Rossiyalik muxolifatchilar Ukrainani quvvatlash yo'llarini muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

Quvg’indagi muxolifatchilardan iborat Rossiya Xalq deputatlari qurultoyining yettinchi sessiyasi ishtirokchilari Varshavada yig‘ilib, Rossiyaning deyarli uch yildan beri davom etayotgan Ukrainadagi urushi oqibatlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

“Yevropa Hamjihatligi” fraksiyasidan Ukraina Oliy Radasi deputati Aleksey Goncharenko masofaviy tarzda so‘zga chiqib, Rossiyada uni birinchi sessiyada qilgan nutqi uchun sirtdan 10 yil qamoq jazosiga hukm qilishganini aytib o’tdi. Bu ishtirokim uchun ustiga yana qo’shib berishadi, deya hazillashdi u.

“Harakat qilishimiz kerak. Qurultoylar va forumlar vaqti o‘tdi, qarshilik ko‘rsatish vaqti keldi. Kuch — bu dunyoda hurmat qilinadigan va ahamiyatga ega bo‘lgan yagona narsa”, — deydi Goncharenko.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda, deydi u, ustunlik hozir aggressor tomonida, bu ustunlik rus armiyasining son jihatidan ko‘pligida namoyon bo‘lmoqda.

Qrim-tatar Milliy majlisi raisi, Ukraina sobiq deputati Refat Chubarovning aytishicha, 10 yil ichida yarim orolga qariyb bir million Rossiya fuqarosi kelib joylashgan.

“Ukraina qonunlari nuqtai nazaridan, bu odamlarning barchasi Qrimda noqonuniy ravishda yashamoqda va ular chiqarib yuborilishi kerak. Biz bu odamlarning Rossiya hududiga qaytishini ta'minlash uchun barcha choralarni ko‘ramiz”, — dedi u.

Buni ham ko'ring Ozodlikka chiqqan rus muxolifati yetakchilari birlashadimi?

"Urush Ukraina g‘alabasi bilan yakunlanishi kerak, biz uchun boshqa yo‘l yo‘q. Har qanday yon berish oxir-oqibat Ukraina davlati, ukrainlar va qrim-tatarlar yo‘q qilinishiga olib keladi”, - davom etdi u.

Chubarov fikricha, bu masalada hech qanday yarmi-yorti choralarga o‘rin yo‘q, balki Rossiya fuqarolari tomonidan reparatsiyalar to‘lanishi va barcha harbiy jinoyatchilarni majburiy jinoiy javobgarlikka tortish tashkil etilishi kerak.

Xalqaro hamjamiyat, deydi u, Ukrainaning bosib olingan hududlarida noqonuniy joylashib olgan rossiyaliklarni o‘z vataniga qaytarish masalasini hal qilishga e’tibor qaratishi lozim. Ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish juda ko‘p vaqt talab qilishi sababli, axloqiy qoralash va deportatsiya bilan cheklanish mumkin.

Sanksiyalar kutilgan natijani bermadi

Oppozitsion siyosatchi, sovet va Rossiya maxsus xizmatlarida ishlagan Gennadiy Gudkov qurultoy ishida onlayn formatda ishtirok etdi. Sobiq deputat o‘z nutqida Rossiya siyosiy muhojirlari nafaqat Putinni, balki u boshlagan urushni ham yomon ko‘rishini ta’kidladi.

"Putin Kremlni tark etmaguncha dunyoda hech qanday barqarorlik bo‘lmaydi va hatto Ukrainaning harbiy g‘alabasi ham Putin rejimining qulashini anglatmaydi”, — dedi u.

“Amerika Ovozi”ning ruz xizmati bilan suhbatda Gudkov Kreml propagandasini rad etadigan kontrpropagandaning muhimligini ta’kidlab o’tdi. Uning so’zlariga ko’ra, qarshi propagandani faqat muhojiroydagi blogerlar “YouTube” kanallarida yoki Rossiyadagi oppozitsioner blogerlar VPN orqali qilmoqda.

