Sietl, AQSh-O'zbekiston aloqalarida muhim rol o'ynab kelayotgan shahar

Your browser doesn’t support HTML5

Sietl va O'zbekiston-Amerika aloqalari/Seattle & Uzbek-US relations

Amerikada eng ko'p quloqqa chalinadigan shikoyatlardan biri shuki, bu xalqning tashqi dunyo bilan ishi yo'q.

Nahotki, deya hayron bo'lishingiz mumkin. Dunyoning eng qudratli davlati, yer yuzidagi deyarli har bir o'lka bilan o'ziga xos murakkab rishtalarga ega Qo'shma Shtatlarda xorijga nisbatan qiziqish har yerda ham birdek yuqori emas.

Lekin shunday go'shalar borki, ular dunyoning boshqa shaharlari bilan yaqin aloqada. Sietl mana shunday markazlardan biri.

Sietl qaydasan deya yaqinda Amerika shimoli-g'arbidagi Vashington shtati tomon yo'l oldik.

Sietl Toshkent bilan 1989-yildan beri yaqin aloqada

Sietl – Amerikaning eng ko’rkam va so’lim shaharlaridan biri. Tinch okeani bo’yida joylashgan bu metropolis eng farovon va xavfsiz hududlardan biri sanaladi.

Ta’lim va texnologiya bobida yetakchi o’rinda turadi. Jahon kompyuter sanoatini tebratuvchi “Microsoft” kompaniyasi va uning asoschisi Bill Geyts uchun Sietl ona shahar.

“Boeing” aviasozlik zavodi ham aynan Sietlda joylashgan. Shuningdek, yana bir qancha yirik korporatsiyalar, sarmoya va moliya markazlari, xalqaro bizneslar va notijoriy tashkilotlar.

Kofega mukkasidan ketgan insonlar dunyo bo’ylab tarqalgan “Starbucks” do’konlari haqida bilsa ajabmas. “Starbucks” ham aynan Sietldan chiqqan.

Lekin Sietlni Sietl qiladigan bu uning aholisi. 370 kilometr kvadrat maydonni egallagan bu shaharda 600 milliondan ortiq odam yashaydi. Uning atrofida kichik shahar va tumanlar hayoti Sietl bilan bog’liq bo’lgani uchun butun hudud Katta Sietl deb ataladi.

Kimlar yashamaydi bu yerda deysiz. Elat va din borki, ularning vakillari Sietlda tirikchilik qiladi, bilim oladi, kun kechiradi.

Gari (Gary) Furlong, O'zbekiston-AQSh oliy konsuli

Kim bilan gaplashmaylik, “shahrimiz – global” deydi, har jihatdan. Bu haqiqat ekaniga o’zimiz guvoh bo’ldik. Bir misol, Sietl dunyoning 21 shahri va shu tariqa davlatining birodar shahri. Bu degani uzviy, madaniy-iqtisodiy hamkor. Hamkorlik siyosatdan boshlanadi desangiz adashasiz, deydi birodarlikni yo’lga qo’ygan arboblar. Avvalo, odam odamni tanishi kerak.

Kuzning bulutli, ammo iliq kunlaridan birida Geri Furlong bilan suhbatda bo’ldik. Janob Furlong, O’zbekiston-AQSh oliy konsuli. Har ikki davlat tashqi ishlar vazirligi tomonidan tan olingan arbob Sietldan turib faoliyat yuritadi.

“Men Davlat departamenti, ya’ni AQSh tashqi ishlar vazirligi, Toshkentdagi elchixona, O’zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi vakolatxonasi bilan yaqindan ishlayman. Maqsad – ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirish, iqtisodiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish”.

Iqtisodiy hamkorlik eng muhim narsa, deydi Gari Furlong

Geri Furlong O’zbekistonga birinchi marta 1989-yilda borgan. Toshkent shahar ma’muriyati u boshliq delegatsiyani quchoq ochib kutib olgan. Sietl va Toshkent orasida 1973-yildayoq aloqa o’rnatilgan, lekin O’zbekiston Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lgani uchun munosabatlarni yo’lga qo’yish bir oz qiyin kechgan. Bugun O’zbekiston mustaqil davlat, deydi Geri Furlong, dunyo bilan erkin aloqa qila oladi.

“Zamon, odamlar o’zgardi, ayniqsa yoshlar. O’zbekiston mustaqillikka erishganida 10, balki undan ham yosh bo’lgan bolalar bugun erkin va keng fikrlaydigan fuqarolar, nazarimda, chunki ular ko’p narsani ko’rdi. 20 yil o’tib, bugun yangi avlod vakillari yetishdi”,- deydi Furlong.

