AQShning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchell yakshanba kuni mintaqaga yo’l oladi.
Bu tashrif sal oldin rejalangan, biroq Isroil Sharqiy Quddusda yangi imoratlar qurishi⇒ ma’lum bo’lgach, kechiktirilgan edi.
Tashabbus AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Quddusga borib, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan muzokara qilgan kun e’lon qilingan.
Prezidenti Barak Obama asosan arablar yashovchi hududda yahudiylar uchun aholi punktlari – 1600 xonadon⇒ barpo etish rejasini tanqid qilishda davom etmoqda.
Bu loyiha Isroil-arab tinchlik muzokaralariga pand berishi aniq. Biroq Obama fikricha, bu ziddiyat tufayli AQSh-Isroil aloqalari batamom buziladi deyish xato.
Falastin hududni bo’lajak davlati poytaxti deb biladi va loyiha bekor qilinishini talab qilmoqda. “Aks holda tinchlik muzokaralarida qatnashmaymiz”, deydi Falastin rasmiylari. Ammo Isroil⇒ nazarida bu talab mantiqsiz. Isroil 1967 yilgi urushda hududni bosib olgan.
O’rtada vositachilik qilishga, tomonlarni muzokara stoliga qaytarishga urinayotgan Obama ma’muriyati Isroilning xatti-harakatidan xafsalasi pir bo’lgan, lekin masalani hal qilish umidida.
AQSh Davlat kotibi muovini Filip Gordonning aytishicha, ikki davlat rishtalari mustahkam. “Qator masalalarda bahs qilishimiz mumkin, kamchilikni ochiq-oydin aytishga, uni tan olishga qodirmiz. Aloqalarimiz asosi kuchli”,-deydi rasmiy.
Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Moskvada Yaqin Sharq to’rtligi bilan uchrashib, vaziyatdan chiqish yo’llarini muhokama qiladi. Rossiya, Yevropa Ittifoqi, BMT va AQShdan iborat bu guruh Isroil qarorini qoralamoqda.
Rossiyalik tahlilchi Yevgeniy Satanovskiy nazarida uchrashuvdan natija bo’lishi gumon. “Isroil loyihaga uzoq vaqt va katta mablag’ tikkan. Hozirgi rahbariyat kelajagi mana shu qurilish bilan uzviy bog’liq. Yahudiy davlatini bu yo’ldan qaytarish qiyin”, deydi tahlilchi.