Isroil XAMASni yo'q qilmaguncha urushni to'xtatmoqchi emas. Yakson qilgan taqdirda, ya'ni G'azo sektorida bu guruh hukmronligiga nuqta qo'ysa, hudud kimning boshqaruvida bo'ladi? Falastin, arab davlatlari, Isroil va AQSh bu borada yakdil emas.
Vashingtonga ko'rs, G'azo hozirgacha G'arbiy sohilni yuritib kelgan Falastin boshqaruviga o'tishi kerak. Xavfsizlikni ta'minlashda esa arab hukumatlarini ham o'z ichiga olgan xalqaro koalitsiya yordamlashishi zarur.
Arab liderlarga ko'ra esa Isroil G'azoga hujumlarni to'xtatishi shart. Xavfsizlik borasida ular hali aniq munosabat bildirmagan.
XAMAS G'azoda 2005-yildan beri hukmron. Isroil uni yo'q qilib, barqarorlik uchun hozircha o'zi javob bermoqchi.
AQSh rahbari Jo Bayden fikricha Falastinga tegishli hududlar hozirgi Falastin boshqaruvi zimmasiga topshirilib, bu xalq o'zining mustaqil tuzumini shakllantirishi lozim.
“G'azo va G'arbiy sohil birlashib, bir davlatga aylanish tomon qadam tashlasin. Biz hammamiz buning uchun ko'maklashamiz", - deydi Bayden, Isroil va Falastin degan yonma-yon mamlakatlar bo'lishini tasavvur qilar ekan.
Buni ham ko'ring Bayden: XAMAS salohiyatidan ayrilsagina, Ga'zoda urush tugaydiBayden xalqaro hamjamiyatni G'azoni qayta qurish, uning tinchligi uchun hissa qo'shishga chaqirmoqda.
Uning so'zlariga ko'ra, donorlar va yetakchi davlatlar uzoq muddatni ko'zlab mablag' ajratishi kerak bo'ladi.
BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a'zolari bilan maslahatlashayotgan arab va musulmon davlatlar delegatsiyalari "XAMASdan keyingi kelajak" haqida muayyan pozitsiyada emas.
Ular Falastin mustaqil bo'lishi kerakligi xususida AQSh bilan hamfikr, ammo G'azoda muvaqqat boshqaruv, qo'shma xavfsizlik kuchlari va uzoq muddatli madad borasida har xil qarashda.
Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Ayman Safadiy deydiki, u bilgan arab dunyosida hech bir davlat G'azoga qo'shin yuborishni istamaydi.
"Hech birimiz u yerda dushman sifatida ko'rinishni xohlamaymiz. Hech birimiz u yerga qurolli kuch kiritmaymiz", - deydi Safadiy.
"G'azodan bu agressiya ketidan nima qoladi? Biz buni bilmas ekanmiz, kelajak haqida nima deyish mumkin?"
Isroil bu boradagi siyosati urush boshlanganidan keyingina shakllanganini tan oladi, ya'ni G'azoga kirar ekan, boshqaruv kimga o'tishi kerakligi haqida bir qarorda bo'lmagan.
Bosh vazir Benyamin Netanyaxu deydiki, "bu masala baribir Isroil bo'ynida. Vaqtincha hammasi uchun biz javob beramiz".
Londondan tahlilchi Ilhom Fahro deydiki, arab va musulmon davlatlar AQSh Isroilga yetarlicha bosim o'tkazib, undan Falastin xalqini hurmat qilishni talab etishiga ishonmaydi.
"Ular nazarida urushni to'xtatib, ikki davlat masalasini jiddiy muhokama qilishni boshlash murakkab ko'rinmoqda", - deydi ekspert.
“Arab davlatlar AQSh va Yevropa Ittifoqi irodasidan shubhalanadi va Isroilga monelik qilinmaydi, degan xavotirda".
Shu bois ham, deydi Fahro, musulmon davlatlarning diplomatlari Xitoy bilan yaqindan til topishib, uning madadiga tayanmoqchi. Shu yo'l bilan ular Amerika va Yevropa Ittifoqiga ta'sir o'tkazmoqchi, balki Vashington va Bryussel pozitsiyalari o'zgarar degan umidda.
Buni ham ko'ring Baydenga ishonch 40 foizda; Oq uy nazarida Xitoy diplomatiyasi tishsizG'azodagi gumanitar vaziyat avvalo arab davlatlarini xavotirga solishi kerak, deydi Faxro, ammo ularning ayni damdagi asosiy e'tibori bu mojaroning kengaymasligini ta'mnlashda, toki urush yoyilmasin.
Yaqin Sharq bo'yicha yetakchi mutaxassis Joshua Landis yana bir omilni eslatadi: arab davlatlarining aksariyati Falastin boshqaruviga ishonmaydi, uni tarqoq va zaif deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u bilan hamkorlik cheklangan va bu boshqaruv G'azoni eplay olishiga ularning ko'zi yetmaydi.
Falastin rahbariyati XAMASning bu urushdan tirik chiqa olgan liderlarini o'z safiga olishi mumkinligini bildirgan.
Falastin boshqaruvi yangilansa, arab hukumatlar ularga shunga yarasha muomala qiladi, deydi ekspert. Hozir esa har bir davlat turli ehtimollar yuzasidan chuqur o'ylab olishi lozim.
“Ular 1948-yilgi chegaralarga qaytilsin, deb talab qilmoqda. Falastin ahli suverenitet va mustaqillik tomon yo'nalsin, deyishyapti. Isroilning ayni damdagi rahbariyati bunga yo'l qo'ymoqchi emas. Bu jumboqdan qanday chiqasiz? Boshi berk ko'cha".