Jurnalist: Do’stumsiz qamaldagi harbiylar nobud bo'lardi

Faryob viloyatida yuzlab ming o'zbek yashaydi

Faryob viloyatining Qo’rmoch tumani so’nggi bir haftada qonli to’qnashuvlarga guvoh bo’ldi. Qariyb 50 harbiy o’lgan. Toliblardan 200 jangari halok bo’lgan.

Jurnalist Ahmad Sair O’zbek Ahadiy vaziyat va jangni yoritish maqsadida Faryobga safar qilgan. Uning aytishicha, ahvol nisbatan yaxshi, lekin odamlar uy-joylarini tark etgan. Jurnalist General Abdulrashid Do’stumga qarshi rejalangan bir ish haqida hikoya qiladi.

“Qaysordan o’tib, Chorshanba degan bir hudud bor. Toliblar o’sha yerda pistirma uyushtirgan ekan. 1200 nafar tolib 18 kilometrlik yo’lda bombalar joylashtirib, Vitse-prezident (General Do’stum)ni nishonga olmoqchi ekan. Vitse-prezidentning o’zi nishonga olingan harbiylar orasida yo’q edi. Voqeani eshitgach, darhol pistirma uyushtirilgan hududga qarab jo’nagan. Otishmalar natijasida afsuski, ko’plab qahramn yoshlarimiz hayotini yo’qotgan. Pistirmadan o’tgan, General Do’stum, 24 kundan beri qamalda bo’lgan “Chinoiylar kampi” degan harbiy markazga yetib borib, o’sha yerni o’ziga paygoh tuzgan”,- deydi Ahadiy.

Jurnalistning so’zlariga ko’ra, Faryobdagi jangarilar orasida pokistonliklar ko’p. O’lgan toliblarning oldidan Pokiston pasportlari topilgan. Telefonlarida Pokistin raqamlari yozilgan bo’lgan.

Afg'onistonlik jurnalist Ahmad Sair O’zbek Ahadiy

Ayni damda ular o’gir va yengil qurollardan foydalanmoqda. Politsiya va armiyadan tortib olgan tanklar va uzoqni uruvchi aslahalarni toliblar davlat kuchlariga qarshi ishlatadi.

“General Do’stum politsiya, armiya, o’zining maxsus qo’riqchilari mahalliy “peshmargalar”ni yig’ib, uyg’unlashtirib Qo’rmochning markaziga qarab yo’l oldi. Chorshanba kuni uyushtirilgan amaliyot tushgacha davom etdi. Unda armiya poygohigacha sakkiz kilometr va tuman markazigacha uch kilometrdagi toliblarni yengib o’tdi. Toliblar nazoratidagi harbiy punktlar qaytib olindi”,- deydi Ahadiy.

Bolomarg’ob hududidan olingan ma’lumotlarda 180 tolib o’lgani va 190 nafari yaralangani aytiladi. “Taxti Xonim” degan hududdan kelgan xabarlarga ko’ra esa 50 nafar tolib o’lgan va 70 nafar jangari yaralangan.

“Chinoiylar kampi” degan markazda qamalda qolgan harbiylar soni 90 nafar edi. Armiya poygohidagi harbiylar soni 300 nafarga yetar edi. 24 kundan beri qamaldagi 90 nafar harbiyning ham o’qi va yemaklari tugagan ekan. Uch-to’rt oyda yig’ib-jamlab qo’ygan qattiq nonlarni suvga ivitib yeydi ekan. Agar yana ikki kunda Geral Do’stum kelmasa, toliblar ularni tiriklayin ushlab oladi ekan. Biz harbiylar bilan suhbatlashdik, ular hozir juda xursand, vaziyat yaxshi. Ular so’nggi o’n kun ichida yog’lig’ narsa yeb ko’rmagan”,- deyd Ahmad Sair.

Faryob viloyatidagi mahalliy jangchilar

Hukumat maktablar va shifoxonalar vayron qilinmasin, deb keladi, hatto agar toliblar nazoratida bo’lsa ham.

“Toliblar oddiy odamlarga Qo’rmosh shahrini tark etishni buyurgan. Ular biz urushamiz, harbiylar bu yerdan haydab yuboramiz; agar urushda qolsangiz, o’lsangizlar, mas’uliyat bizning zimmamizga emas, deb qo’rqitgan. Ular majbur bo’lib hududni tark etgan. Hozir bu yerda hech kim yo’q. Ular tog’larga qochib ketishgan”,- deyd jurnalist Ahadiy.

“General Do’stum Qo’rmoch shahrini tark etgan, qochib ketgan aholini qaytib kelshga undamoqda”.

Qo’rmocha va uning atroflari, Davlatobod, Jumabozor, Fayzobod tumanlarida toliblar juda faol. Odamlar ularning faollashyotganidan tashvishda, deydi Ahadiy.