Barak Obama prezidentligining bir yilligi sarhisob qilinar ekan, 2009 yil yangi rahbar uchun voqealarga boy davr bo'ldi. Prezident iqtisodiyotni tiklash, sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish, Iroq va Afg'onistondagi harbiy strategiyaga o'zgartirishlar kiritish bilan band bo'ldi.
AQShning 44-prezidenti sifatida ish boshlagan Barak Obama xalqning o'zgarishlarga tashnaligini bilib, islohotlar va'da qildi.
Biroq haqiqatda siyosiy jihatdan qutblashgan Vashingtonda o'ylangan natijaga erishish mushkul ekani ayon bo'ldi.
Tahlilchi Natan Gonzalesning aytishicha, amerikaliklarning Obamadan umidi katta edi, uni ko'pchilik qo'llab-quvvatlagan, biroq islohotlarni qonunga tushirish oson bo'lmadi.
Prezidentning ilk vazifasi inqirozga uchragan Amerika moliya tizimini barqarorlashtirish, avtomobil sanoatini kasoddan saqlash, sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishdan iborat bo'ldi.
Ayniqsa so'nggi masala 2008 yil saylovlaridagi mag'lubiyatdan so'ng mavqeini tiklashga uringan muxolifatdagi respublikachilarning kuchli qarshiligiga uchradi. Ularning aytishicha, Obama taklif etayotgan reja qimmat bo'lib, sog'liqni saqlash tizimini davlat nazoratiga olishni ko'zda tutgan.
Respublikachilarning Vakillar Palatasidagi sardori Jon Boner nazarida Obama rejasi va ishsizlik o'rtasida bog'liqlik bor.
"Kompaniyalar xodimlariga tibbiy sug'urta berishni istamay, yangi ishchilar yollashga shoshmayapti", - deydi Boner.
Barak Obama Oq uyga kelganida uni aksariyat amerikaliklar qo'llab-quvvatlardi. Biroq so'nggi oylarda uning reytingi sezilarli darajada tushgan.
Ijtimoiy so'rovlar bo'yicha mutaxassis Piter Braunning aytishicha, umuman olganda amerikaliklar Barak Obamani juda yoqtiradi, ammo siyosatini hozircha hazm qila olmayapti.
Respublikachilar prezidentning iqtisodiy va sog'liqni saqlash tashabbuslariga norozilik bildirgan bo'lsa, partiyadosh demokratlar Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborish qarorini tanqid qilgan.
Siyosatshunos Robert Boroseyjning aytishicha, hozirgi ahvol Vyetnam urushi paytida prezidentlik qilgan Lindon Jonson yuzlashgan muammolarni eslatadi.
"Agar Afg'onistonda urush harakatlari kuchayib, Vyetnamda bo'lgani kabi siyosiy botqoqqa tushib qolsak, yoshlar, ozchilikdagi guruhlar, liberallar va progressiv odamlarning prezidentga xayrixohligi susayadi", - deydi tahlilchi.
Respublikachilar esa aksincha qo'shinlar sonini oshirish qarorini olqishlagan.
Vashingtondagi konservativ tashkilot xodimi, sobiq prezident Jorj Bush nutqlari muallifi Deyvid Framning aytishicha, Amerika tashqi siyosatida katta burilish bo'ladi deb o'ylagan odamlar xato qildi.
"Afg'oniston, Iroq, Guantanamo, Xitoy, Hindiston, terrorga qarshi urush masalalarida Obama siyosati Bushnikidan uncha farq qilgani yo'q".
Kelasi noyabrda Kongressga saylovlar kutilar ekan, demokrat qonunchilarning qayta saylanishi yoki qonunchilik palatasida yangi o'rinlarni qo'lga kiritish ko'p jihatdan prezident Obamaning siyosatiga bog'liq bo'ladi.
Tahlilchi Natan Gonzalesning aytishicha, hokimiyat tepasiga yangi prezident kelganidan so'ng o'tkazilgan Kongress saylovlarida uning partiyadoshlari odatda boy berib kelgan.
"Prezident birorta yirik qonunni kuchga kiritib, amerikaliklarni uning zarur ekaniga ishontira olsagina, demokrat senator va kongressmenlar qayta saylanishiga umid bor", - deydi Gonzales.
2010 yilgi Kongress saylovlari prezident va uning siyosati uchun o'ziga yarasha sinov bo'lib xizmat qiladi.