Faollar hukumatdan diniy radikalizmni izohlashni talab qilmoqda

O'zbekiston rasmiylarining ta’kidlashicha, mamlakatda diniy ekstremizm kayfiyati kuchaymoqda.

Muxolifat bu - dindorlarga nisbatan repressiv siyosat mahsulidir, deydi.

Viloyatlarda xatarli, ekstremist kishilar ro`yxati tuzilar ekan, fuqarolik jamiyati vakillari hukumatdan diniy ekstremizm tahdidi nima ekanini izohlang, deb talab qilmoqda.

Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryoda borayotgan sud jarayonlarida yuzdan oshiq fuqaro terrorchilik, ekstremizm, diniy radikalizmda ayblanmoqda.

“Tezkor guruh” tarqatgan ma`lumotga ko`ra, Andijonda diniy ekstremizmga aloqador deb topilgan fuqarolar ro’yxati tuzilgan. Viloyat rasmiylari tashkil etgan maxsus komissiya besh mingga yaqin andijonlikni diniy ekstremizmda gumon qilmoqda.

Toshkent viloyatida o’tgan yil avgustida poytaxtda kuzatilgan qotilliklar yuzasidan sud ishi yopiq tarzda davom etmoqda. Taxminlarga ko’ra, jarayon Anvar qori Tursunovga suiqasd va Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi Hasan Asadovni o`ldirishda ayblanayotganlar ustidan o`tmoqda.

Sirdaryoda 90 kishi “Jihodchilar” jamoasini tuzishda, Jizzaxda yana 25 kishi norasmiy diniy jamoaga aloqadorlikda ayblanmoqda. Davlat bu fuqarolarni O`zbekistonda jihod rejalashda gumon qilmoqda.

“Ayblov xulosasiga ko’ra, ular jihod qilishga hozirlik ko`rishgan. Birgalikda “Qur’onni” o`rganib, juma namoziga borishgan. Bu yerda hatto yaqinda hibsga olingan jurnalist Xayrulla Hamidovning kassetalari eshitilgan. Abduvali qori, Obidxon Nazarovning ham ismlari uchraydi”, - deydi jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev.

Mahalliy faollar fikriga ko`ra, diniy radikalizm bo’yicha ayblovlar qamrovi kengaymoqda, jamoatchilikka bu borada aniq xulosa-izohlar berilishi kerak.

“Bu juda muhim savol. Hozir shunday bir vaziyatga keldikki, bu savolga javob berish ham qiyin bo`lib qoldi. Agar haqiqatda shunday ekstremistik guruhlar bo`lsa, unda hukumat unga qarshi to`g’ri kurashayapti. Lekin bu necha yillardan buyon davom etib kelgan qama-qamalarning natijasi ekanini ham unutmaslik kerak”, - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Huquq himoyachilari hukumatni ekstremizm tahdidini bo’rttirishda, isbot-dalilsiz yuzlab namozxonni qamoqqa tashlashda ayblab keladi. Muxolifatga ko’ra, bugun o`zbek jamiyatida haqiqatda radikallashuv jarayoni boshlangan.

“Jamiyat radikallashayapti, bu seziladi. Bosh sababi - hukumat tanlagan ekstremistik siyosat. Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab shunday siyosat yo’lini tutib, dinda ham ashaddiylikni keltirib chiqardi. Agar islomda ashaddiylik bo`lsa, islomning o`zi hal qiladi bu muammoni. Unga qarshi dinsizlar qanday kurash olib borishi mumkin? Islomda ashaddiylik qoralanadi, hatto ibodat qilishda ham. Radikallashuv bor, buni ko`rayapmiz. Buning sababi, yana aytaman, ekstremistik siyosat”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi Bosh kotibi Otanazar Oripov.

Daniyalik jurnaist Mayk Andersenning ancha muhokamaga sabab bo`lgan “Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm haqidagi afsona” filmi O`zbekistonda
keskin tanqid bilan kutib olindi.

Jurnalist diniy ekstremizmning afsonadan reallikka aylanishi bevosita hukumatlar yuritgan repressiv siyosat mahsulidir deb hisoblaydi.