BMT Isroilni G'azoga qarshi hujumlarni bas qilishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Volker Turk Isroilning G’azoga hujumlari ketidan sektorda ochlik va kasallik epidemiyasining yuzaga kelishini taxmin qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 16-noyabr, 2023-yil

Yaqin Sharqqa safari taassurotlari bilan bo’lishgan BMT rasmiysi G’azoda yoqilg’ining tugayotgani halokatli oqibatlarga, ya’ni oqava suvlari va sog’liqni saqlash tizimlarining izdan chiqishiga olib kelishini aytdi.

“Faoliyatim davomida dunyo bo’ylab ko’plab inqirozlarga guvoh bo’lganman, ammo bu qadar qo’rquv, g’azab va umidsizlikni ko’rmaganman. Yillar davomida tikanli sim ortida qashshoqlashgan G’azo xalqi ustiga asrimizda kamdan-kam uchraydigan jadallik bilan Isroil bombalari yog’ilmoqda. So’nggi besh haftadan beri sektorda yashovchi har 57 odamdan biri nobud bo’lgan yoki yarador”, - dedi Turk.

BMT rasmiysi Isroilni hujumlarni va umuman istiloni tugatishga chaqirib, falastinliklarda o’z kelajagini belgilash va o’z davlatiga ega bo’lish huquqi borligini aytdi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel Isroilni XAMASning o’tgan oydagi hujumlariga javoban g’azabga berilmaslikka chaqirib, bir dahshat bilan boshqa dahshatni oqlab bo’lmasligini aytdi.

Borrel bu haqda bugun Isroilga safari chog’ida bu mamlakat tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvdan so’ng bildirdi.

"G’azabingizni tushunaman. Ammo bu g’azab sizni qamrab olmasligi kerak”, - dedi Yevropa rasmiysi.

"Madaniyatli jamiyat va terror guruhi o’rtasidagi farq ham shunda. Madaniyatli jamiyat inson hayotiga hurmat bilan qaraydi, u uchun barcha insonlar hayoti bir xil ma’noga ega, shunday yondashuv bilangina xavfsizlikni ta’minlash mumkin”, - dedi Borrel.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ayni damda G’azodagi al-Shifo kasalxonasini evakuatsiya qilish ustida o’ylanmoqda.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining miintaqaviy favqulodda vaziyatlar direktori Rik Brennanning aytishicha, yoqilg’i tanqisligi Falastin Qizil Yarim oy jamiyati tez yordam mashinalariga bemorlarni xavfsiz joyga ko’chirishga imkon bermayapti.

"Evakuatsiya qilishda xavfsizlik va logistika muammolari bilan yuzlashyapmiz”, - dedi u.

Avval og’ir bemorlar va elektr quvvatining yoq’ligi sabab inkubatorlardan olingan 36 ta yangi chaqaloqlarni evakuatsiya qilish ko’zda tutilgan.

Bundan bir kun oldin isroillik askarlar kasalxonada reydlar o’tkazgan.

Sektordagi boshqa kasalxonalarda ham ahvol og’ir.

"Al-Shifo kasalxonasidagi vaziyat juda og’ir. Sionist dushman o’tgan tunda uni bosib oldi. Shundan beri hamkasblarimiz, bemorlar bilan aloqa yo’q. Majmua ichida nima bo’layotganidan, tibbiyot xodimlari va bemorlarga nisbatan zug’umdan bexabarmiz”, - deydi Xon-Yunus shahridagi Nosir kasalxonasining direktori Nahid Abu Taima.

Isroil garovdagi vatandoshlarini ozod etish uchun Qatar va qisman Misr vositachiligida XAMAS bilan muzokara olib bormoqda. XAMASning Qatardagi siyosiy idorasi vakili Izzat Rachiq bu borada kelishuvga erishilmaganini aytadi.

Taraflar 50 nafar isroillik va xorijiy asirni ozod etish evaziga Isroil tutqunligidagi falastinlik ayollar va bolalarni qo’yib yuborish yoki 3 yohud 5 kunlik otashkesim joriy etib, G’azoga gumanitar yordam kiritish taklifini muhokama qilmoqda.