Bu arbob fikricha respublika oldida murakkab muammolar va sinovlar turibdi. Lekin, deydi u, xalq katta yo’lni bosib o’tganini ham unutmaslik kerak.

Prezident Islom Karimov AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan muzokarada, Toshkent, 2010-yilning dekabri

“O’zbekistonni Sovet davridan beri kuzatib kelayotgan amerikalik sifatida shuni aytishim mumkinki, bugun bu jamiyat har qachongidan erkin. Progress bor. Sietldan O’zbekistonga tez-tez borib turadigan yurtdoshlarim har safar o’zgarish borligini ko’rishadi. Bilaman, O’zbekiston tezroq o’zgarsin deya oshiqayotganlar ko’p, lekin bu oson emas, o’ziga yarasha xavfli tomonlari bor”,- deydi Furlong.

Diplomat fikricha prezident Islom Karimov shoshmay harakat qilamiz deb to’g’ri yo’l tutgan. Qo’shni Tojikiston qonli urushlarni boshdan kechirdi. Qirg’iziston siyosiy beqarorlikka yuz tutdi. Xalqqa avvalo tinchlik kerak, deydi Furlong.

Konsul sifatida u O’zbekistonni kezib chiqqan, shuningdek, Amerika bo’ylab doimiy safarda. O’zbek muhojirlar kun sayin ko’paymoqda, deydi u. Aniq sonini aytish qiyin, lekin yirik shaharlarda ularni har yerda uchratish mumkin. Ishchilar, talabalar, mutaxassislar, oilasini deb kelgan odamlar.

Sietl - AQShning eng s'lom va farovon shaharlaridan biri

Geri Furlong viza va hujjat masalasi bilan shug’ullanmaydi. Bu elchixonalarning ishi, deydi u.

“Ta’limiy, professional va madaniy almashinuv dasturlari, biznes va qishloq xo’jaligi bo’yicha hamkorlik… Asosiy ishim shular bilan bog’liq”,- deydi diplomat.

Siyosiy hamkorlik o’z yo’liga, deydi Geri Furlong, xalqni oldinga siljitadigan omillar bu tadbirkorlik va ishbilarmonlik.

Vashington shtatining katta qismi O’zbekiston singari hosildor yerlardan iborat. Iqlimi meva va sabzavot yetishtirish uchun ayni muddao. Ikki mamlakat fermerlari bir-biridan ko’p narsa o’rgansa bo’ladi.

Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlashda Vashington shtatiga yetadigani yo’q. “Mana shu sohada biz O’zbekistonga yordam berishimiz mumkin”,- deydi u.

Toshkent

Geri Furlong - biznes delegatsiyalarga boshchi. O’zbekiston AQShdan ko’proq sarmoya so’rar ekan, qanday imkoniyatlar bor?

Amerika qishloq xo’jaligi sohasida yordamni ayamaydi, deydi konsul. Irrigatsiyadan tortib, urug’chilikkacha. Kuchli mutaxassislar yetishtiradigan ilmiy maskanlarga ko’proq yoshlarni olib kelish mumkin.

O’zbekiston xalqi qanchalik mehnatkash va zehnli ekanini bilaman, deydi Geri Furlong. Mustaqillik yillarida odamlar biznes sirlarini o’rgandi. Bozor iqtisodiyoti nima ekanini anglay boshladi. Bu esa Amerikadek kapitalist davlatlar uchun hamkorlik qilishni osonlashtirdi. Hali qilinadigan ishlar talay, deydi Geri Furlong, lekin xohish bor joyda samara ham bo’ladi.

Alisher Navoiy bog'i, Toshkent

Iqtisodiy hamkorlikni oshirish kerak, xalq hayotiga bevosita ijobiy ta’sir qiladigan ishlar qilish kerak, deydi Geri Furlong. U Amerika hukumatini O’zbekistonga nisbatan uzoq muddatni ko’zlab siyosat yuritishga, ayniqsa yangi avlod vakillarini quvvatlashga undaydi.

“Hozirgi hamkorlik asosan Afg’oniston bilan bog’liq ekani afsuslanarli hol. Chunki, O’zbekiston bilan, aytganimdek, ko’plab sohalarda ezgu ishlar qilish mumkin. Umid qilamanki, urush tugaganidan keyin, e’tiborni shunga qaratamiz. Amerika Afg’onistondan chiqqach, O’zbekiston bilan aloqa torayadi deb o’ylamang. AQSh hamkorlikni kengaytirishiga ishonaman. Chunki xalqlarimiz yaqinlashuvidan har ikki tomon birdek manfaat ko’radi”,- deydi Furlong.