O'zbekistonning yuzini shuvut qilgan milliy boylik

Bir asrdan oshibdiki, O'zbekiston xalqi paxta ekib keladi. Biroq millat uchun farovon hayotdan darak yo'q.


Paxta yakkahokimligi asoratlari mamlakat taqdirida chuqur iz qoldirmoqda - Orol fojeasi, xarob ekologik muhit, yerning sho'rlanishi...


Statistik ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston paxta xomashyosi bo'yicha dunyoda ikkinchi o'rinda. Shu qatorda qashshoqlik darajasi bo'yicha esa yetakchi o'rinlarda.

Mustaqillikdan avval ham, hozir ham, paxta iqtisodiyot va siyosatning bosh tirgagi bo'lib kelmoqda.


Bu yilgi paxta terimiga o'quvchilaridan tortib turli tashkilot xodimlarigacha jalb qiinlgan. Bir necha o'quvchi halok bo'lgani ma'lum.


Sharhlovchilar fikricha, O'zbekiston bolalar huquqini kafolatlovchi xalqaro bitimlarni buzishda davom etmoqda. Milliy boylik sifatida talqin etilayotgan "oq oltin" savdosidan tushayotgan daromad esa paxtakorlarga yetib bormayapti.


G'arbda o'zbek paxtasi turli savdo tarmoqlari tomonidan boykot qilinishda davom etar ekan, Toshkentda o'tgan xalqaro paxta yarmarkasida 950 ming tonna paxta tolasini sotish bo'yicha shartnoma imzolangan.


Bu shartnomalarning ayrimlari keyingi yil hosilini ham nazarda tutadi. Rasmiy xabarga ko'ra, imzolangan shartnomalar O'zbekiston paxta yetkazib beruvchi eng ishonchli hamkor ekanligidan dalolat beradi.


Qizil imperiya davridan avval ham Turkistonda paxta yetishtirilgan. Sovetlardan qolgan "oq oltin", "paxta - milliy boyligimiz" kabi atama va shiorlar bugun ham tez-tez eshitasiz.


Biroq paxta ekkan xalqning turmushi yaxshilanmayapti. Millionlab o'zbekistonliklar tirikchilik qilish uchun boshqa yurtlarda og'ir, qora ishlar bilan band.


Paxta haqiqatan ham O'zbekiston milliy boyligimi?


"Bu milliy boylik kimlarningdir cho'ntagiga kirib ketayapti. To'g'ri taqsim qilinsa, xomashyosi ham, texnik tomonlari ham, ahvolimiz bu darajaga yetib bormasdi. Ahvol kundan-kunga o'g’irlashayapti. Yerning sho'rlanishini yuvish kerak, lekin bunga ajratilishi kerak bo'lgan pulni kimlardir o'zlashtirgan. Milliy boylik deydi, oddiy paxtakorlar texnika, terim mashinasi bilan ta'minlanmagan", - deydi faollardan biri.


"Mening nazarimda paxta O'zbekiston uchun milliy boylik emas, balki ko'proq falokat. Gap shundaki, biror mamlakatda xomashyo bazasi ko'p bo'lib, uni nazorat qilish imkoniyati kuchli bo'lsa, odatda bu boylikdan foyda olishga intiluvchi guruhlar ko'payadi. Bu davlat idorasi, korrupsiyalashgan guruhlar bo'lishi mumkin. O'zbekistonda paxtani markazlashgan holda yig'ishtirish va sotish imkoniyati borligi bois ham 2002 yilga qadar qishloq xo'jaligida birorta islohot o'tkazilmadi. Bu esa butun iqtisodga o'z ta'sirini o'tkazdi”, - deydi mutaxassis Ravil Haydarov.


Sovet davrida paxta Moskvadagi hukumatni xursand qilish uchun yetishtirilgan. Hozir esa O'zbekiston hukumatini rozi qilish va u yuklagan majburiyatni bajarish uchun yetishtiriladi.


Majburiyatni amalga oshirish uchun butun xalqni safarbar etish taqozo etiladi. Bu yilgi terim ham shunday. Ma'lumotlarga ko'ra viloyatlarda 5-6-sinf o'quvchilaridan boshlab hamma dalada.


“6-sinfdan yuqorilar chiqarilgan, qishloq maktablarida 4-5-sinfdan chiqqan. Maktab yopilgan, fermerlar paxta terimiga arzon haq bergani uchun bolalar chiqayapti. O'quvchilar bepul ishlashini hamma biladi. Paxta yo'q, o'quvchilar ko'saklarni ochib ichidagi paxtasini olishyapti”, - deydi terim maydonidagi vaziyat haqida viloyatdagi o'qituvchilardan biri.


Bu yilgi terim mavsumida kollej o'quvchilaridan bir nechasi turli sabablarga ko'ra paxta dalasida halok bo'lgan. Oxirgi xabarga ko'ra, kollej talabasi, jizzaxlik qiz paxta dalasida o'zini osib qo'ygan.


