2007-yildan beri O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatga qarshi kurashib kelgan xalqaro koalitsiya - "Paxta kampaniyasi" xulosa qilishicha, oradan 15 yil o'tib, hukumat endi bu muammo ortidagi asosiy kuch emas. 2021-yildagi kuzatuv va tekshiruv shuni isbotlagan.
Vashingtondan yuritiladigan harakat shu bois global miqyosdagi boykotini bekor qildi, ya'ni O'zbekiston paxtasidan ishlangan mahsulotlarni sotmang, respublika xomashyosidan voz keching, deya olib borgan targ'ibotini to'xtatdi.
"Paxta kampaniyasi"ning bir qismi bo'lgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi, Germaniyada asoslangan tashkilot, o'tgan yilgi tahlilnomasida e'tirof etishicha, Mirziyoyev rahbariyati odamlarni paxta dalalariga zo'rlab olib chiqish siyosatini olib bormayapti. Bunday ishlar oldinlari markaziy hukumat buyrug'iga ko'ra amalga oshirilar edi.
2017-yilda O'zbekistonda boshqaruv majburiy mehnat chuqur ildiz otgan muammo ekanini tan olib, Prezident Shavkat Mirziyoyev unga barham berishni va'da qilgan edi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti hukumat bilan yaqindan ishlab, masala 2019-yillarga kelib sezilarli darajada hal qilindi, deya "Paxta kampaniyasi"ni O'zbekistonga nisbatan cheklovlarni targ'ib qilmaslikka undab kelayotgan edi.
Biroq koalitsiya nazarida muammo ko'lami hamon keng edi. Paxta yetishtirish bilan bog'liq jarayonlarda huquq faollari qator salbiy holatlarni xatlagan.
Bugunga kelib esa, deya bildiradi harakat yetakchilari, uning doirasidagi aktivistlar, huquq himoyachilari, xalqaro kompaniyalar, ishlab chiqaruvchilar, dunyo bo'ylab paxtadan ishlangan tovarlar bilan savdo qiladigan birlashmalar boykotdan chiqishga qaror qilgan.
"Paxta kampaniyasi"ning buyog'iga asosiy talabi: O'zbekistonda sistematik islohotlar davom etsin; mehnatkashlar huquqlari e'zozlansin; dehqonlar ezilmasin; fuqaro jamiyati kengaysin va rivojlansin. Mamlakatda vaziyat yaxshilanishda davom etmasa, deya ogohlantirmoqda koalitsiya a'zolari, cheklovlar qaytishi muqarrar.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbek forumi direktori Umida Niyozova boykotni bekor qilish borasida bergan bayonotida yillar mobaynida mamlakatda hayotini tahdid ostiga qo'yib, adolat uchun kurashgan insonlarni tilga olgan. Mana shu jasur odamlarning sa'y-harakatlari va kuzatuvlari samarasi o'laroq, deydi u, xalqaro hamjamiyat O'zbekistonda majburiy mehnat muammosiga e'tibor qaratib, chora ko'ra boshlagan.
2009-yilda o'zbek huquq himoyachilari arziga ko'ra, O'zbekiston paxtasidan yuz o'girish kampaniyasi avj olib, tashabbusga qo'shilgan 331 brend va savdo tarmoqlari respublika mahsulotini mutlaq ishlatmaslikka so'z bergan edi.
O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi nazarida "bu tarixiy yutuqqa" fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlar, shuningdek, hukumatning majburiy mehnatga barham berishga qaratilgan qat’iyati natijasida erishildi.
O'zbekiston Senati raisi Tanzila Narbayeva "Paxta kampaniyasi" delegatsiyasi bilan uchrashib, hamjihatlik va mamlakatdagi vaziyatni "to'g'ri baholagani" uchun minnatdorchilik bildirgan.
Narbayeva fikricha, koalitsiya xulosalari asosli.
"Bu ilgari Xalqaro Mehnat Tashkilotining 2021-yil uchun tegishli monitoring natijalari bo‘yicha hisobotida tasdiqlangan. Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining alohida o‘rni qayd etilgan", - deydi Senat raisi.
Uning qayd etishicha, "Paxta kampaniyasi" bilan "konstruktiv hamkorlik" davom etadi. Tomonlar Toshkentdagi muloqotda shunga kelishib olgan.
Boykotga yetakchilik qilgan mutaxassislardan Patrisiya Yurevich deydiki, O'zbekiston bilan ishlashga bel bog'lagan har qanday kompaniya endilikda xomashyo qanday yetishtirilganini tekshirib, xalqaro normalar asosida qadam tashlashga o'zi mas'ul.
Hukumat ekspluatatsiya siyosatini to'xtatgan bo'lsa-da, majburiy mehnat hollari hamon kuzatiladi. Qonunbuzarliklar zudlik bilan tergov qilinib, adolat ta'minlanishi shart, deya chaqirmoqda "Paxta kampaniyasi".
Hozirgi dolzarb muammo - huquqbuzarlikni aniqlab, fuqarolarni va dunyo ahlini xabardor qiladigan nohukumat tashkilotlarning ro'yxatdan o'tishi va erkin faoliyat yuritishi amri mahol. Monitoring bilan shug'ullanadigan o'zbekistonliklar bosimga uchraydi, rasmiy va norasmiy tazyiqlar ostida ishlaydi.
"Paxta kampaniyasi" nazarida O'zbekistonda erkinlik cheklangan, "repressiv siyosat" boykotlarga yetaklaganini aslo unutmaslik lozim.
Ishchilarning huquqlari va manfaatlari tizimli ravishda himoya qilinishi kerak. Koalitsiya hukumatni paxta sanoatini shaffof va qonun ustuvor sohaga aylantirishga undamoqda.
“Biz adolatli va insonni qadrlovchi industriya shakllanishi kerak deb hisoblaymiz", - deydi Ellison Gill, "Paxta kampaniyasi" yetakchilaridan biri.
Gill kabi huquq himoyachilariga ko'ra, paxta ekilganidan tortib, tayyor mahsulotga aylanguniga qadar mas'uliyat va javobgarlik ta'minlanishi shart. Jarayonda ishtirok etadigan tomonlar, mahalliy yoki xorijiy, qonunlarni buzmasligi talab qilinadi.
Shu kungacha "Paxta kampaniyasi" olib borgan tekshiruvni endi har bir kompaniyaning o'zi mustaqil va vijdonli ravishda o'tkazib, adolatsizliklar va korrupsiyaga sherik bo'lmasligi yoki ularga ko'z yummasligi zarur. Vaziyat haqida xolis va ishonchli ma'lumot beradigan vositalar va tomonlarga bemalol ishlash uchun sharoit yaratilishi lozim. Shikoyatlar vaqtida ko'rib chiqilsin, yechimlar ustida hamkorlikda ishlar olib borilsin, deya undayapti koalitsiya.
"Paxta kampaniyasi" asoschilaridan, AQSh sobiq diplomati, demokratiya va huquq masalalari bilan yuqori lavozimlarda shug'ullangan Bennett Friman fikricha, O'zbekistonda o'tgan besh yildagi "ochiqlik siyosati" samara bergan.
“Prezident Mirziyoyev yetakchiligida misli ko'rilmagan islohotlar amalga oshirila boshladi va hukumat boshchiligida odamlarni majburiy mehnatga jalb etish muammosi hal etildi, - deydi Friman. - O'zbekiston hukumatini fuqaro jamiyati uchun erkin muhit yaratishga undaymiz".
Paxta yetishtirishda adolatsizliklarga yo'l qo'yilmasin, deydi u, muammolar sistematik ravishda hal etilsin.