AQShning Afgʻonistondagi harbiy qoʻshini Markaziy Osiyo davlatlariga joylashishi ehtimoli xususida gap ketar ekan, "Amerika Ovozi" Tojikistondagi fikrlarni o'rgandi.
Kelayotgan kuzda AQSh 2001-yil 11-sentabr voqealaridan keyin terrorchilar bilan kurashish maqsadida Afgʻonistonga qoʻshin kiritganiga 20 yil toʻladi. Vashington harbiylarini olib chiqmoqda.
Bu qoʻshin Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga joylashtirilishi mumkinmi? Bu borada hali biror qaror yoki kelishuv yo'q.
Tojikistondan siyosatshunos Sherali Rizoyon fikricha, AQSh bu borada Qozogʻiston va Tojikistonga ko'z tikmagan.
Buni ham ko'ring AQSh kontrterrorizm uchun Markaziy Osiyodan qanday foydalanishi mumkin?"Qozogʻiston va Tojikiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti aʼzosidir va bu tashkilotning ichki hujjatlariga koʻra, aʼzo davlatlardan biri barcha aʼzo davlatlarning ruxsatisiz oʻz hududida boshqa davlatning harbiy bazasi tashkil boʻlishiga ruxsat bera olmaydi. Rossiya va AQSh munosabatlarining hozirgi holatini nazarga olib qaraydigan boʻlsak, Kreml hech qachon AQSh qoʻshinlari Markaziy Osiyoga qaytib, joylashishiga rozilik bermaydi", - deydi Rizoyon.
Uning nazarida, AQSh harbiy bazasi Oʻzbekistonga joylashtirilishi ham nazariy jihatdan nomumkin.
“Oʻzbekiston tashqi siyosatining 2012-yilda qayta tahrir qilingan konsepsiyasida ushbu mamlakat hududida boshqa davlatlarning harbiy bazalari boʻlishi mumkin emasligi taʼkidlangan. Shuningdek, bu davlat harbiy va siyosiy tashkilotlar faoliyatida ham qatnashmaydi. Bu nuqta 2005-yildagi Andijondagi voqealar va AQSh qoʻshinlarining chiqib ketishi, Oʻzbekistonning 2006-yilda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga qayta kirish va 2012-yilda qayta chiqib ketishi ortidan qabul qilingan edi. Yana bir nuqtaga eʼtibor qaratish kerakki, yuqoridagilarga qaramay Oʻzbekiston oʻz hududida Germaniya qoʻshinlarining boʻlishiga ruxsat berdi”,- deydi Rizoyon.
Suhbatdosh fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari bu borada qatʼiy qaror qabul qilgan boʻlishiga qaramay, tashqi omillarni, xususan, kuchli davlatlarning pozitsiyasini eʼtiborsiz qoldirmaydi. Yaʼni, u yoki bu davlat uchun istisno tarzida ruxsat berishi mumkin.
Tahlilchi Ilhom Yusupovning fikricha, AQSh harbiy qoʻshinlari Qozogʻiston yoki Oʻzbekistonga joylashishi mumkin, ammo Tojikistonga emas.
“Chunki Tojikistonda Rossiyaning oʻz hududidan tashqaridagi eng katta harbiy bazasi – 201-diviziya bor. Bu diviziyaning asosiy vazifasi ham mintaqa tinchligi uchun Tojikiston–Afgʻoniston chegarasini qoʻriqlashdir. Shu sababli AQShning ham shu maqsad bilan mintaqada qoldiriladigan harbiylari Tojikistonga joylashtirilsa, kelgusida koʻplab tushunmovchilik yoki muammolar kelib chiqishi ham ehtimoldan uzoq emas. Shuning uchun Tojikistonga joylashtirilmasligi har uch tomon – Tojikiston, Rossiya va AQShning oʻzi uchun ham yaxshi”, - deydi tahlilchi.