"Nima sababdan o'zini osib qo'ygani hozirgacha noma'lum. Bu haqdagi ma'lumotni sir tutishga urinishayapti. Qiynoqlar, o'sha majburiyatni bajara olmagani uchun ko'rsatilgan bosimlar uchun o'zini osib qo'ygan degan ma'lumot bor. Haqiqatan ham ayrim talabalar paxta dalasidagi og'ir sharoitga chidolmasdan paxtadan qochib ketishayapti", - deydi bu haqda jizzaxlik faol.


Avvalroq Qashqadaryoda kollej o'quvchilaridan ikkitasi dala shiyponida mushtlashib halok bo'lgani, jizzaxlik yana bir o'quvchi hovuzga cho'kib o'lgani ma'lum qilingan edi.

Faollar nazarida bu fojealarning kelib chiqishi terim sharoitining og'irligiga, paxta terimi ustidan o'rnatilgan qattiq nazoratga bog'liq.


"Yeydigan ovqati - makaronni suvga qaynatib berarkan. Bir buxanka nonni besh kishiga bo'lib beradi, bolalarning qorni to'ymaydi. Har bir talabaga 50 kilodan majburiyat belgilangan. Majburiyatni bajarishga kuchi yetmagan talabalar esa majlisda sazoyi qilinadi, haqoratlar eshitadi”, - deydi bunga o'zi guvoh bo'layotgan o'zbekistonliklardan biri.


O'zbekiston Huquq himoyachilari alyansining yaqinda Namangandagi paxta dalasida o'tkazgan nazoratidan so'ng viloyatdagi rus maktablaridan biriga paxta dalasiga chiqmaslikka ruxsat berilgan. Alyans faolining aytishicha, bu rus maktablarining huquqni yaxshi bilishi bilan bog'liq.


"Paxta terimi bo'yicha nazorat qattiq, lekin biz borgandan keyin viloyatdagi 6 rus maktabi paxta dalasiga chiqmay qo'ygan. Tushunishimcha, ular o'z huquqlarini yaxshiroq tushunishadi, ariza bilan biror joyga chiqishlari mumkin", - deydi alyans vakili.


Viloyatdagi o'qituvchilardan biri deydiki, paxta terimidan bo'yin tovlagan maktab direktorlarining ishdan ketishi aniq.


"Maktab o'quvchilarini paxtaga chiqarmaymiz degan qaror qabul qilingan edi, lekin bu qarorga qaramasdan, yana paxtaga chiqarishayapti. Avvalgi yillari o'quvchilar dalada bo'ladimi-yo'qmi o'qituvchilarga bosim bunchalik emas edi. Hozir "sen shuncha o'quvchini olib chiqasan, plan shuncha, bajarmasang, ishdan ketasan" degan ko'rsatma bor", - deydi o'qituvchilardan biri.


Paxta yakkahokimligi tufayli O'zbekistonda iqtisodning boshqa tarmoqlari rivojlanmay qolgan.


"1996-2000-yillarda O'zbekiston hukumati konvertatsiyani taqiqlab qo'yishi paxta yakkahokimligiga asoslangan edi. Hukumat dehqonlarni paxta ekishga majburlab paxtani chetga sotish bilan valyuta tushumini ta'minlab boramiz degan fikrda edi. Bu nafaqat qishloq xo'jaligi, balki butun iqtisodning ham orqaga ketishiga sabab bo'ldi", - deydi mustaqil ekspert Ravil Haydarov.


Uning nazarida arzon paxta yetishtirish va uni chetga sotish uchun bozor iqtisodidan farqli bo'lgan alohida tizim kerak. Chunki bozor sharoitida dehqonni bunday tartibda ekin yetishtirishga majburlash mumkin emas.


"Qishloq xo'jaligidagi islohotlar muzlatib qo'yilgan. Paxta O'zbekistonda iqtisodning o'sishiga emas, balki uning turg'unligiga xizmat qilgan", - deydi Ravil Haydarov.

Qishloq xo'jalgi bo'yicha mutaxassislar, ekologlarni tashvishlantirayotgan bugungi muammo paxtaning ekologiyaga ta'siridir.


Paxta yakkahokimligi Orol dengizining qurishiga sabab bo'lgani unutilgan. Hosildor yerlar keskin qisqarib, sho'rlanish hajmi kengaymoqda.


"Nima sababdan ekologiya buzilmoqda, kasallik ko'paymoqda, sho'rlanish kuchaygan, hosildorlik pasaygan? Orolga shuncha pul ajratildi, lekin qurib bo'ldi. Bularni ilmiy jihatdan asoslab o'rganish kerak, qanday xatolarimiz bo'lgan, ularni yo'qotib, xulosa qilishimiz kerak. Hozir ko'proq umumiy gaplar ketayapti", - deydi ekolog olim Rustam Rajabov.