Amerikadan norozi odamlar ko'p, lekin uning yordamiga umid katta

Xalqaro maydondagi nufuz har bir davlatga effektiv tashqi siyosat yuritishga, qolaversa chet eldan sarmoya va iste’dod egalarini jalb qilishga yordam beradi.

AQSh rahbari Barak Obamaning bir yillik faoliyatini baholayotgan sotsiologlar bugun bu davlatning boshqa davlatlar bilan aloqalari birmuncha iliqlashgan deydi.

Ammo islom dunyosi bilan munosabatlarda jiddiy o’zgarishlar kuzatilmayapti.

O’tgan yilgi ijtimoiy so’rovlar Qo’shma Shtatlar xalqi va uning hukumatiga nisbatan global jamoatchilik fikri ijobiy tomonga o’zgarayotganini ko’rsatgan. Lekin musulmon davlatlari, jumladan Falastin hududlari va Turkiya bundan mustasno. Bu jamiyatlarda Vashingtonga qarshilik hamon juda baland.

So’rovni o’tkazgan Pyu tadqiqot markazi rahbari Endryu Koxutning aytishicha, bunga asosan AQShning Isroil bilan yaqin hamkorligi sababchi.

“Ko’p yillik tadqiqotlardan bilamizki, arab davlatlari, musumon dunyosida omma kayfiyati Isroil-Falastin mojasori bilan uzviy bog’liq. Muammo hal bo’lmaguncha, munosabatlar oldinga siljimaydi. Barak Obamaning saylanishi va u olg’a surgan g’oyalar ko’pchilikka ma’qul. Lekin u Yaqin Sharqda adolatli vositachi bo’la olishiga ishonadiganlar ozchilik”, - deydi olim.

Uning aytishicha, AQSh qo’shinlari Iroq va Afg’onistonda qolayotgani va NATO operatsiyalarida begunoh odamlar o’limi ham salbiy kayfiyatlarga hissa qo’shmoqda.

Garvard Universiteti professori Josef Nay fikricha, so’rovda keltirilgan ijobiy natijalarni ham oshirib ko’rsatmaslik kerak.

“Deylik, prezident Obama Yevropadagi shuhrati bilan Afg’oniston uchun qanchalik yordam ola oldi? Yoki Guantanamoni oling. Obama bu qamoqxonani yopish qarorida qat’iy, ammo u yerdagi mahbuslarga boshpana berishga tayyor davlatlar sanoqli”.

“Obama xalqaro aloqalarda muzokara va diplomatiya bayrog’ini baland ko’tarib keldi va shu zaylda davom etishi kerak. Mamlakat harbiy salohiyati ustidan ko’krak kerish o’rniga toza energiya, xalqaro taraqqiyot, atrof-muhit muhofazasi kabi insoniyatga naf keltiruvchi sohalarda yetakchilikni qo’lga olsin”, - deydi professor.

Ommaviy axborot vositalari va propagandaning o’rni ham juda muhim ekani ta'kidlanadi.

O'tgan yillar davomida Iroqning Abu-G’arib qamoqxonasidagi qiynoqlarni fosh etgan rasmlar va urushdagi harbiy xatolar, masalan, Amerika inson qadriga befarq degan qarashni shakllantirgan. Terrorchi guruhlar bu qarashdan o’z safini kengaytirish yo'lida foydalanib keladi.

Tahlilchilar shuni tavsiya qiladiki, Amerika rivojlanayotgan mamlakatlarga imkon qadar sarmoya kiritib, ta'lim va maorifni quvvatlab, sog'liqni saqlash va ekologiya muhofazasi singari muhim sohalarda yordam berib, o'z nufuzini oshirishi mumkin.

Amerikaga nisbatan nafrat eng uchiga chiqqan mintaqalarda ham, deydi mutaxassislar, uning yordami rad etilmaydi.

Qo'shma Shtatlar davlat sifatida vujudga kelibdiki, erkinlik diyori, insonparvar jamiyat sifatida nom qozonishni maqsad qilgan. Dunyo ahli uni shunday ko'rishni istaydi, faqat buni isbotlash kerak, deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan tahlilchilar.