Buni ham ko'ring AQSh-Markaziy Osiyo: Yangi harbiy baza?
AQSh masʼullari Afgʻonistondan olib chiqiladigan harbiy qoʻshin taqdiri masalasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan muloqotlar qilishi ortidan Rossiya va Tojikiston orasida harbiy hamkorliklarni yana ham takomillashtirish harakatlari ham boshlanib ketishi sezilmoqda. Tojikistondagi 201-diviziya ham avval sobiq Sovet Ittifoqining Afgʻonistondan olib chiqilgan qoʻshinlari boʻlib, davlatlar mustaqilligini qoʻlga kiritgandan soʻng Rossiya ixtiyoriga oʻtgan. Hozir 201- diviziya tarkibida 7 ming nafar atrofida harbiy xizmat qilishi aytiladi.
Sherali Rizoyon:
“Birinchidan, AQSh harbiy bazasiga qaysi davlat oʻz hududidan yer bersa, tabiiyki, evaziga ular ham moddiy daromad oladi, ham kelgusida zamonaviy harbiy texnikalarga ega boʻladi. Shuning uchun ham AQSh Afgʻonistondagi qoʻshinlarini shimoliy tomonga olib chiqishi Markaziy Osiyo davlatlari orasida raqobatni keltirib chiqarishi mumkin.
Ikkinchidan,Markaziy Osiyoda AQSh harbiy bazasining tashkil etilishi dunyoning yirik davlatlari oʻrtasida raqobatni kuchaytiradi. Chunki AQShning mintaqadagi harbiy ishtirokiga Rossiya va Xitoy xotirjam qarab turolmaydi va hatto Moskva va Pekin tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari hukumatiga bosim kuchaytirilishi mumkin”.
Buni ham ko'ring C5+1 dialogida ham Bayden davri boshlandiMarkaziy Osiyoda AQSh qoʻshinlarining oʻrnashishi Xitoy va Rossiyaning taʼsirini kamayishiga olib kelishi mumkin. Ammo bu AQSh va Xitoy, hamda AQSh va Rossiya orasidagi raqobatni kuchayishiga ham sabab boʻladi.
“Koʻplab rus tahlilchilarining fikrlariga qaramay, AQSh harbiylarining Markaziy Osiyoga oʻrnashishi Rossiyadan koʻra koʻproq Xitoyga qarshi yoʻnaltirilgan bo'ladi. Balki Rossiya bilan raqobat ikkinchi darajali va istalgan paytda birinchi darajaga chiqar. Umuman, aytadigan boʻlsak, AQSh va Xitoy yoki AQSh va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi raqobatlari mintaqaning oʻzi uchun foydali emas”,–deydi Rizoyon.
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh C5+1 platformasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash yuzasidan maslahatlashib keladi.
Rizoyon fikricha, milliy yoki diniy nizolar qoʻzgʻalishi ehtimolini ham nazardan qochirmaslik kerak. Masalan, Xitoyning Shinjon viloyati yoki uch davlat tutashgan Fargʻona vodiysida turli millat va turli dinga eʼtiqod qiluvchilarning zich yashashi va iqtisodiy muammolarning koʻpligi, hayot darajasining pastligi ziddiyatlarga yetaklashi mumkin degan xavotir bor.
Rizoyon deydiki, AQSh harbiy bazasiga joy berish masalasini Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda koʻrib chiqib, hal qilishi kerak. Ana shunda ular orasida raqobat paydo boʻlmaydi. Ammo, uning fikricha, AQSh harbiylari Afgʻonistondan Oʻzbekistonga olib chiqilishi va shu mamlakatda oʻrnashishi ehtimoli yuqori.
Chunki bu qoʻshinning asosiy vazifasi - Afgʻonistondagi xatarning oldini olish. Tahlilchi Mozori Sharifdan Oʻzbekistonning Termiz viloyatiga temir yoʻl qatnovi yoʻlga qoʻyilganini ham eslatadi.