Afg’oniston poytaxtida 2000 dan ziyod mahalliy siyosatchi, qabila yetakchilari va faollar yig’ilib, Vashington-Kobul aloqalari kelajagi haqida gaplashmoqda. Loya jirg’a to’rt kun davom etadi.
Afg’onistonda hozir 130 ming kishilik xalqaro qo’shin bor, aksariyati AQSh askarlari. Ular 2014-yilga borib mamlakatni tark etishi kerak.
Shundan keyin munosabatlar qanday kechadi? AQShning bu davlat hayotidagi roli qanaqa bo’ladi? Majlisda ana shular haqida gaplashiladi. Mamlakatda jangari xurujlari avj olar ekan, buning oldini olish ham muhokamada.
Prezident Hamid Karzay yig’inni ochib berar ekan, orada imzolangan har qanday bitim Afg’oniston suverenitetini hurmat qilishi lozim, dedi.
“Amerika bilan strategik hamkorlikka tayyormiz. Afg’onistondagi harbiy bazalarni ijaraga beramiz, biroq Vashington bizning ichki siyosatimizga aralashmasligi lozim”, - dedi Hamid Karzay.
“Afg’oniston G’arb bilan, Xitoy, Rossiya, Eron va Pokiston bilan ham kelishib yashashni istaydi. Do’stona davlatlarni himoya qilamiz”, - deydi Karzay.
U tungi harbiy amaliyotlarni bas qilib, AQSh nazorati ostidagi qamoqlarni mahalliy adliya va ichki ichlar tizimiga topshirishga undadi.
Kobuldagi tahlil markazi xodimi Gran Xevad fikricha, to’rt kunlik majlisdan ko’p narsa kutilayotgani yo’q.
“Kun tartibidagi masalalar konkret emas. Hukumat AQSh va Pokiston bilan hamkorlik haqida umumiy gaplar bilan cheklanmoqda”, - deydi ekspert.
Tahlilchilar nazarida hukumatdagi korrupsiya, uquvsizlik va g’o’rlik yurt tinchini buzayotgan sabablardan.
Afg’on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar qatnashayotgan anjuman munosabati bilan xavfsizlik choralari nihoyatda kuchli. Biroq ayrim muxolif kuchlar jirg’ani boykot qilgan.
“Muxolifat namoyandalaridan biri doktor Abdulla Abdulla yig’inni qoralagan. Parlamentdagi ayrim fraksiyalar ham”, - deydi tahlilchi Gran Xevad.
Tolibon jirg’ani nishonga olishini aytib, ogohlantirmoqda. Dushanba kuni poytaxtda rejalangan xurujning oldi olingan. O’tgan yili ayni anjuman paytida jangarilar hujumi oqibatida uch kishi jarohat olgan edi.