AQSh Davlat departamenti har yili dunyo bo'ylab inson huquqlari ahvoli qanday ekani haqida mamlakatma-mamlakat tahlilnoma taqdim etadi. Faktlar jamlanmasi deya qaraladigan bu hujjat Vashington uchun tashqi siyosatda muhim qo'llanma va tavsiyanoma. Kongress, Oq uy, vazirliklar va agentliklar muayyan davlat bilan aloqa qilishda mana shu ma'lumotlarni hisobga oladi.
Davlat kotibi Entoni Blinken 2020-yildagi vaziyat hisobotini tanishtirar ekan, 200 davlatdagi huquq himoyachilari, jurnalistlar, diplomatlar va ekspertlarga rahmat aytdi.
"Prezident Bayden inson huquqlari targ'ibotini tashqi siyosatdagi prioritetlardan biriga aylantirdi. Huquqbuzarlarni jazolashdan toymaymiz", - deydi Blinken.
"Amerika xalqi nomidan biz demokratik qadriyatlarni yoyamiz, chunki tinch, erkin va farovon dunyoda yashashni xohlaymiz".
Har bir mintaqada bu borada chekinish kuzatiladi, deydi Blinken. Xitoyda uyg'urlarga nisbatan adolatsizliklardan tortib, Efiopiya va Suriya singari davlatlarda fuqarolar kundalik ravishda ezilayotganigacha, avtoritar hukumatlar barcha vositalarni bemalol ishga solib, hatto ilg'or texnologiyalardan foydalangan holda odamlarning haq-huquqini poymol qilmoqda.
Buni ham ko'ring Irqchilikka qarshi kurash Baydenning asosiy vazifalaridan biri bo'ladiDavlat kotibi bolalar, xotin-qizlar, ozchilik va fuqaro jamiyati tazyiq ostida yashayotgan jamiyatlarni tilga olib, Amerika ularga yordam berishga bel bog'lagan, deydi.
Koronavirus pandemiyasi davrida huquq bilan bog'liq ahvol og'irlashdi. Ayniqsa, deydi Blinken, kichik etnik guruhlar, gomoseksual insonlar va boshqa toifadagi jamoalar kuchliroq bosim ostida qoldi.
AQSh huquq hurmat qilinadigan tuzumlar bilan hamkorlik qiladi, deydi bosh diplomat. Fuqarolarini ezgan davlatlar ishonchli sherik emas.
"Biz har bir inson erkinligi va dunyo bo'ylab adolat tarafdorimiz va shu yo'lda harakat qilamiz", - deydi Blinken.
Uning tushuntirishicha, Amerikaning o'zida ham bu borada muammolar talay. AQSh hech kimga aql o'rgatmoqchi emas, ammo huquq uchun gapirishdan to'xtamaydi, o'z hududida va jahon bo'ylab.
"Demokratik jamiyat ekanmiz, muammolarimizni ochiq muhokama qilamiz, odil siyosat yuritishga harakat qilamiz va ijobiy o'zgarishlar qilamiz".
Buni ham ko'ring Nyu-Yorkda uyg'urlar va yahudiylar Xitoy siyosatiga qarshi namoyish qildi
Huquqbuzar hukumatlarga qarshi viza cheklovlari va iqtisodiy sanksiyalar qo'llaniladi. AQSh Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlarning rasmiylariga nisbatan shunday choralar ko'rib keladi.
BMT Inson huquqlari kengashida o'z rolini faollashtirar ekan, AQSh global sahnada ham erkinlik targ'ibotini jadallashtiradi.
Bayden ma'muriyati huquq uchun kurashib, o'z hukumatlari tomonidan tazyiqqa olingan insonlarni quvvatlaydi, deydi Blinken.
Xalqaro qonunlar va majburiyatlar, umumbashariy talablar va erkinliklarni himoya qilish Amerika kabi erksevar davlatlar zimmasida, deydi Blinken.
"Xitoy singari hukumatlarni tanqid qilganimizda ularga dushman bo'lmoqchi emasmiz, ammo biz qadrlagan huquqlar buzilayotganiga aslo ko'z yummaymiz. Masalan, uyg'urlarga nisbatan zo'ravonliklarga loqayd bo'la olmaymiz va shu kungacha ham choralar ko'rib kelayapmiz. Bu borada yakka harakat qilmaymiz, ittifoqchilar bilan birgamiz".