Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Tolibonni o’smir qizlar uchun maktablarni zudlik bilan qayta ochishga chaqirib, ular ta’limdan chetlatilgan bir yillik davrni “fojiali va sharmandali” deb atadi.
O’tgan yili avgustda hokimiyatni qo’lga olgan toliblar 7-12 sinf o’quvchilariga uyda o’tirishni buyurgan.
“Qizlarning o’rta maktabdan chetlatilishiga hech qanday asos yo’q, bu dunyoning hech bir joyida uchramaydigan holat”, - deydi BMTning Afg’onistonga yordam missiyasi rahbari Markus Potsel.
Tolibon 2021-yil 18-sentabrda o’g’il bolalar uchun maktablarni qayta ochdi, ammo qizlarni sinfga qaytarish to’g’risidagi xalqaro da’vatlar e’tiborsiz qolmoqda. Afg’onistonning ayrim shaharlarida qizlar taqiqni qoralab, namoyishga chiqqan.
“Yo’qotilgan bilim va imkoniyatni qaytarib ololmaysiz. Qizlar ham maktabga borishi, Tolibon bunga ruxsat berishi kerak”, deya tvit qildi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Tolibon hukumati ayollarga jamoat joylarida yuzlarini yopishni, davlat sektorida ishlaydigan ko’plab ayollarga uyda qolishni buyurgan. Afg’on madaniyati va islomiy qonunlar shuni talab qiladi, deydi hukmdorlar.
Harakat so’zlovchisi Zabihulla Mujohidning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, qizlar ta’limi masalasi shariat qonunlari asosida hal qilinadi.
“Bu dunyo bilan bog’liq muammomi, yo’qmi, o’z xalqimiz ham bizdan shuni talab qiladi. Ijobiy yechim topishga harakat qilayapmiz. Bu Afg’oniston uchun ichki masala, o’z xalqimiz va mening farzandlarim bilan bog’liq masala. Chetdan aralashuvga hojat yo’q”, - deydi u.
BMT hisob-kitobiga ko’ra, maktablar yopilishi o’tgan bir yilda Afg’oniston bo’ylab bir milliondan ziyod qizlarni ta’limdan mahrum etgan.
“Qizlar ta’limiga taqiq saqlanib qolsa, afg’onlarning asosiy erkinliklariga qo’yilayotgan boshqa cheklovlar bilan birgalikda bunday choralar Afg’onistonda inqirozlarning chuqurlashishiga, qashshoqlik va izolyatsiya kuchayishiga olib keladi”, deyiladi missiya bayonotida.
Ayollar va qizlarning ishlash va ta’lim olishiga qo’yilgan to'siqlar, erkinliklar cheklanayotgani bois hozirgacha biror mamlakat Tolibon hukumatini tan olmagan.
Xalqaro sanksiyalar va xorijiy moliyaviy yordam to’xtatilgani Afg’oniston iqtisodiyotini jar yoqasiga olib kelgan. BMTning bildirishicha, mamlakat aholisining yarmidan ko’pi ocharchilikdan aziyat chekmoqda.