Xitoy “Bir kamar, bir yo’l” loyihalarini qayta boshlashga shay

  • Amerika Ovozi

Joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyoti 18 foizga o’sgan Xitoy transchegaraviy taraqqiyotdagi hal qiluvchi roli tufayli Janubi-sharqiy Osiyoga iqtisodiy krizisdan chiqib olishga ko’maklashishi mumkin.

Iqtisodchilarning aytishicha, 2020-yilda yalpi ichki mahsuloti 15,4 trillion dollarga yetgan Xitoy dunyoga ko’proq vaksina sotishi, infratuzilma loyihalarini qayta boshlashi va mintaqada ishlab chiqarish korxonalari ochishi kutilyapti.

“Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi doirasidagi bu harakatlar va “vaksina diplomatiyasi” Xitoyning region bo’ylab iqtisodiy va diplomatik ta’sirini kuchaytirishi tayin.

Buni ham ko'ring Xitoyning Afg’onistonda qanday manfaat va rejalari bor?

G’arb davlatlari pandemiyaning moliyaviy ta’siridan xalos bo’lishni boshlayotgan bir paytda, Janubi-sharqiy Osiyoning 660 million aholisi hali ham epidemiya asoratlari va iqtisodiy tushkunlik changalida.

Sharqiy Osiyo sammiti oldidan o’tgan video konferensiyada Xitoy yordamga tayyor ekaniga ishora qildi.

“Mintaqaviy va xalqaro sahnadagi chuqur o’zgarishlar fonida Xitoy barcha tomonlar bilan epidemiyadan keyingi barqaror rivojlanish bo’yicha hamkorlik qilishga umid bog’laydi”, - deydi Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijian.

O’tgan yili boshqa davlatlarda o’sish deyarli to’xtab qolgan bir paytda, Xitoy iqtisodiyoti 2,3 foizga o’sdi.

Xitoy uglerod chiqindilarini kamaytirsh maqsadida xorijiy davlatlarda neft-kimyo va energetika sanoatlariga sarmoya yotqizishini kutish mumkin, deydi iqtisodchi Rajiv Bisvas. 10 a’zoga ega Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi 2025-yilgacha energetik ehtiyojlarining 23 foizini qayta tiklanuvchi manbalardan olishni rejalagan.

Karantin choralari bekor qilinishi bilan, deydi Bisvas, Janubiy-sharqiy Osiyoda 1 trillion dollarlik “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi doirasidagi proyektlar qayta boshlanadi. Londondagi Xorijiy taraqqiyot instituti tahlilicha, o’tgan yili qiymati 2,4 milliard dollarni tashkil etadigan loyihalar kechiktirilgan yoki moliyaviy muammolar bilan yuzlashgan.

Masalan, Malayziya Xitoy kompaniyalariga ko’chmas mulk va portlarga sarmoya qilishga izn berdi. Indoneziya esa to’g’on va temir yo’l qurilishida yordam oldi.

Buni ham ko'ring AQSh Xitoy ta'siriga qarshi tashabbus bilan chiqdi

“Fikrimcha, Xitoy asosiy e’tiborni mana shu loyihalarni qayta boshlashga qaratadi, chunki ular pandemiya paytida to’xtab qolgan, cheklovlar bois mutaxassislarini yo’llay olmagan”, - deydi Rajiv Bisvas.

Xitoy har bir davlatga alohida yordam yoki investitsiya paketlarini taklif qilishi mumkin, deya qo’shadi u.

COVID-19 ga qarshi haligacha kurashayotgan Filippinga Xitoy o’z vaksinalarini tezlashtirilgan tartibda yetkazish masalasini ko’rib chiqadi, deydi iqtisodchi Jonatan Ravelas.

“Filippin oyoqqa turishi uchun aholining kattaroq qismi emlanishi lozim. Hukumat turli xil vaksinalar xarid qildi, birinchilar qatorida Xitoy yetkazdi. Ehtimol ular yanada ko’proq vaksina va infratuzilma loyihalari uchun mablag’ berishar”, - deydi u.

Pekinning iqtisodiy yordami Janubiy Xitoy dengizida o’nlab yillik hududiy tortishuvlarni yumshatishga yordam beradi. 2016-yilda arbitraj sudi Xitoyning dengizdagi da’volari asossiz, deya hukm chiqargan. Tabiiy resurslarga boy dengizda Xitoy, raqiblari Bruney, Malayziya, Filippin va Vyetnam bilan solishtirganda, harbiy va texnologik ustunlikka ega.

Shu bilan birga, Xitoy vaksinalari 80 dan ortiq mamlakatga jo’natildi. Ba’zi tahlilchilar buni AQSh va Yevropaning “men birinchi” qabilidagi siyosati bilan solishtiradi.

G’arb davlatlarida xulosa shuki, “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi Qo’shma Shtatlarni Hind-Tinch okeanida hukmron kuch sifatida siqib chiqarishga qaratilgan. AQSh Prezidenti Jo Bayden va “Katta Yettilik” yetakchilari yaqinda o’tgan sammitda past va o’rta daromadli mamlakatlarda infratuzilma ehtiyojlarini qondirish uchun alohida loyiha boshlashga kelishdi.

“Bir kamar, bir yo’l” loyihalaridan xitoylik pudratchilar ham manfaatdor. Ular pandemiyadan kuchli karantin choralarisiz o’tib olgan Vyetnam mahsulotlariga tayanadi.

“Vyetnam Xitoy uchun materiallarni tayyorlaydi, so’ng mahsulot Xitoyda yig’iladi va eksport qilinadi. Ular ta’minot zanjirini imkon boricha tezroq va to’siqsiz ishga tushirishi kerak”, - deydi yana bir iqtisodchi Adam Makarti.