G'arb, deydi ekspertlar, Markaziy Osiyoga e'tiborini oshirishi kerak

Markaziy Osiyo mintaqasi G’arbga qanchalik olis, beqaror va boshqaruvi zaif jamiyatlar bo’lib tuyulmasin, bu jiddiy e'tiborga molik mintaqa.

Ular o'z strategik joylashuvi va energiya resurslaridan foydalanib AQSh, Yevropa, Rossiya va Xitoy bilan har tomonlama aloqa yuritishga harakat qilmoqda.

G’arb diqqatini mintaqaga jalb etuvchi asosiy omil bu Afg’oniston bo'lib qolmoqda. Harbiy hamkorlik oldingi o’rinda, demokratik taraqqiyot esa ikkilamchi masala sifatida qaralmoqda.

Yaqingacha AQSh Davlat departamentida mintaqa bilan shug’ullangan sobiq rasmiy Evan Feygenbaum (Feigenbaum) deydiki, bu respublikalarda keng imkoniyatlar mavjud.

“AQSh 1991 yildan beri Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan diplomatik, strategik, harbiy va iqtisodiy, qo’yingki, har sohada hamkorlik qilib keladi. Savdo, sarmoya va transport yo’llarini ochishga, jahon bozoriga chiqishga ko’maklashadi. Huquq va demokratik islohotlar ham muloqotning ajralmas qismi bo’lib kelgan”, - deydi Evan Feygenbaum.

Mutaxassislar nazarida esa Amerika mintaqaga yetarlicha e'tibor qaratmayapti. Hamkorlik ko'p hollarda faqat qog'ozda.

Mintaqada Xitoy bilan ham siyosiy-iqtisodiy hamkorlik ko’lami kun sayin kengaymoqda, deya qayd etadi siyosatshunos olim Pol Gobl (Paul Goble).

“Markaziy Osiyo uchun Xitoy bilan savdo-sotiqni bevosita, uchinchi bir davlat ishtirokisiz olib borish juda qulay”, - deydi Gobl.

"Biroq munosabatlarning nozik bir jihati bu - o’z haq-huquqi va erkinligi uchun kurashayotgan uyg’urlar masalasi. Xitoy turkiy dunyo bu qardosh xalqqa yon bosishidan, beqarorlikdan qo’rqadi”, - deydi mutaxassis.

"Sobiq Sovet davlatlari tarixi va bugungi siyosatni yaqindan kuzatayotgan olim mulohazalariga ko’ra, Markaziy Osiyo kelasi 10-20 yil ichida terrorizm va radikalizm o’chog’iga aylanishi hech gap emas. Aholi soni o’sib borayotgani, imkoniyatsizlik, iqtisodiy nochorlik, siyosiy repressiyalar va avtoritarizm kabi beqarorlikka yetaklovchi omillar bunga sharoit yaratmoqda”, - deya qo’shadi Pol Gobl.

Qirg’izistonlik yosh olim Alisher Hamidov yuqoridagi xulosaga qisman qo’shiladi. Terrorizm xavfi - siyosiy-ijtimoiy erkinliklar va inson huquqlarini cheklash uchun qulay bahona.

Qirg’iziston va mintaqaning boshqa davlatlarida huquq faollari va nohukumat tashkilot vakillari bilan suhbatlashganda umumiy bir fikr quloqqa chalinadi, deydi tadqiqotchi, ya’ni AQSh va Yevropa davlatlari demokratiya va huquq himoyasiga uncha e’tibor qaratmay qo’ygan.

O’zbekistonga Andijon voqealaridan keyin qo’yilgan so’nggi sanksiya yaqinda bekor qilingani xalqaro tashkilotlar tanqidiga uchramoqda. Ular nazarida Yevropa Ittifoqi siyosiy-iqtisodiy manfaatlar ketidan huquq ahvoliga ko’z yumishga ham tayyor.

Qurol-yarog’ni asosan Rossiya va Ukrainadan xarid qiluvchi O’zbekiston sanksiyalardan uncha zarar ko’rgani yo’q, deydi ayrim tahlilchilar. Bir-ikki huquq himoyachisining ozod etilishi va sud-huquq tizimidagi islohotlarni mahalliy faollar Yevropa da’vo qilayotganidek “sezilarli o’zgarish” deb hisoblamaydi.

Ular nazarida G’arb tanlayotgan yo’l, muloqot orqali O’zbekistonda biror narsaga erishish qiyin.

Biroq bu yopiq davlatlar bilan muloqotni davom ettirish, ularga ta’sir qilishning yangi usullarini qidirish zarur, deydi mutaxassislar, zero mintaqa tinchligi va jahon barqarorligi alohida hal qilinadigan muammolar emas.