O'zbekiston elchisi: AQSh bilan har qanday masala bemalol muhokamada

Furqat Sidiqov O'zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchisi sifatida ish boshlaganiga bir yildan oshdi

Amerika poytaxtida Markaziy Osiyo bilan bog'liq masalalar muntazam ravishda muhokama qilinadigan aql markazlaridan birida kechgan muloqotda, O'zbekiston elchisi Furqat Sidiqov ikki davlat orasidagi bugungi aloqalarni bag'oyat mustahkam va umidbaxsh ruhda, deya tasvirladi.

Buni ham ko'ring AQSh Kongressi a'zolari O'zbekiston va Qozog'istonda bo'ldi

Sidiqov AQShga elchi bo'lib kelganiga bir yildan oshdi. Undan oldin Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari, shuningdek, O'zbekistonning Pokistondagi elchisi bo'lgan. Diplomat Vashingtondagi elchixonada ikki bor xizmat qilgan, elchi o'rinbosari va attashe sifatida. Bu 10 yillik tajribaga tayanib ham u o'zini bu yerda begona hisoblamaydi.

Kaspiy siyosat markazidagi savol-javob asosan siyosiy va iqtisodiy aloqalarga qaratildi. Oq uy sobiq rasmiysi, uzoq yillar mintaqa hukumatlari bilan ishlagan Erik Rudenshiold muloqotni olib borar ekan, urg'uni O'zbekistonning prioritetlariga berdi, xususan Toshkentning AQSh Kongressi bilan aloqalariga. Bundan maqsad nima?

"Ikki davlatni yaqinlashtirish uchun qonunchilik organlari bir-biri bilan yaqindan tanishishi, rahbariyatimiz Kongress a'zolari bilan sermahsul rishtalarni yo'lga qo'yishi muhim", - deydi Sidiqov.

O'tmishda aloqalar sovuqlashgan davrlarni yaxshi eslaydigan elchi O'zbekiston va Amerika orasidagi hozirgi siyosiy dialog misli ko'rilmagan darajada jadal va samimiy, deydi. Inson huquqlaridan tortib kontrterrorizm, mintaqaviy masalalardan tortib madaniy-ilmiy sohalargacha.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-O'zbekiston: Biznes, xavfsizlik, migrantlar

Kaspiy siyosat markazi, Vashington, 3-aprel, 2024

Buni ham ko'ring Jekson-Vanik qonuni Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?

Mirziyoyev ma'muriyati Kongressdan Jekson-Vanik qonunining respublikaga nisbatan bekor qilinishini so'rab keladi. Senat va Vakillar palatasining qator a'zolariga ko'ra ham buning vaqti kelgan, ammo tashabbus hozirgacha ovozga qo'yilmagan.

AQShda 1974-yilda qabul qilingan savdo qonuni, demokrat senator Genri Jekson va demokrat kongressmen Charlz Vanik nomi qo'yilgan hujjat, erkin bozor iqtisodiyotiga asoslanmagan davlatlar bilan tijoratni cheklaydi. Hamkorlik xohlagan tomon huquqbuzar bo'lsa, iqtisodiy va shaxsiy erkinliklarni toptasa, AQSh u davlat bilan biznes qilmasligi kerak.

Kongress bu qonunni kommunist SSSRni jazolash uchun ishlab chiqqan, xususan yahudiylarni kamsitganlikda ayblab.

"Uning bizga, hozirgi O'zbekistonga aloqasi yo'q. Shu bois ham o'rinsiz", - deydi Sidiqov.

Sovet tuzumi parchalanib ketgach bu hujjat uning o'rnida paydo bo'lgan mustaqil davlatlarga nisbatan kuchda qolavergan. Qator respublikalar chiqarilgan, ammo O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston va Tojikiston hamon uning ro'yxatida.

Jekson-Vanik bu respublikalarga nisbatan amalda qolsin, deb undayotgan inson huquqlari tashkilotlari tahlilicha, bu tuzumlarda erkinlik haliyam keng miqyosda toptaladi, qonun ustuvor emas.

Shartlar qo'yib, hamkorlikni cheklamasa, deydi faollar, AQSh ularning zulmiga sherik.

Sidiqov deydiki, Toshkent va Vashington bugun har qanday masalani bemalol muhokama qila oladi, orada gaplashilmaydigan mavzu yo'q.

"Biz muammolarni hal etish, o'zgarish va islohotlar yo'lidan borayapmiz. Maqsadimiz - taraqqiy etish, oldinga siljish", - deydi elchi.

Jekson-Vanik qonuniga qaramasdan oradagi biznes rishtalar o'smoqda, savdo ko'lami oshgan. Uning eng yirik qismlaridan biri - axborot texnologiyasi sohasida. Amerika bizneslari O'zbekiston bu borada taklif qilayotgan xizmatlarga tayanmoqda. IT parklar tizimi, uning aytishicha, jarayonda ulkan hissa qo'shmoqda.

