Afg’onistonni Qayta Qurish Bo’yicha Bosh Inspektor (SIGAR) agentligining dastlabki hisobotiga ko’ra, 2021-yilning avgustida afg’on xavfsizlik kuchlarining to’satdan qulashiga, asosan, AQShning o’z qo’shinlarini mamlakatdan tezlikda olib chiqqani sabab bo’lgan.
AQSh Kongressi tomonidan 2008-yilda yaratilgan bu agentlik missiyasi - Afg’onistondagi qayta qurish loyihalarini, mablag’ qanday sarflanishini kuzatish, audit va tekshiruvlar o’tkazish.
300 ming sonli Afg’oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari, 20 yil davomida AQShdan milliardlab dollar mablag’ va jihozlar olgan armiya, o'tgan yili Tolibonga deyarli hech qanday qarshilik ko’rsatmasdan barbod bo’ldi. 15-avgustga borib, butun mamlakat Tolibonga qo’liga o’tdi.
“Xulosa shuki, 2021-yilning avgustida Afg’oniston qurolli kuchlari barbod bo’lishining yagona eng muhim omili AQShning ikki prezidenti qabul qilgan qaror bo’lgan. Ya’ni afg’on armiyasi o’zini eplay olmaydigan bir mahalda, amerikalik harbiylarni va pudratchilarni mamlakatdan chiqarish qarori”, deyiladi hisobotda.
Sobiq prezident Donald Tramp 2020-yilning fevralida Tolibon bilan kelishuv imzolab, AQSh va ittifoqchi davlatlar harbiylarini Afg’onistondan olib chiqishini, eng uzoq urush tugatilishini e’lon qilgan. Jo Bayden Oq uyda kelganidan so’ng chiqish muddatini uch oyga uzaytirdi, ammo qarorni o’zgartirmadi.
Bu e’lonlar ketidan afg’on kuchlarini jang maydonida qo’llab-quvvatlash operatsiyalari keskin qisqardi, afg’on askarlarini havodan madad bilan ta’minlash to’xtadi. Bu qarorlar, deyiladi hisobotda, afg’on askarlarining jangovar ruhini tushirib yuborgan.
Bundan tashqari, kelishuv doirasida Tolibon harakatining 5000 a’zosi qamoqdan ozod etilgani toliblarni ruhlantirgan. Tramp ma’muriyati esa bu qarorni Tolibon bilan ishonchni mustahkamlash vositasi deb ta’riflagan edi.
Buni ham ko'ring AQSh hujjatlari: Afg'oniston urushi bo'yicha xalq aldangan
Pudratchilarga tayangan armiya
SIGAR hisoboti qisman AQSh va afg’on sobiq rasmiylari va harbiy yetakchilari bilan suhbatlarga asoslanadi.
“[Afg’onistonda] kontraktorlar yordamisiz faoliyat yurita olmaydigan armiya yaratdik. Kontraktorlar chiqib ketishi bilanoq hamma narsa qulay boshladi”, - deydi amerikalik sobiq qo’mondonlardan biri.
Sobiq afg’on generallarning aytishicha, 2021-yilning bahorida amerikalik pudratchilar va texnik yordam ko’rsatuvchi mutaxassislar Afg’onistonni tark etganidan keyin UH-60 “Blek Xouk” vertolyotlarining aksariyati uchmay qo’ygan.
“Bir necha oy ichida bu vertolyotlarning 60 foizi havoga ko’tarilmay qoldi. Afg’oniston va AQSh hukumatlarida ularni ta’mirlash rejasi ham yo’q edi”, - deydi afg’onistonlik generallardan biri.
Oqibatda alohida bazalarda joylashgan afg’on askarlari o’q-dorisiz qolgan, tibbiy evakuatsiya imkoniyati yo’qligi sababli ular halok bo’la boshlagan, deyiladi hujjatda. AQSh-Tolibon kelishuvi va missiya tugayotgani haqidagi bayonotlar afg’on armiyasi ruhiga zarba bo’lgani alohida qayd etiladi. Ba’zi afg’on armiyasi rasmiylarining ta’kidlashicha, armiya qulashiga ana shu kelishuv turtki bergan.
2019-yilda AQSh harbiylari jangarilarga qarshi 7423 marta havo hujumlarini amalga oshirgan, 2020-yilda esa 1631 marta. Afg’onistonda maxsus kuchlar sobiq qo’mondoni so’zlariga ko’ra, “to’satdan… AQSh havo hujumlarining 98 foizi to’xtadi”.
Afg’on harbiy yetakchilariga ko’ra, AQSh-Tolibon kelishuvining psixologik ta’siri shunchalik katta ediki, oddiy askar “faqat omon qolish haqida o’ylay boshladi, boshqa takliflarni qabul qilishga moyilligi oshdi”.
Buni ham ko'ring AQSh bosh inspektori: Afg'onistonda trillionlab dollar ko'kka sovurildi
Birdek aybdor
O'z navbatida, AQSh tomonidan qo’llab-quvvatlangan afg’on hukumatlari ham armiyaning uzoq muddatli muammolarini hal qilishga yetarli e’tibor qaratmagan, deyiladi hisobotda.
Past maoshlar, nuqsonli logistika sabab oziq-ovqat, suv va o’q-dori yetishmovchiligi, shuningdek, oziq-ovqat va yoqilg’i yetkazish shartnomalarini bajarishdagi korrupsion sxemalar muammolar qatorida sanab o’tiladi.
2021-yilning 14-aprelida Prezident Bayden qo’shin va pudratchi kompaniyalar chiqish ketishining yakuniy sanasini e’lon qilganidan keyingina Afg’oniston rahbariga yaqin doiralar armiyaning ta’minot va logistika salohiyati yo’qligini anglay boshlagan.
Afg’oniston Ichki ishlar vazirligi sobiq mulozimining intervyuda aytishicha, Prezident Ashraf G’ani va uning yordamchilari xorijiy kuchlar chiqishi haqidagi e’lonlarni “AQShning fitnasi” deya jiddiy qabul qilmagan, buni shunchaki bosim o’tkazish vositasi deb hisoblagan.
Afg’oniston armiyasi sobiq generali Sami Sadatga ko’ra, G’ani AQSh-Tolibon kelishuvidan so’ng vasvasaga tushib, AQSh harbiy to’ntarish orqali uni hokimiyatdan ag’darmoqchi bo’lganiga ishongan.
“U qo’mondonlarni tez-tez almashtirib turardi, o’ziga sodiq deb bilgan odamlarni tayinlar edi, AQSh treningidan o’tgan yosh ofitserlarga ishonmas edi”, - deydi Sadat.
“AQSh va Afg’oniston hukumatlari birdek aybdor. Ikkala tomonda ham muammolarni hal qilish uchun zarur bo’lgan qadamlarni tashlashga, jumladan, professional armiyani yaratish uchun vaqt va resurslarni ajratishga siyosiy iroda bo’lmagan”, deyiladi hujjatda.
Yakuniy SIGAR hisoboti shu yil oxirida ommaga havola etiladi.