“Boshqa auditoriya esa tashqarida qolmoqda. Shuning uchun Putin propagandasiga qarshi targ‘ibotni amaldagi armiyaning xandaqlariga, bosib olingan hududlarda yashovchi odamlarga va Rossiya ichidagi aholiga yetkazish usullarini o‘ylab topish zarur”, — dedi Gudkov.

Uning qayd etishicha, Ukrainaning qarshi targ‘iboti, jumladan, Rossiya armiyasining bosib olingan hududlarda sodir etgan jinoyatlari haqidagi ma’lumotlar Rossiya ommasi tomonidan qabul qilinmayapti.

Gudkov fikricha, yana bir muammo G‘arbda Putin targ‘ibotiga qarshi kurasha oladigan rus tilidagi ommaviy axborot vositalarining deyarli yo‘qligidir.

“Shu sababli eski Rossiya muhojirlarining yaxshi qismi “vatnik” (vatnik - Rossiya davlat siyosati va Putin rejimini hech qanday tanqidsiz qo‘llab-quvvatlaydigan, davlat targ‘ibotiga qattiq bog‘langan odamlarga nisbatan istehzoli tarzda ishlatiladi – tahr.) bo‘lib qolgan. Masalan, Fransiyada yangi muhojirlik to‘lqini tufayli rus tilli diasporadagi Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydigan va Putinni qo‘llab-quvvatlamaydigan odamlar soni nisbati 68% ga 32% ni tashkil etadi. Va bu eng demokratik mamlakatlardan birida”, - deb ta’kidladi Gudkov.

Kreml odamlarni qurbon qilishni o‘ziga ep ko‘rishi mumkin, ammo Ukraina bunday imkoniyatga ega emas. Agar Ukraina hukumati xohlaganida edi, barcha asirlarni bir kunda almashtirib yuborgan bo‘lardi.

Sobiq deputat Rossiyaning G‘arb siyosatchilariga ko‘rsatadigan korrupsion ta’sirini ham tilga oldi.

“Qarang, Bolgariya, Serbiya, Germaniyada, ayniqsa, uning sharqiy qismida nimalar bo‘layapti. Ushbu aholi qatlamiga qaratilgan ongli kontrpropaganda mavjud emas, xuddi shuningdek, bu Fransiya, Gollandiya va boshqa mamlakatlarda ham yo‘q”, — deydi Gudkov.

U Kremlning G‘arbda faol targ‘ibot olib borayotganini, turli mamlakatlarda “Rus uylari”ni yaratib, “Rus kechalari”ni tashkil etib va Kreml tarafdori bo‘lgan siyosiy partiyalarni moliyalashtirib kelayotganini eslatdi.

“Biz bunga qanday javob beryapmiz? Hech qanday! Rossiyaning Ukraina bilan urushidagi ming kunni biz kuchlarni birlashtirish va to‘g‘ri harakat strategiyasini ishlab chiqish uchun qo‘ldan boy berdik. G‘arb sanksiyalar muvaffaqiyatsizlikka uchrab, kutilgan natijani bermaganini tan olmoqda”, - deya o’z sharhini yakunladi Gudkov.

Kreml odamlarni qurbon qilishdan qo’rqmaydi

Qurultoyda ishtirok etgan advokat Nikolay Polozovning ta'kidlashicha, ukrainalik harbiy va tinch aholini asirga olingan Rossiya bosqinchilariga almashtirish jarayoni juda murakkab kechmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qilishdan muntazam ravishda bosh tortmoqda. Bu, harbiy asirlar uchun mo‘ljallangan Uchinchi Jeneva konvensiyasi va urush davrida tinch aholini himoya qilishga qaratilgan To‘rtinchi Jeneva konvensiyasiga amal qilmaslikda namoyon bo‘lmoqda.

