Amerika rahbari Isroilga safar qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Tramp Isroilda

AQSh rahbari Donald Tramp Isroilda. Yahudiy davlat va Falastin orasidagi azaliy nifoqqa barham berishga bel bog'lagan prezident xorijiy safarlarini shu mintaqadan boshladi.

Tramp avvalo Saudiya Arabistonida bo'ldi. Riyoddan keyin u Tel-Avivga uchdi. Tarixda biror samolyot bu ikki shahar orasida to'xtovsiz parvoz qilmagan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu va Prezident Reuven Rivlin Trampni aerportda shaxsan kutib oldi.

Tramp Isroildagi muqaddas dargohlarni ziyorat qiladi. 23-may kuni esa Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan Ramallohda muloqot qiladi.

Tramp fikricha Isroil-Falastin tinchligiga erishish aslida uncha qiyin emas. Lekin u bu maqsadga qanday qilib yetmoqchi, mavhum. Kuyovi Jared Kushner Trampning bu boradagi maslahatchisi va bu ish aynan uning bo'yniga yuklangan.

Tramp masalaga xolisona yondashishga so'z bergan. Isroil bosib olgan yerlarida yahudiylar uchun yangi uy-joy qurayotgani noto'g'ri, deydi prezident. Tinchlik muzokaralari 2014-yilda to'xtab qolgan.

Riyod, 22-may, 2017

Tramp 21-may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Riyodda 50 dan oshiq davlatdan kelgan arab va musulmon rahbarlar oldida so'zlar ekan, terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishga va diniy birdamlikka chaqirdi.

Tramp deydiki, Amerika musulmon dunyosi bilan yangicha koalitsiya qurishni istaydi. Unga kirganlar ekstremizmni ildizi bilan yo'q qilishga bel bog'lashi va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozim, jumladan islom ahli.

"Bu dinlararo, e'tiqodlararo, madaniyat yoki oqimlararo urush emas", - deydi Tramp. "Bu insoniyatga qarshi jinoyatlar qilayotgan qonxo'rlar va barcha dinlarning iymonli vakillari orasidagi kurash".

Tramp odatda "radikal islomiy terrorizm" degan iborasi bilan tanilgan, lekin bu safar uni qo'llamadi. "Islomiy ekstremizm va islomiy terror guruhlari olib borayotgan dahshatli harakatlarni" bartaraf etishga undadi.

"Amerika suveren davlat. Xavfsizlik va tinchlikni ta'minlash uchun barcha chorani ko'ramiz. Biz sizga aql o'rgatmoqchi emasmiz. Qanday yashashingiz, nima qilishingiz, kim bo'lishingiz, kimga va nimaga qanday sig'inishingiz - o'zingizning ishingiz. Mushtarak manfaatlar, qadriyatlar va maqsadlar yo'lida yaqindan birga ishlaylik. Har safar terroristlar begunoh insonlarni o'ldirganida, xudoni ro'kach qilganida, har bir e'tiqod vakili uchun haqoratdir".

"Terrorizm yer yuzi bo'ylab tarqalgan. Barcha dinlarning boshi shu yerda", - dedi Tramp Yaqin Sharq sarhadiga ishora qilib. "Bu muqaddas tuproq. Amerika siz bilan yonma-yon turib, xavfsizlik va o'zaro manfaatlar uchun kurashadi".

Quddus, 22-may, 2017

Bu nutqdan oldin Tramp Fors ko'rfazi davlatlari rahbarlari bilan muzokara qilib, Eron haqida gaplashdi. Ular Tehronga qarshi choralarni kuchaytirmoqchi. Shia respublika arab-sunniy davlatlar nazarida hamon ulkan tahdid manbai. Atom dasturini butkul yopmagan, qurollanishda davom etmoqda va qo'shni mamlakatlarda jangari to'dalarni quvvatlashda davom etmoqda, deydi arab arboblar. Oq uy nazarida ham Eronga ishonib bo'lmaydi.

"Livandan tortib, Iroq va Yamangacha, Eron terroristlarni moylayapti, qurollantirmoqda, treningdan o'tkazib, butun mintaqani yanada beqarorlashtirmoqda", - deydi Tramp.

Islom va siyosat bo'yicha ekspert Jozlin Sezari tahlilicha, Amerika rahbarining Riyoddagi nutqi uning xalqaro vaziyat xususidagi ilk mazmunli bayonotidir.

"Islom va radikalizm orasidagi farqni anglayotgandek. Lekin amalda buni qanchalik ko'ramiz, bilmaymiz", - deydi u.

Tramp musulmon davlatlardan Amerikaga kelishni cheklash qaroridan qaytmagan. O'z tinchligini ta'minlash uchun AQSh ayrim taqiqlarni qo'yishga majbur, deydi u. Lekin sud tizimi prezidentni bosh qomusni poymol etayotganlikda ayblab, uning farmonlarni yo'qqa chiqargan. Amerika darvozasi har qanday din va elat vakili uchun ochiq turishi kerak, deydi sudyalar.

Saudiya Arabistoni azaldan AQShning mintaqadagi strategik ittifoqchisi. Mudofaa va energetika sohalarida yaqindan hamkorlik qilinadi. Tramp qirollik fuqarolariga eshikni yopmagan.

Amerika rahbari Riyodda Qatar, Bahrayn, Misr va Quvayt rahbarlari bilan alohida gaplashib oldi. Bu mamlakatlar bilan biznes va harbiy rishtalar kengayadi, deydi rasmiylar. Tramp kelajakda bu davlatlarga safar qiladi.