Qirg'izistonda omma AQSh bilan yaqin hamkorlik tarafdori

Qirg’izistonda iqtisodiy ahvol tangligicha qolmoqda. Prezident Kurmanbek Bakiyev Xitoy, Rossiya va AQSh yordamiga umid bog’lab, bu davlatlar bilan hamkorlikni oshirishga harakat qilmoqda.

Amerika Afg’onistonda urush olib borar ekan, qo’shni Markaziy Osiyo davlatlari yordamiga muhtoj.

Rasmiy Bishkek joriy yilda AQSh bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish niyatlarini izhor qilgan. Har ikki tomon siyosatchilari imkoniyatlar haqida so’z yuritadi.

Ko’zga tashlangan imkoniyatlardan biri – Bishkekdagi tranzit yuklar tashuv markazi faoliyatini takommillashtirish.

“Amerika uchun Bishkekdagi hozirda tranzit yuklar tashish markazi deb nomlangan bazani saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi. Qirg'iziston uchun bu foydali narsa, chunki ijara uchun pul kelib turadi. Nazarimda, ushbu markaz Bishkekda uzoq vaqt qoladi”, deydi harbiy sharhlovchi, iste'fodagi polkovnik Leonid Bondarets.

Qo’shma Shtatlar Qirg'iziston xalq xo’jaligini tiklashda salmoqli hissa qo’shib kelgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, AQShning moliyaviy yordamida ichimlik suvi shohobchalari, maktablar ta’mirlangan, qirg'iz harbiylari uchun shaharcha va shifoxona barpo etilgan. Amerika Qirg'iziston chegaralari xavfsizligini ta’minlash va boshqa yirik loyihalar uchun katta moliya ajratgan. Yuzlab talabalar Amerika hisobiga u yerdagi oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotir.

Mutaxassislar fikricha hukumat xususiy biznes imkoniyatlaridan foydalanmayapti. Masalan, qirg'iz tog' asali, yong'og'i, sifatli meva va qoqilari hozirgacha Amerika bozoriga chiqolmagan.

“Qo'shma korxonalar, ishlab turgan turli muassasalar, import-eksport bilan shug'ullanuvchi firmalar haqida xabarim yo’q. Faqat berilgan kreditlar, milliy pulimiz –so'mni ushlab turish uchun ajratilgan moliyaviy yordam haqida so’z yuritsa bo’ladi”, deya mulohaza yuritadi jalolobodlik tahlilchi, mahalliy nohukumat tashkilot xodimi Abdumalik Sharipov.

Uning nazarida ikki mamlakat madaniy aloqalari asosan kino hamda musiqa mahsuloti bilan cheklanadi. Madaniy almashuvlar uchun jiddiy intilish darkor.

“Odatda Amerikaning jangari, sifati past filmlari kelayapti. Ushbu filmlarning yoshlarga, jamoatchilikga bo’layotgan ta’siri juda kuchli. Amerikaning judayam yaxshi, ma’noli kino mahsulotlari ham bor. Afsuski ular televideniye orqali ko’rsatilmaydi. Ammo tushungan insonlar o’sha filmlarni topib ko’radi”, deydi Sharpov.

Tahlilchi joriy yilda Qirg'iziston va Amerika orasidagi munosabatlarida siljish alomatlarini ko’rmaydi.

“Menimcha 2010 yilda aloqalar ancha sustlashadi. Sababi, nazarimda, bizning hukumatda barqaror siyosat yo’q. Ikkinchi tomondan hozirda Qirg'izistonda Rossiyaning ta’siri kuchayib bormoqda. Demak Rossiyaga qarshi tabiiy raqobatchi hisoblangan Amerikaning ta’siri pasayadi. Amerikaning yirik nodavlat tashkilotlarining Qirgizistonda demokratik tuzumni rivojlantirish uchun yordami katta bo’ldi. Lekin, afsuski, oxirgi paytlarda ularning ayrimlari bekila boshladi”, deydi u.

Lekin Leonid Bondarets singari sharhlovchilar aloqalarda sezilarli kelishmovchiliklar yo'q deydi.

Markaziy Osiyoda Qirg'iziston azaldan Amerikaning tayanch nuqtalaridan biri bo’lib kelgan. Jamoatchilik hukumat Amerika bilan yaqindan hamkorlik qilib, iqtisodiy ahvolni yaxshilaydi, xalq uchun imkoniyatlar yaratadi degan umidda.