BMT Xavfsizlik Kengashida yana Suriya muhokamada

  • Amerika Ovozi

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li kecha Damashqda prezident Bashar al-Assad bilan ko’rishib, qon to’kilishini tugatishga undagan.

Bugun BMT Xavfsizlik Kengashida namoyishlar tinmayotgan Suriyadagi ahvol muhokamada. Bir hafta oldin kengash hukumatning xatti-harakatini keskin tanqid qilib, muxolifatga nisbatan zug’umni bas qilishga chaqirgan edi.

Shu hafta arab davlatlari ham Suriya rahbariyatiga tanbeh berib, Xavfsizlik Kengashi siyosatini qo’llamoqda. Bu esa idora kuchliroq jazo chorasi bilan chiqishi mumkin degani.

Xususan, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Qatar va Bahrayn Suriyadagi elchilarini chaqirib olgan edi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li kecha Damashqda prezident Bashar al-Assad bilan ko’rishib, qon to’kilishini tugatishga undagan.

Faollarning aytishicha, oxirgi kunlarda askarlar yuzlab fuqaroni o’ldirgan. Kechaning o’zida 30 odam, bugun bir kishi nobud bo’lgani, Turkiya bilan chegaradosh qishloqlar hamda Hama va Dorilzor shaharlarida reydlar o’tgani xabar qilinmoqda.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland Suriya prezidenti xalqaro hamjamiyatning talablariga befarq ekanidan afsusda.

“Bashar al-Assadning so’nggi xatti-harakatlari uni tanqid qilishdan o’zini tiyib turgan davlatlarga ham ayon bo’lib bormoqda. Natijada xalqaro hamjamiyat e’tirozi kuchaygan. Lekin tanqid faqat so’zda emas, amalda ham bo’lishi lozim. Suriya hukumatini savdo, iqtisodiy jihatdan siquvga olish darkor”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi.

“Suriya bilan aloqani yaxshilashga harakat qildik”, - deydi Viktoriya Nuland. “2009 yilda Assad ma’muriyatiga qo’l cho’zib, islohotlar o’tkazishga, Yaqin Sharq kabi masalalarda vositachi bo’lishga undadik. Lekin Suriya rahbari boshqa yo’lni tanladi”.

Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrika bu orada Damashqqa diplomat yo’llab, rasmiylarni murosaga ko’ndirmoqchi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kecha Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim bilan telefonda gaplashib, zo’ravonlikni tugatishga chaqirgan.

Bashar al-Assad o’zini himoya qilib, hukumatning vazifasi jinoyatchilar va terrorchilarni tutib jazolash ekanini eslatadi. Buzg’unchi va zolim guruhlarni tek qo’ymaymiz, deydi Suriya prezidenti.