Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo’mart To’qayev Toshkentda o’zaro ittifoqchilik aloqalariga doir bitim imzoladi. Bu hujjat Markaziy Osiyo davlatlari o’zaro munosabatlarda yangi bosqichga chiqishayotganidan darak beradi.
Bitim imzolanishini tarixiy deb baholagan Prezident Mirziyoyev tomonlar o’rtasida o’zaro ishonch shakllanganini qayd etar ekan, xavotirli siyosiy vaziyatga ham ishora berdi.
“Bu bilan bir-birimizni faol qo‘llab-quvvatlashga, zamon xatarlari oldida yelkama-yelka qat’iy turishga tayyorligimizni tasdiqladik”, - dedi Mirziyoyev.
Buni ham ko'ring Rossiya-Qozog’iston-O’zbekiston ittifoqi tuziladimi?Qozog’iston rahbari ham ittifoq haqidagi bitimni ikki xalq aloqalarida “oltin harflar bilan qayd etiluvchi tarixiy voqea” deb hisoblaydi.
“O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalariga doir bitim ikki xalqning hamkorlikdagi o’zaro istiqbolini, tub manfaatlarini ifodalaydi”, - degan To’qayev.
Ittifoqchilik aloqalari mintaqa uchun yangilik emas. O’zbekiston ham, Qozog’iston ham boshqa davlatlar bilan xuddi shunday aloqalar, majburiyatlarga ega. Ittifoqchilik bitimi bir qadar jarangli tuyulsa-da, tomonlarni ziddiyatlardan istisno etmaydi.
Qozog’iston Qirg’iziston bilan 2006-yilda ittifoqchilik aloqalariga doir bitim imzolagan, ammo bu ittifoq ikki davlat o’rtasida kuzatilgan siyosiy ziddiyatlarga to’sqinlik qilmadi.
O’zbekiston Qozog’istondan tashqari Rossiya bilan ham ittifoqchilik bitimi imzolagan. O’z navbatida Qozog’iston Rossiya yetakchiligidagi ittifoqlarning doimiy, to’laqonli a’zosi hisoblanadi. O’zbekiston va Qozog’iston rahbariyati tomonlarning ittifoqqa kirishish ehtiyojini qo’shnichilik, tarixiy qardoshlik bilan izohlashdi.
Ekspertlar Toshkent-Ostona ittifoqi so’nggi geosiyosiy taranglikdan turtki olayotgani, ittifoq istiqboli siyosiy bosimlarga dosh berishni taqozo qilishini ta’kidlashyapti.
Londondagi Markaziy Osiyo instituti tahlilchisi Alisher Ilhomovga ko’ra, ittifoqchilik bitimi tafsilotlari hozircha mavhum. Agar bitim faqat iqtisodiy aloqalarga tayanayotgan bo’lsa, istiqboli mavhum.
Rossiyadan boshqa hech kim hozircha Markaziy Osiyoga yaqqol xavf solayotgani yo’q. Aynan shu taranglik ikki davlatni ittifoqqa birlashishga undamoqda.
“Ittifoqchilik haqidagi bitim imzolanishidan avval harbiy sohadagi hamkorlikni, xususan, tomonlardan biri agressiyaga uchragan taqdirda ikkinchi tomon harbiy yordam ko’rsatishini nazarda tutardi. Agar bitim shu ko’rinishda imzolangan bo’lsa, demak tomonlar ittifoqqa jiddiy tayyor. Chunki hozir asosiy xavf Rossiya tomonidan kutilyapti, Qozog’iston shimoliga hujum bo’lishi ehtimoli yuqori. Buni Qozog’iston ham, O’zbekiston ham, Rossiya ham yaxshi biladi. Toshkentdagi uchrashuvda umumiy gaplardan boshqa hech narsa deyilmadi, asosiy diqqat iqtisodiy aloqalarga, loyihalarga qaratildi. Tomonlar o’rtasidagi siyosiy hamkorlik qanday bo’ladi, noma’lum. To’qayevning O’zbekistonga tashrifidan avval Rossiya ishtirokidagi uch tomonlama ittifoq haqida gaplar chiqqan edi. To’qayev bunga rozilik ham bergandek bo’ldi, ammo O’zbekiston tomoni buni rad etishi ortidan uch tomonlama ittifoq g’oyasi muhokamadan tushdi. Ikki tomonlama ittifoq aynan tashqi xavf, bosimga javoban shakllantirilmoqda. Tomonlar bu bosimga dosh bera oladimi, yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi”, - deydi Ilhomov.
Prezident To’qayevning O’zbekistonga davlat tashrifi davomida, shuningdek, davlat chegaralari demarkatsiyasiga doir kelishuv, 8 milliard dollar qiymatidagi turli iqtisodiy shartnomalar imzolandi.
O’zbekiston matbuotiga ko’ra, bu tashrif, imzolangan hujjatlar, muzokaralar, natijalar, ayniqsa ittifoqchilikka kirishilishi ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqan, mintaqada umumiy hamkorlik, Markaziy Osiyo integratsiyasiga ham jiddiy turtki beradi.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlar O’zbekiston-Qozog’iston ittifoqi istiqbolini baholashda bir qadat ehtiyot munosabatda. Alisher Ilohomov bu ittifoq Moskva bosimidan o’tishi lozimligiga diqqat qaratadi.
“Rossiyadan boshqa hech kim hozircha Markaziy Osiyoga yaqqol xavf solayotgani yo’q. Aynan shu taranglik ikki davlatni ittifoqqa birlashishga undamoqda. Rossiya Markaziy Osiyo uning manfaatlari doirasiga kirishi haqidagi iddaodan voz kechish niyatida emas. Tabiiyki, Moskva bosimi ham shunga muvofiq kuchayadi. O’zbekiston-Qozog’iston ittifoqi kelajagi har ikki davlatning shu bosimdan o’tishiga bog’liq. Agar ular siyosiy, harbiy hamkorlikni yig’ishtirib, iqtisodiy hamkorlik bilan cheklanishsa, Markaziy Osiyo ustidan siyosiy ustuvorlik Rossiya ixtiyorida qolaveradi”, - deydi Ilhomov.