Bolalarni emlash - har bir hukumatning burchi





BMT va Jahon Banki bergan qo’shma hisobotda qayd etilishicha, dunyoda go’daklarni emlash yil-sayin takomillashib bormoqda. Ammo kambag’al davlatlarda bolalar hamon oddiy, davolasa bo’ladigan kasalliklardan nobud bo’lmoqda. Ularni vaksina bilan ta’minlash – hukumatlar oldida turgan ustuvor vazifa.

“Emlangan bolalar soni bugun har qachongidan ko’p. Buni tasdiqlovchi raqamlar bor”.

Ann Veneman, UNICEF – BMT Bolalar Jamg’armasi rahbarining aytishicha dunyo miqyosida olib borilgan ishlar samara berib, hozirda vaksina olgan bolalar, chaqaloqlar soni keskin oshgan.

Natijalar haqiqatan maqtasa arziydi.

“2000 yildan beri qizamiq, qizilchadan o’lish hollari uch baravarga kamaygan”, deydi Veneman.

Bugun Amerikada bu kasallikni uchratmaysiz.

“Amerika qit’asida hozir qizilcha yo’q hisob. Hudud infeksiyadan butunlay tozalangan”,- deydi BMT vakili.

Mazkur raqam, ma’mulot BMT va Jahon Banki birgalikda e’lon qilgan “Dunyoda Vaksina va Emlash” nomli hisobotda keltiriladi.

Unda aytilishicha, chaqaloqlar orasida o’lim ko’rsatkichi 10 milliondan kamaygan. Vaksina har yili taxminan ikki yarim million bolani o’lim changalidan saqlab qoladi.

UNICEF rasmiysi Mikki Chopra emlash yo’lida hukumatlar ko’proq pul ajratishi kerak, deydi.

“Dori-darmon olishga, doktorga ko’rinishga mablag’i yo’q odamlar uchun shunday qilsa, arziydi axir. Vaksina uchun sal oshiq pul ajratsa, minglab bolalarning hayotini saqlab qoladi”,- deydi Chopra.

Vaksinalar go’dakni turfa xil darddan saqlaydi. Lekin chekka joylar, uzoq qishloqlarga dorini yetkazish qiyin, ayniqsa, kambag’al, notinch yurtlarda.

Bu yerlarda faqat hukumatlar ruxsat berib, nodavlat tashkilotlar yordam bersagina vaksinani olis aholi punktlariga eltish mumkin.

Richard Grin AQShda Xalqaro Taraqqiyot Agenligining yuqumli kasalliklar bo’yicha mutaxassis.

“Bunda fuqarolik jamiyatining roli juda katta. Onaning holidan har zamonda xabar olish kerak, toki u go’dakni vaqtida tibbiy ko’rikdan o’tkazsin, vaksinalarini qoldirmay olib tursin. Dori-darmonni esga tushganida emas, muntazam ravishda yetkazib turishini ham fuqarolik jamiyati kuzatadi”,- deydi Grin.

Pnevmoniya - zotiljam, diareya-ich ketishga qarshi vaksinani tarqatish hozir muhim vazifalardan.

Bu kasalliklar chaqaloqlar, yosh bolalar o’limiga sababchi asosiy kasalliklardan.

Hozir 80 dan ziyod yangi vaksina sinalmoqda. Bezgakninig turli ko’rinishlariga qarshi dori-darmon ustida izlanishlar olib borilmoqda.

Agar besh yoshdan kichik bolalarning 90 foizi mavjud dori, vaksinani vaqtida olib tursa, har yili ikki million bola omon qoladi, deydi vrachlar.