oʻtkurbek Jamshitovning bildirishicha, sobiq prezidentga nisbatan qurol va oʻq-dorilarni noqonuniy ishlatib, ommaviy tartibsizliklarni uyushtirib, tergov harakatlariga toʻsqinlik qilish maqsadida olti nafar xodimni garovga olish, bir xodimni oʻldirib va yana oʻldirishga harakat qilish boʻyicha ayblar qoʻyilmoqda.
Milliy xavfsizlik boʻyicha davlat qoʻmitasi rahbari Oʻrozbek Opumbayev bayonotiga koʻra, Atambayev hokimiyatni agʻdarishni maqsad qilgan.
“Atambayevga qon toʻkish kerak boʻlgan. Buning ortidan u davlat toʻntarishini amalga oshirmoqchi boʻlgan. Men buni rasman bildiraman. U uyiga kelgan odamlarga 1000-3000 somdan berib turgan”, - deydi Opumbayev.
Ammo muxolifatdagi siyosatchi, sobiq deputat Ravshan Jeenbekov Atambayev hokimiyatni agʻdarmoqchi boʻlgan degan fikrga qoʻshilmaydi. Uning fikricha, bu ayblovlar real emas.
“Atambayev toʻntarish qilish uchun Atambayev va oʻn-oʻn besh siyosatchilar birlashib, masalan, 2010-yildagidek, 2005-yildagi kabi bari Oq uyga keladi. Atambayev esa oʻz uyida yotgan. Atambayevga maxsus xizmatlar qurol bilan bordi. Bu toʻntarish emas, aksincha Atambayev nima qilishini bilmay, oilasini, uyi, xususiy mulkini, yonidagi odamlarni himoya qilishga majbur boʻldi”, - deydi siyosatchi.
Ravshan Jeenbekov “Amerika ovozi” bilan suhbatda hozirgi hukumatni siyosiy tazyiqlarni toʻxtatish va voqeaga xolis baho berishga chaqirdi.
“Atambayev bahonasi bilan hukumatga yoqmagan odamlarni tazyiqqa olish harakati kuch olmoqda. Bu mamlakatni ham, hukumatni ham yaxshi tomonga olib bormaydi. Shuning uchun hukumat qilich bilan hammani chopishni, Atambayev bahona odamlarga tazyiq koʻrsatishni, barini qamaymiz degan siyosatni toʻxtatib, xolis, adolatli, qonuniy surishtiruvlarni oʻtkazishi kerak. Albatta, aybi aniq isbotlangan odamlar jazoga tortilishi kerak. Ammo aybi yoʻq, voqeaga aloqasi yoʻq, qonunni buzmagan odamlar boʻlsa ularni qoʻyib yuborishga, ularni qayta-qayta huquq tartibot organlariga chaqiravermaslikka, hozirgi taʼqibni toʻxtatishga harakat qilishi kerak”, - deydi Jeenbekov.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan Qirgʻiziston Ichki ishlar vaziri Qashqar Junushaliyev deydiki, 8-avgustda Atambayev qoʻlga olingandan keyin uning tarafdorlari Bishkekning markaziy maydonida tartibsizliklarni uyushtirishga harakat qilgan. Vazirning da’vo qilishicha, toʻplanganlar orasida giyohvandlar, sudlanganlar bo’lgan va buni uyushtirishga deputatlar ham hissa qo’shgan.
Bosh prokuror Jamshitovning maʼlum qilishicha, Prezident Sooronboy Jeenbekov Atambayevning uyini shturmga olishdan keyin qoʻzgʻalgan jinoyat ishlarini shaxsan o’z nazoratiga olgan. Shuningdek, bildiruvga koʻra, Atambayevning mulki hozir davlat iznida. Uni mulkining roʻyxati 120 obyektni tashkil qiladi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Atambayevning uyini shturmga olish vaqtida tarafdorlari qarshilik koʻrsatgani sabab 40 nafar kishi qoʻlga olingan. Ularning shaxsi aniqlangandan keyin huquq tartibot organi xodimlari 34 kishini qoʻyib yuborgan.
Atambayevning oʻgʻli Qadir Atambayev esa mahalliy jurnallardan biriga bergan intervyusida 7-8 avgust kunlari Qoʻytoshda boʻlgan voqealar “kuch ishlatar tizimlari tarafidan uyushtirilgan provakatsiya” deb aytgan.
Atambayev oʻtgan hafta uyida qurolli guruh tomonidan oʻtkazilgan reyd davomida qoʻlga olingan edi. Atambayev va tarafdorlari reydga qarshilik koʻrsatib, oʻrtada zoʻravon toʻqnashuvlar kelib chiqqan edi. Kamida bir kishi oʻlgan, oʻnlab odam yaralangan.
Uzoq yillar beqarorlikdan aziyat chekkan, bir necha inqilobni boshidan oʻtkazgan Qirgʻiziston yana siyosiy inqirozga yuz tutishi mumkinligi haqida xavotirlar bor. Atambayev 2011-2017 yillarda Qirgʻizistonni boshqargan. Keyingi saylovlarda u Jeenbekovni qoʻllab-quvvatlagan edi. Ammo keyinchalik, sobiq prezident va hozirgi prezidentning aloqalari buzildi.
Hukumat Atambayev “kriminal avtoritet” deya tanilgan Aziz Batukayevning qamoqdan noqonuniy bo’shatilish ishi bo’yicha so’roqqa uch marta kelmay qo’ygandan keyin uyini shturmga olishga qaror qilgan. Atambayev parlament uni daxlsizlikdan va sobiq prezident maqomidan mahrum qilgach so’roqqa chaqirila boshlagan.