Buni ham ko'ring Bugungi Markaziy Osiyo: AQSh, Ukraina, G'azo, terrorizm, fuqaro jamiyati

O'zbekiston regional iqtisodiy hamkorlik kengayishi uchun jonbozlik ko'rsatar ekan, deydi diplomat, Vashington bilan hamjihat. AQSh va Markaziy Osiyo orasidagi C5+1 dialogi endilikda B5+1, ya'ni biznes shaklda ham olib borilmoqda.

"Bu formatdan biz mamnunmiz va unga mintaqani birlashtiruvchi davra deb qaraymiz", - deydi Sidiqov.

AQSh Davlat departamenti va Oq uy uchun C5+1 Markaziy Osiyo bilan o'tgan o'nyillikda erishilgan eng yirik yutuqlardan biri. Mintaqaviy integratsiyaga va Janubiy Osiyo bilan tijoratni oshirishga undashni Amerika 2000-yillarda Jorj Bush prezidentligi paytida boshlagan.

Barak Obama va Donald Tramp prezidentlik yillarida ham bu boradagi tashabbuslar susaymadi, yangicha ko'rinishlarga kirdi va hozirgi o'zaro tushuncha, deydi Vashington rasmiylari, samimiy va ishonchli nuqtada.

G'arb Markaziy Osiyo Ukrainada agressorlik qilayotgan Rossiyani chetlab o'tuvchi savdo yo'llari va transport tizimlariga ega bo'lishini istaydi. AQSh hukumati bevosita sarmoya kiritmasa-da, deydi rasmiylar, xalqaro moliyaviy institutlar orqali bunday taraqqiyotni ta'minlash uchun siyosiy va texnik yordamni ayamaydi.

Bu muqobil yo'nalishlarni shakllantirish va regional birdamlik asosan Qozog'iston va O'zbekiston qo'lida ekani, qolgan davlatlar ularga ergashishi Vashingtonda bot-bot qayd etiladi.

Elchi Sidiqovning tushuntirishicha, O'zbekiston avvalo qo'shnilar bilan har tomonlama bog'lanishni ko'zlab qadam tashlar ekan, Mirziyoyev ma'muriyati mintaqaviy jarayonlarga shubhasiz bosh-qosh.

Kaspiy siyosat markazi, Vashington, 3-aprel, 2024

Buni ham ko'ring AQSh Trans-Kaspiy forumida Markaziy Osiyoni hamkorlik va demokratiyaga undadi

O'zbekiston va AQSh xavfsizlik sohasida va Afg'oniston bo'yicha hozir qanchalik hamkor?

"Amerika Ovozi" bergan bu savolga Sidiqov bu jihatdan ikki davlat har doim kuchli aloqaga ega bo'lgan, bugun ham shunday va kelajakda ham susaymaydi, deya javob qiladi.

Mintaqaviy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, kiber xavfsizlik va barqarorlikni asrab-avaylash uchun qanday sheriklik zarur bo'lsa, AQSh va O'zbekiston til topishadi, deydi elchi.

"Kontrterrorizm bo'yicha birga ishlash, radikalizmni birgalikda bartaraf etish, ayniqsa yaqinda Rossiyadagi dahshatli voqealar ketidan yanayam dolzarb", - deydi Sidiqov.

Diplomat Afg'oniston yuzasidan hamkorlik uzoq tarixga ega ekani, Toshkent va Vashington bu davlat bilan bog'liq masalalarda bir-birini chuqur anglashini aytadi.

Farqli jihati shuki, Toshkent Afg'onistonning tan olinmagan rahbarlari Tolibon bilan muloqotda, Vashington esa yo'q.

"Biz Afg'oniston tinch bo'lishini xohlaysiz. U yerda gumanitar inqirozga guvoh bo'lishni xohlamaymiz", - deydi O'zbekiston elchisi.

Buni ham ko'ring O'zbekistonning AQShdagi yangi elchisi: Strategik sheriklik va vatandoshlar

AQShga kirishga intilayotgan o'zbekistonlik migrantlar masalasida Toshkent va Vashington qanchalik ishlayapti?

"Amerika Ovozi"ning bu savoliga elchi "endilikda Amerikaning tegishli idoralari bilan qo'shma ishchi guruh tuzilgan", deya javob qiladi.

"Avvalo, o'zbekistonliklar AQShga ishlash uchun qonuniy kela olishi yo'lida imkoniyatlar kengayishini istaymiz, qanchalik murakkab bo'lmasin", - deydi Sidiqov.

Noqonuniy immigratsiya orqali pul qilayotgan jinoiy guruhlar bor, deydi diplomat, ularga qarshi kurash kuchaygan, qo'lga tushganlar O'zbekistonda javobgarlikka tutilmoqda. Toshkent va Vashington bu yo'nalishda ham hamkor.

AQShga noqonuniy kirish oqibatlari va bunday migratsiyaning azobi xususida targ'ibot olib borilmoqda, deydi elchi.

O'tgan oylarda AQSh-Meksika chegarasida migrantlar oqimi, umuman olganda, kamaygani kuzatiladi, ammo minglab xorijliklar, jumladan o'zbekistonliklar bu davlatdan boshpana so'rashda davom etmoqda.