Polozov fikricha, Kreml Rossiyada birorta ham harbiy asir yo‘qligini ta'kidlab, Konvensiya normalaridan chetlashishga harakat qilmoqda. Bu esa hech qanday qoidalarga rioya qilmaslikka asos bo‘ladi.

Ushbu noqonuniy harakatlarni oqlash uchun Rossiyada – “harbiy operatsiyaga qarshilik ko‘rsatgani uchun qo‘lga olingan” – degan maxsus atama o‘ylab topilgan. Ushbu maqomga ukrainalik harbiy asirlar ham, tinch aholi vakillari ham tushadi, va ko‘pincha ular bir joyda saqlanadi.

"U yerda sharoitlar mutlaqo g‘ayriinsoniy, biz buni ushbu dahshatni boshdan kechirganlarning hikoyasidan bilamiz. Ular almashuv orqali ozod etilgan va ular bilan sodir bo‘lgan voqealar haqida aytib bergan”, — deydi Nikolay Polozov.

Shuningdek, u bunday odamlar bilan hech qanday aloqa qilish imkoniyati yo‘qligini ta’kidlaydi. Ularning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilsagina, tashqi dunyo bilan muloqot qilishga muvaffaq bo’ladi”, - deya izohlaydi advokat.

“Shu tarzda mustaqil rossiyalik advokatlarning aralashuvi illyuziyasi paydo bo‘lishi mumkin, ammo “incommunicado” (to‘liq izolyatsiya) holatida minglab, balki o‘n minglab odamlar saqlanmoqda. Ularni uylariga qaytarish Kremlning bu odamlarni topshirishni istamasligi sababli yanada murakkablashmoqda”, — deydi Polozov.

Buni ham ko'ring AQSh-Rossiya: Mahkumlar almashinuviga doir tarixiy kelishuv

Moskvaning resurslari Kiyevnikidan ko‘proq ekanligi sababli Kreml asirlarni almashish masalasida murosa qilishni xohlamaydi, deydi u.

“Kreml odamlarni qurbon qilishni o‘ziga ep ko‘rishi mumkin, ammo Ukraina bunday imkoniyatga ega emas. Agar Ukraina hukumati xohlaganida edi, barcha asirlarni bir kunda almashtirib yuborgan bo‘lardi. Ammo Kreml bunga har tomonlama to‘sqinlik qilmoqda va almashuv jarayoni cho‘zilib, juda sekin amalga oshmoqda”.

Faol harakatlarga tayyorlik masalasi

Ukraina siyosiy qatlami va Rossiyani tark etgan oppozitsionerlar o‘rtasidagi munosabatlarda eng dolzarb savollardan biri – rossiyalik "relokantlar" qachondir Rossiyani haqiqatan boshqarishni xohlaydimi? Buning uchun nima qilishi kerak?

Ukraina Oliy Radasi deputati Oleg Dunda rossiyalik siyosiy muhojirlar bilan faol aloqalarni o‘rnatish zarurligini ta’kidladi, biroq bu jarayon hozircha qiyinchilik bilan kechmoqda.

Shunga qaramay, rossiyalik siyosiy muhojirlar bilan aloqalar 2022-yil kuzidagi holatga nisbatan sezilarli darajada ijobiy tarafga o’zgargan.

Dunda fikricha, Ukraina siyosiy qatlamining hozirgi rossiyalik siyosiy muhojirlarga ishonch bildirishlari uchun, ular amaldagi Kreml rejimiga faol qarshilik ko‘rsatishi zarur.

"Ikkinchi juda muhim jihat — bu Rossiyaning deimperializatsiyasi. Shundan keyingina nimadir haqida gaplashish mumkin. Agar muhojirdagi faollar bunga tayyor bo‘lmasa, bu masala haqida gaprishga hojat yo’q”, — deya xulosa qiladi Ukraina parlamenti deputati.