LASIK amaliyoti har doim ham xavfsiz emas, deydi shifokorlar

Odam yoshi o’tgan sari ko’zi ham xiralashib borishi sir emas. Hozirgi texnologiyalar bilan bu jarayonni sekinlashtirish, qolaversa ko’z nurini tiklash mumkin.

LASIK operatsiyasi - ko’plab davlatlarda anchadan beri qo’llanib kelinayotgan usul. 90 foiz hollarda natija samarali deyishadi.

Lekin so’nggi paytlarda Amerikada bemorlardan tushayotgan shikoyat bu xulosani savol ostiga qo’ymoqda.

Jahon bo’ylab LASIK operatsiyalarining so’nggi 15 yillik tarixini olib qaraydigan bo’lsak, bemorlarning 95 foizi natijadan xursand.

“Meni 37 yoshimda operatsiya qilishgan. Juda effektiv”, - deydi Mario Koello.

Bu operatsiyada kishining ko’rish qobiliyatini yaxshilash uchun lazer ishga solinadi. Aytishlaricha, tez, xavfsiz va samarali. Hatto AQSh armiyasida zobitlar, ko’pincha urushga jo’nash oldidan LASIKdan o’tadi.

Ammo tabobatda 100 foiz kafolat berilmaydi. Muolajadan foyda emas, zarar ko’rgan odamlar bor. Ko’z xiralashishi, tunda aniq-ravshan ko’ra olmaslik LASIK operatsiyasining ayrim oqibatlaridir.

Mustaqil harakatlanish, mashina haydash kabi eng oddiy harakatlarni bajara olmagani uchun ayrimlar hatto ishidan ayrilgan.

“Operatsiyadan so’ng ko’zim qurib qolaveradigan bo’ldi. Nega rozi bo’ldim deb kuyinaman”, - deydi bemor Abbi Ellin.

Amerika Sog’liqni saqlash vazirligi bu operatsiya xavfsizligini tekshirib chiqqan. Yuqoridagi muammolar avvaldan ma’lum, lekin hukumat nazariga tushmagan, deydi vazirlik sobiq xizmatchisi Morris Vaksler.

“Ommaga xavfsiz deb tanishtirilgan LASIK operatsiyasidan o’nlab odam jabr ko’rgan. Jarrohlar ham, hukumat ham bundan xabardor. Lekin bu muammo bilan hech kim shug’ullanayotgani yo’q”.

Hukumat idoralari, deydi Vaksler, operatsiya muvaffaqiyatsiz kechgan hollarni allaqachon tekshirib, nazoratni kuchaytirishi kerak edi. Hozir shikoyatlar bir joyga to’planib, tekshiruv boshlangan. Bemorlar bilan suhbatlar o’tkazilmoqda.

Bundan tashqari lazer apparatlar va ularni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yangi talablar qo’yilmoqda. Tibbiy anjomlar belgilangan sifat darajasida bo’lsagina agentlik tasdig’idan o’tadi. Operatsiyani ko’zlayotgan bemorga esa maslahat shu:

“Ko’z amaliyotiga xo’p deyishdan avval bu haqda barcha ma’lumotni o’qib chiqing. Xavfli jihatlarini hisobga oling. Ko’z bilan o’ynashib bo’larkanmi…”, - deydi Morris Vaksler.

Doktor Penni Asbel yuzlab bemorlarni operatsiya qilgan. Uning aytishicha, LASIK hammaga ham tavsiya qilinavermaydi.

“Shifokor bilan uchrashganda ko’pchilik LASIK muolajasini necha bor o’tkazgansiz deb so’raydi. Qancha bemor shifo topdi deb so’rang!”

Amerikada tibbiyot deyarli butunlay xususiy sektorga qaraydi. Ammo lazer apparatlar sifatini ta’minlash hukumat zimmasida.