Ilhom Ne'matov - O'zbekistonning Vashingtondagi yangi elchisi

AQSh poytaxtida O’zbekistonning yangi elchisi Ilhom To’ychiyevich Ne’matov ish boshladi. "Amerika Ovozi"ning aniqlashicha, elchi 26 fevral, o’tgan juma kuni Davlat departamentida ishonch yorlig’ini topshirgan.

Avvalo elchilar Vashingtonda qanday kutib olinishiga nazar tashlasak.

Davlat departamenti - Amerika tashqi ishlar vazirligi rasmiylarining tushuntirishicha, yangi elchi yuborayotgan davlat bu hukumatga Vashingtondagi elchixonasi orqali diplomatik nota yo’llaydi. Ba’zida bu nota o’sha davlatning Tashqi ishlar vazirligidan Amerikaning u mamlakatdagi elchixonasiga ham uzatilishi mumkin.

Nota va boshqa muhim hujjatlar qabul qilingach, Vashingtondagi elchixona Davlat departamentining Protokol bo’limi bilan aloqaga kiradi. Aynan shu bo’lim yangi elchining ishonch yorlig’i topshirish marosimini uyushtiradi.

Elchi birinchidan AQSh bosh diplomati, ya’ni davlat kotibi yoki uning birinchi o’rinbosari bilan uchrashishi kerak. Davlat kotibasi Xillari Klinton safarda bo’lgani uchun Ilhom Ne’matov uning o’rinbosari Jim Staynberg huzurida bo’lgan. Rasmiylarning eslatishicha, odatda yangi elchilar asosan Davlat kotibi o'rinbosari bilan ko'rishadi.

Yangi elchining yaqin kunlarda prezident Barak Obama huzuriga kirishi kutilmoqda. Prezident bilan uchrashuvdan keyin u O’zbekistonning Amerika Qo’shma Shtatlaridagi to’laqonli Favqulodda va Muxtor elchisi bo’ladi. Bu har bir yangi elchi bosib o’tadigan jarayon.

Davlat departamenti Toshkentdan yangi vakil kelganini tasdiqlasa-da, O’zbekiston hukumati yoki Vashingtondagi elchixona hali bu borada rasmiy bayonot bermagan.

Ilhom Ne’matov o’tgan yili shu paytda Moskvada prezident Dmitriy Medvedevga ishonch yorlig’i topshirgan edi.

Ne’matov O’zbekistonning usta diplomatlaridan biri sifatida tilga olinadi. 1952 yilda Namangan viloyatida tug’ilgan.

1973 yilda Farg’ona Politexnika Institutini, 1992 yilda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatiya Akademiyasini bitirgan. Iqtisodiyot fanlari kandidati.

1997-99 yillarda O’zbekistonning Hindistondagi elchisi bo’lgan.

Undan keyingi davrda Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi, keyinroq uning muovini, Shanxay Hamkorlik Tashkilotida O’zbekiston koordinatori, undan so’ng esa Tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari lavozimlarida faoliyat ko’rsatgan.

Elchi oilali, to’rt farzandning otasi. Ingliz va nemis tillarini biladi.

Ilhom Ne’matov ishonch yorlig’ini topshirganidan so’ng u bilan gaplashgan amerikalik rasmiylar elchi ijobiy taassurot qoldirganini aytadi.

Ilhom Ne’matov Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari sifatida AQSh bilan muzokaralarda faol ishtirok etgan.

Vashington siyosiy doiralarida yangi elchi iliq kutib olinmoqda. Ilhom Ne'matovni taniydigan, u bilan ishlagan amerikalik sobiq diplomatlar Ilhom Ne'matov oldida mashaqqatli vazifa turganini, AQSh-O'zbekiston orasida serqirra hamkorlik uchun zamin hozirlash oson kechmasligini, hozirda ancha yaxshilangan aloqalarni kengaytirish va saqlab qolish nafaqat diplomatik zehn balki kuchli iroda talab qilishini eslatadi.

"Amerika Ovozi" elchi Ne'matov bilan suhbatlashish umidida. Elchixonaga yo'llangan iltimosga hali javob berilmagan.

Amerikada qariyb olti yil elchilik qilgan Abdulaziz Komilov hozir Toshkentga qaytib, Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari lavozimiga tayinlangan.