O'sh teatrida o'zbek va qirg'iz o'z tilida rol ijro etib, totuvlikni targ'ib qilmoqda

O'sh

O’shda Bobur nomli o’zbek akademik musiqiy drama teatri sahnasida “Qanishaning ko’z yoshi” spektakli yangi tahlilda qo’yilgan. Uni tomosha qilish uchun yuzlab kishilar kelgan.

“Oloy malikasi” deya nom olgan XIX asr davlat arbobi Qurvonjon Dodhoga bag’ishlangan ushbu spektakl do’stlik va totuvlikni math etadi.

2011 yil Qirg’izistonda Qurvonjon Dodho yili deb e’lon qilingan, deydi teatr rahbari Baxtiyorjon To’xtamatov.

“Ushbu spektaklning o’zgachaligi shundaki, qirg’iz sa’natkori, xalq artisti Jamol Sayidahmatova qirg’iz tilida rol o’ynasa, xalq artisti Oytojixon Shobdanova o’zbek tilida ijro etadi. Bu bilan biz nima demoqchimiz? Aytmoqchimizki, tilimiz bir, bir elmiz. Bizni ajratadigan hech qanday kuch yo’q. Qirg’iz tomoshabini ham, o’zbek tomoshabini ham ushbu spektakldan ma’naviy ozuqa oladi degan umiddamiz”, - deydu u.

O'sh teatrida o'zbek va qirg'iz o'z tilida rol ijro etib, totuvlikni targ'ib qilmoqda

O’shdagi o’zbek drama teatri mintaqadagi ilk badiiy jamoalardan bo’lib, o’tgan yili 90 yilligini qarshilagan.

“Hozir teatr jamoamiz ikki el o’rtasida do’stlik ko’prigi bo’lib turibdi. O’tgan bir yil davomida millatlararo totuvlikka, tinchlikka, birdamlikka chorlayapmiz. Ijodkorlarimiz viloyatlarga, tumanlarga borib, imkon qadar vatanparvarlik ishlari olib bormoqda”, - deydi Baxtiyorjon To’xtamatov.

O’tgan yilgi iyun voqealari paytida teatr binosi va jihozlari jiddiy shikastlangan edi. Bir muncha vaqt jamoa to’laqonli faoliyat ko’rsata olmagan.

“Davlat tomonidan ta’mirlash ishlari uchun kerakli mablag’ ajratilgan edi. Faqat bir muammomiz bor - ovoz berish uskunalari yo’q. Shuningdek, elektr quvvati masalasi. O’sh va Jalol-Obod shaharlarini qayta tiklash bo’yicha davlat direksiyasi tomonidan tender o’tkazilib, hozir o’sha muammolarni bartaraf qilish yo’lidamiz. Xudo hohlasa, barcha kamchililklar yaqin orada yechiladi”, - deydi teatr rahbari.

Baxtiyorjon To’xtamatov fikricha, san’atkorlarning olib borayotgan ishlari juda katta ahamiyatga ega.

“Bo'layotgan voqealardan ko'rib turibmizki, siyosatchilar elatlarni birlashtira olmas ekan. Imkoni boricha ijodkor odamlar – yozuvchilar, bastakorlar, oqinlar, mana shunday teatr xodimlari xalqlarimizi birlashtirib, bir-biriga yaqinlashtirishimiz kerak”, - deydi arbob.

Yaqin kunlarda bu spektakl Jalol-Obod va Bishkek shaharlarida ham namoyish etiladi.