AQSh: Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol-aslaha berayapti

  • Amerika Ovozi

Kim Chen Un Rossiya delegatsiyasiga qurollarni ko'rsatmoqda, Pxenyan, 26-iyul, 2023.

Oq uy Shimoliy Koreyadagi ombordan Rossiya bayrog'i ostidagi kemaga o'q-dori ortilayotganiga oid suratlarni taqdim etdi. Suratlar sun’iy yo‘ldoshdan olingan.

Qurollar temir yo'l orqali Rossiyaning janubi-g'arbiy chegarasi tomon yo’l olgan, 7-sentabr va 1-oktabr oralig’ida Rossiyaga yetkazilgan, deya bildirmoqda AQSh razvedkasi.

“Shimoliy Koreya Rossiyani Ukraina shaharlariga hujum qilish, tinch aholini o‘ldirish va noqonuniy urushni davom ettirish uchun foydalaniladigan ushbu harbiy texnika bilan ta’minlaganini qoralaymiz”, - dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko’ra, G’arbning da’vosi dalillarga asoslanmagan.

Jon Kirbining ma’lum qilishicha, so‘nggi haftalarda Shimoliy Koreya Rossiyaga 1000 konteyner harbiy texnika va o‘q-dori bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning evaziga Kim Chen Un Rossiyaning ilg‘or qurol texnologiyalarini qo’lga kiritmoqchi.

Shimoliy Koreya Rossiyaga qanday yo'llar bilan qurol yetkazayotganini ko'rsatuvchi diagramma

Vashingtonga ko’ra, Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi kengayib borayotgan harbiy hamkorlik, jumladan, Rossiyadan Pxenyanga texnologiya uzatilishi mintaqaviy barqarorlikka putur yetkazadi, yadroviy qurollarni tarqatmaslik kelishuviga tahdid soladi.

Vashington Rossiya va Shimoliy Koreya o'rtasidagi qurol-yarog' bitimlarini amalga oshirishga xizmat qilayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga sanksiya joriy etishini bildirdi.

“Shimoliy Koreya Rossiyaning jangovar mashinasiga yashirincha yordam berishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Buning evaziga Rossiya ham Shimoliy Koreyaga yordam berishi mumkinligini dunyo hamjamiyati anglashi kerak”, — dedi Kirbi.

Shimoliy Koreya, o’z navbatida, AQSh samolyot tashuvchi jangovar guruhining Janubiy Koreyaga kelishini tanqid qilib, buni "yashirin harbiy provokatsiya" deb atadi. Pxenyanga ko’ra, bu - AQSh hujum rejalashtirayotganining isboti.

Shimoliy Koreya yadroviy doktrinasi asosida AQShga javob berishini ma’lum qildi. Doktrina yadroviy quroldan foydalanishga ruxsat beradi.

AQShga ko’ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga avvalroq ham o‘q-dori, artilleriya snaryadlari va raketalar yetkazib bergan. Pxenyan buni inkor etadi.

Qora dengiz – strategik ahamiyatga ega hudud

Britaniya razvedkasiga ko’ra, Moskvaning Qora dengizda Ukraina bilan bogʻliq har qanday savdoni toʻsib qoʻyishi avvalo Rossiyaning o’z manfaatlariga mos kelmaydi.

Rossiyaning blokadadan ko’radigan nafi u qadar katta emas, lekin harbiy yoʻqotishlari va savdo kemalariga hujumining “ogʻir siyosiy oqibatlari” ulkan, deyiladi razvedka bayonotida.

Avvalroq Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy va Niderlandiya Bosh vaziri Mark Rutte Qora dengizdagi Odessa portiga tashrif buyurib, Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish va don eksporti uchun mo’ljallangan “gumanitar yo‘lak”da xavfsizlikni oshirishga kelishib olgan edi.

Zelenskiyning aytishicha, Kiyev g’alla eksportini davom ettirish uchun Qora dengizda oʻz pozitsiyasini mustahkamlash ustida ishlamoqda. Zero, eksport Ukraina uchun muhim daromad manbai.

Odessa viloyati Rossiyaning raketa va dron hujumlari nishoniga aylangan.
Kiyevga ko’ra, Moskva yozda Ukraina g‘allasini xavfsiz eksport qilish bo‘yicha kelishuvdan chiqqanidan beri Rossiya oltita fuqarolik kemasi, 150 ta port va g’alla omborlariga hujum qilgan, 300 ming tonnadan ortiq donni yo‘q qilgan.

Ukraina Qora dengizdagi yangi gumanitar yo'lakdan foydalanmoqda. Allaqachon 21 ta kemaga bug’doy ortilgan, Ukraina portlariga jami 25 ta kema kirgan, deyiladi Kiyev bayonotida.

Mark Ruttening bildirishicha, Niderlandiya Ukrainaga qishda Rossiya havo hujumlaridan o'zini himoya qilish uchun qo'shimcha “Patriot” havo mudofaa tizimlarini, shuningdek, yuk tashish yo'lini xavfsiz saqlash maqsadida patrul qayiqlarini yetkazib beradi.

Himoya va moliya

Oktabr oxirida Yevropa Ittifoqi rahbarlari yig’iladi. Yig’ilish kun tartibidagi masalalaridan biri - Rossiyaning sanksiyaga tushib, muzlatib qo'yilgan aktivlarini Ukrainaga yordam berish uchun yo’naltirish.

AQSh va Britaniya bu aktivlardan tushgan daromadni soliqqa tortish va uni Ukraina ehtiyojlari uchun sarflash rejasini qo’llab-quvvatlaydi.

"Katta Yettilik" guruhiga ko’ra, Rossiyaning 280 milliard dollarlik ana shunday aktivlari muzlatilgan. Ular bu mablag’ni Ukraina uchun sarflashning qonuniy yo'llarini topish ustida ishlayotganini bildirgan.

Muzlatilgan pullarning katta qismi Belgiya banklarida. Belgiya bosh vaziri matbuot kotibi bergan ma’lumotlarga ko’ra, aktivlardan taxminan 2,4 milliard dollar soliq undiriladi va bu mablag’ Ukrainani qayta qurish ishlariga sarflanadi. Ta’kidlab o’tish zarurki, Belgiya "Katta Yettilik" guruhining a'zosi emas.

Britaniya kelasi yil Yevropa shimolidagi muhim infratuzilmalarni himoya qilish uchun 20 ming askar joylashtirishini ma’lum qilgan.

Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak yaqinda Shvetsiyada Yevropaning bir qancha davlatlari yetakchilari bilan mudofaa sohasidagi hamkorlik (Birlashgan Ekspeditsiya Kuchlari) yuzasidan o'z hamkasblari bilan uchrashdi. Undan sal avvalroq Finlyandiya ko'rfazidagi quvur liniyasi va ma'lumotlar kabeliga "tashqi ta’sir" natijasida zarar yetgandi. Bu mintaqada xavfsizlikka oid xavotirlarni uygʻotdi.

“Yana bir bor guvoh bo’ldikki, xavfsizlikni ta’minlash oson emas. Qabih niyatlilarga qarshi turish uchun birlashishimiz lozim”, - dedi Sunak sammitda.