Suriya prezidenti Bashar al-Assad siyosiy partiyalar tuzishga ruxsat berdi. Mazkur buyruq fuqaroga yangi siyosiy harakatlar tuzib, ularga a’zo bo’lish huquqini havola etadi. Biroq shart shuki, partiyalar konstitutsiyaga amal qilishi lozim, diniy va qabilaviy asosda partiya yaratish taqiqlanadi.
O’tgan oy hukumat ayni mazmundagi qonun loyihasini tasdiqlab, prezidentga taqdim etgan edi. Assad shu tariqa isyon ko’targan xalqni murosaga ko’ndirmoqchi.
Inson huquqlari himoyachilarining aytishicha esa, Suriya xafvsizlik kuchlari kecha tunda to’rt kishini o’ldirgan. Poytaxt Damashq va Palmira shaharlarida xufton namozi paytida askarlar namoyishchilarga hujum qilgan. Kecha kunduz armiya isyonkor Hama shahrini egallagan. Guvohlarning bildirishicha, ko’cha-kuyda jasadlar yotgani, aloqa, elektr va suv ta’minoti uzib qo’yilgan.
Bu orada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi bir necha oy davom etgan tortishuv ketidan Suriyadagi zo’rlik va zug’umni qoraladi.
BMTning eng kuchli bo’g’ini sanalmish kengash bu davlatda mart oyidan beri to’polonda 1700 dan ziyod odam o’lib, minglab fuqaro qamalgani yoki bedarak ketganidan xavotirda. Lekin bayonot majburiy kuchga ega emas va unda Bashar al-Assadni Xalqaro Jinoiy Sudga topshirish haqida lom-mim deyilmaydi. BMT qarorgohidan xabar berishicha, bu masalada bir to’xtamda kelish oson emas.
Bayonotda BMT Xavfsizlik Kengashi “Suriyada hukumatning aholiga zulmini, inson huquqlarini ayovsiz poymol qilayotganini” tanqid qildi. Kengash, shuningdek, al-Assad ma’muriyatini “fuqaro huquqini e’zozlab, xalqaro qonunlarga rioya qilishga” chaqirdi va zulm sodir etganlar qilmishi uchun jazolanadi, deya eslatdi.
Xavfsizlik Kengashi har ikki tomonni, jumladan, muxolifatni hujumlardan tiyilishda undamoqda. Bu band “yolg’iz hukumatni ayblash adolatdan emas va namoyishchilar ham oppoq emas”, deb chiqqan Rossiya hamda boshqa a’zo davlatlar talabini aks ettiradi. Lekin G’arb diplomatlari fikricha, namoyishchilar o’zini himoya qilib ko’rgan choralarni hukumatning xalqqa qarshi hamlalari bilan qiyoslab bo’lmaydi.
BMT xulosasi shuki, muammoga yagona yechim – Suriya xalqi talablari va xohishini inobatga olgan holda barcha tomonlar ishtirokida muzokara o’tkazish. Assad ma’muriyati islohotlar va’da qildi, lekin ijroga kelganda bo’sh; berilgan va’dalar bajarilishi kerak, deydi kengash a’zolari.
Lekin xalqaro organ tugal bayonot bilan chiqqach, Suriyaning yaqin ittifoqchi va qo’shnisi Livan o’zini chetga oldi. Livan diplomati Karolina Ziyoda tarjimon orqali shunday dedi:
“Beayb insonlar o’layotganidan qayg’udamiz va ularning oilalariga hamdardlik izhor etamiz. Fikrimizcha, Suriyada islohotlar orqali farovon hayotga erishish mumkin. Lekin bugun muhokama qilingan hujjat Suriyadagi ahvolni yaxshilashga xizmat qilmas ekan, biz, Livan xalqi, bayonotga qo’shilmaymiz”, - dedi Karolina Ziyoda.
Britaniya elchisi Mark Layall Grant nazarida Livanning qarori yangilik emas va Kengashning yakdil xulosasiga mutlaqo ta’sir qilmaydi.
“Suriyadagi vahshiylik bas qilinishi kerak”, - deydi diplomat. “Mamlakat tinchlik va barqarorlik sari harakat qilishi lozim. Bunga esa g’ayriinsoniy harakatlarni zudlik bilan bas qilib, chuqur siyosiy reformalar, inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilgan holda, jinoyatchilarni javobgarlikka tortish orqali erishish mumkin”, - deydi Layall Grant.
Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi xalqaro qonun kuchiga ega keskinroq bayonot tarafdori edi, lekin Rossiya, Xitoy, Hindiston, Braziliya va Janubiy Afrika rasmiylari kuchli rezolyutsiya Liviyadagi kabi urushga yetaklashidan hayiqib, bunga yo’l qo’ymagan. BMT Xavfsizlik Kengashi yil boshida qabul qilgan rezolyutsiya qo’zg’olon domiga tortilgan Liviya uzra parvozlarni man qilib, Muammar Qaddafiy armiyasini nishonga olishga ruxsat bergan edi va NATO hamon uning ijrosi bilan mashg’ul.
BMT Bosh kotibi, Suriyada tinchlikka da’vat qilayotgan Pan Gi Mun:
“Yana bir bor, prezident Bashar al-Assad va uning ma’muriyatini zulmni shu ondayoq to’xtatishga, inson qadrini bilib, islohotlar o’tkazishga chaqiraman”, - deydi bosh kotib. “BMT Xavfsizlik Kengashi talabiga ko’nib, Suriyaga xalqaro gumanitar tashkilotlarni kiriting va Inson huquqlari oliy komissiyasi bilan ishlang”, - deya da’vat etdi Pan Gi Mun.
BMT bosh kotibi jinoyatlar mustaqil va oshkora ravishda tergov qilinishi, aybdorlar jazolanishi kerak ekanini eslatdi.
Pan Gi Mun kelasi yetti kunda Suriyadagi ahvol borasida Xavfsizlik Kengashiga hisobot berishi lozim.