Ekspertlar: Markaziy Osiyo, iqtisodiy birdamlik haqida o'ylang

Ekspertlar: Markaziy Osiyo, iqtisodiy birdamlik haqida o'ylang

Yaqinda AQShda nashrdan chiqqan yangi bir kitob “Markaziy Osiyo va Kavkaz - XXI asrda Yevrosiyo orasida” (Central Asia and the Caucasus – At the Crossroads of Eurasia in the 21st Century) deb nomlanadi. Vashingtonda tanilgan tahlilchilar Verner Xerman va Yoxannes Linn (Johannes Linn) unga sara ilmiy maqolalar to’plagan.

Tabiiy boyliklar, biznes muhit, siyosiy va ijtimoiy hayot yoritiladi. Markaziy Osiyo sharqu g’arb orasidagi muhim mintaqa. Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo, Yevropa va Janubiy Osiyo orasida tijorat (savdo aylanmasi yiliga yuzlab milliard dollar) kun sayin rivojlanib borar ekan, besh yosh davlat – O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg’iziston joylashgan mintaqa nafaqat tranzit yo’li, balki yirik biznes imkoniyatlarga ham ega.

Uzoq yillar Jahon Bankida ishlagan va bugun Brukings Instituti ilmiy xodimi Yoxannes Linn kitobni tadqim etar ekan, Markaziy Osiyo faqatgina savdo yo’li bo’lib qolmasligi, mavjud biznes imkoniyatlardan foydalanishi kerak, deydi.

Yoxannes Linn, tahlilchi

Olim fikricha, davlatlar iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga majbur. O’zaro tijorat osonlashsa, chet eldan ham ko’proq sarmoya kela boshlaydi, deydi u.

Har bir respublika o’z iqtisodiy dasturi va taraqqiyot yo’liga ega ekani ma’lum, deydi Yoxannes Linn, lekin jahon bozoriga chiqish regional birdamlik talab qiladi.

Qozog’iston xorijiy sarmoya evaziga biroz oyoqqa turib olgan. Qolgan davlatlar hali ancha orqada. Mintaqada hozir eng yirik investor bu Xitoy. Ikkinchi o’rinda Rossiya. Ular mamlakatlar bilan savdo ko’lamini oshirib kelmoqda, ammo mavjud muammolar hammaga birdek og’ir tushmoqda.

Masalan, deydi Yoxannes Linn, savdo siyosati aniq emas. Har bir respublikada uni qayta ko’rib chiqish kerak. Yo’llar, temir yo’l, havo yo’llari – hammasi ta’mirtalab. Bir-biriga ulanmagan va eng muhimi, yo’lovchi, foydalanuvchi manfaatini ko’zlamaydi.

Shaharlararo parvozlar cheklangan. Bir mamlakatning o’zida katta shaharlar bilan bog’lovchi yo’nalishlar kam. Masalan O’zbekistonda Xivadan Buxoroga to’g’ri ucha olmaysiz. Parvozlar faqat Toshkentdan.

Chegaralardan o’tish, xoh sayohat uchun, xoh savdo, amri mahol. Biznes qilish har bir mamlakatda xavf bilan barobar. Korrupsiya va poraxo’rlik chuqur ildiz otgan. Va eng muhimi, boshqaruv tizimlari isloh qilinishi, tadbirkor va ishbilarmonlar, tijoriy firma va kompaniyalar uchun zarur sharoitlar yaratilishi kerak.

Hukumatlar nazarida amaldagi siyosat – zamon talabi. Qozog’iston G’arbdan o’rnak olib, taraqqiy etish uchun uning yordamiga tayanayotganini ro’kach qilsa, O’zbekiston rasmiylari bugun respublikada ham mahalliy, ham xorijiy tadbirkorlar va bizneslar uchun zarur sharoit muhayyo deb keladi.

Yangi kitob mintaqani integratsiya va hamkorlikka undaydi

Qirg’iziston, Jahon Savdo Tashkiloti a’zosi, nochor iqtisodiy ahvolda. Tojikiston, dunyoning eng qashshoq jamiyatlaridan biri, tashqi yordam va Rossiyadagi migrant ishchilardan kelayotgan daromad hisobiga kun ko’rmoqda.

Qozog’iston qora oltini, Turkmaniston esa tabiiy gaziga tayanadi. O’zbekistonni oq oltin, neft va gaz hamda chet elda yurgan mehnatkashlar boqmoqda.

Jahon Banki bergan ma’lumotlarga ko’ra, biznes qilish uchun mintaqada Qozog’iston birinchi, keyin esa Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston oxirgi o’rinda.

Yoxannes Linn va yangi kitobning boshqa mualliflari shunday tavsiyalar beradi:

- Boy berilayotgan imkoniyatlar haqida o’ylang, mavjudlaridan foydalanib qoling

- Davlat rahbarlari iqtisod va tijorat haqida ochiq va keng muloqot boshlasin

- Muzokaralarga qo’shni davlatlar rahbarlarini ham taklif qiling

- Xalqaro hamkorlar uzoq muddatli loyihalar haqida o’ylasin

- Madaniy va tarixiy yaqinlikka tayaning, farqlar emas, o’xshash jihatlar va manfaatlarga asoslaning.

Marta Olkott, tahlilchi

Yoxannes Linn mintaqaviy birdamlik va hamkorlikka urg’u bersa, uning safdoshi Marta Olkott (Martha Olcott), ko’plab kitob va ilmiy maqolalar muallifi, taniqli ekspert, e’tiborni bugungi real vaziyatga qaratadi.

“Markaziy Osiyodagi har bir davlat alohida tanilishni, o’z siyosiy-iqtisodiy nufuziga ega bo’lishni istaydi va shu kungacha qo’yilgan har bir qadam buning yaqqol isboti”,- deydi Marta Olkott. “Har bir respublika o’z tarixi va madaniyati, o’zi tanlagan yo’lni boshqacha ta’riflaydi, tushuntiradi”.

Olima tahlilicha, davlat rahbarlarining har biri ham o’ziga xos boshqarish uslubiga ega. O’zbekistonda Islom Karimov va Qozog’istonda Nursulton Nazarboyev, 70 dan oshgan prezidentlar, mag’rur va o’jar, Sovet davridan saboq olgan va mustaqillikdan keyin yangi davlatchilikka asos solganini da’vo qilib keladi. Imomali Rahmon ham Tojikistonda uzoq yillik rahbar. Qirg’iziston, siyosiy jihatdan beqaror davlatda, rahbarlar tez-tez yangilanib turibdi. Turkmanistonda Saparmurat Niyozov o’limidan keyin hokimiyatga kelgan Qurbonguli Berdimuhammedov jamiyatga sal erkinlik bergandek, lekin u ham yangi zamon lideri ekanini isbotlamadi.

Bu davlatlar va ularning keksa rahbarlariga regional birdamlik va iqtisodiy hamkorlik xususida aql o’rgatish oson, lekin ularni konkret o’zgarishlar qilishga ko’ndirish mumkinmi?

Vashingtonda ekspertlar orasida bunga ishonch katta emas. Lekin har narsaga tayyor turing, deydi ular. Zarur bo’lganda, bu rahbarlarning gapi bir joydan chiqqan vaqtlar ko’p bo’lgan.