O'zbekiston BMT maxsus vakili tavsiyalarini qanchalik bajara oldi?

Hukumatga ko'ra, bugungi O'zbekistonda diniy erkinlik - norma. Inson huquqlari tashkilotlari tahlilicha esa cheklovlar hamon talay.

2017-yilning kuzida O'zbekistonni kezib, e'tiqod erkinligi qay ahvolda ekani bilan tanishgan Ahmad Shahid o'sha paytda BMTning bu boradagi maxsus vakili sifatida o'z hisobotini taqdim etib, qator tavsiyalar bergan edi.

BMTning bunday darajadagi elchilaridan birortasi 15 yil davomida O'zbekistonga qadam bosmagan edi. Shu bois Shahid tashrifi respublika va tashkilot orasidagi hamkorlikda yangi sahifa deya qaralgan.

Shahid 2018-yilda BMT Inson huquqlari kengashi va O'zbekiston hukumatiga uzatgan tahlilnomasida 12 rekommendatsiya bitilgan edi. Uning asosiy mavzusi dunyoviylik, ya'ni sekulyarizm himoyasi va ekstremizm, ya'ni mutaasiblikning oldini olish choralari xususida bo'lgan.

Bu hisobotga tayanib, O'zbekiston hukumati diniy erkinlikni ta'minlash uchun yo'l xaritasi tuzgan. Lekin vaziyatni yaxshilash uchun amalda nima ishlar qilindi?

Hozirda Britaniyaning Esseks universiteti professori Shahid va uning ekspert hamkorlari bugungi muhitni o'rganib chiqdi. Guruh rasmiylar, faollar va mutaxassislar bilan muloqot qildi. Xulosalar shu hafta e'lon qilindi.

Toshkentdagi Hazrati Imom masjidi, 22-oktabr, 2021

Xulosalar

O'zbekiston hukumati, Shahid va u bilan ishlagan mutaxassislar nazarida, 2017-yilning oktabr oyidan beri inson huquqlari e'zozlanishi yo'lida qator ijobiy qadamlar tashlagan. Biroq insitutsional islohotlar sust, ayniqsa davlat xavfsizligini ta'minlash va huquq himoyasi bo'yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish orasida muvozanatga yetaklovchi tizimlarni shakllantirish. Besh yil oldin berilgan tavsiyalar hozirgacha aksariyat hollarda qisman bajarilgan, qolganlari esa umuman amalga oshirilmagan.

Tizim "diniy erkinlikka toqat qilish" bilangina cheklanmay umumbashariy inson huquqlari tamoyillarini hurmat qilishni o'rganishi lozim. Bu jarayon biror jamiyatda oson kechmaydi, deya yozadi ekspertlar. Bu sohada islohotlar shaffof va mas'uliyatli yondashuvni talab qiladi.

O'zbekiston Jinoiy kodeksi va Ma'muriy kodeksi xalqaro me'yorlarga moslanishi lozim. Hozirgilar undan yiroq, deya tahlil qiladi xalqaro mutaxassislar.

Ekstremizmga qarshi kurashda ham xalqaro qonunlar va me'yorlar hurmat qilinishi kerak. Har qanday holat mustasno hisoblanishi uchun ham tamoyillarga binoan harakat qilish zarur. Huquqiy asos kerak. E'tiqodlararo hamjihatlik bahonasi bilan fundamental huquqlar buzilmasligi lozim.

Shahid va ekspertlar O'zbekiston hukumatini sekulyarizm tushunchasini ma'muriyat va huquq tartibot orasida emas, kengroq doirada muhokama qilishga hamda teng huquqlilik va erkinlikni ta'minlashda qo'rquv va diksriminatsiyaga yo'l bermaslikka undamoqda.

Bu yo'nalishda biror o'zgarishni fuqaro jamiyatisiz qilib bo'lmaydi. Diniy tashkilotlar, xalqaro muassasalar va BMTning tegishli organlari bilan yaqindan va sidqidildan ishlash kerak.

Toshkentdagi Hazrati Imom masjidi, 22-oktabr, 2021

Diniy tashkilotlarning ro'yxatga olinishini osonlashtirishda davom etmoq zarur. Jarayonlar tez, ochiq va xolis bo'lishi uchun zarur choralar ko'rish payti kelgan.

O'zbekistonda diniy targ'ibot, missionerlik taqiqlanadi. BMT sobiq maxsus vakili buni oldin tanqid qilgan, hozir ham mazkur cheklovlarni yumshatishni maslahat bermoqda, jumladan diniy adabiyotlar importini, chop etish va tarqatishni erkinlashtirishni.

Diniy tarbiya borasida ham hukumat ota-onalarga ko'proq ishonib, bolalari dars olishi uchun o'zlari qaror qilishiga yo'l ochishi kerak, deydi ekspertlar.

Ekstremizm qonunchilikda mavhum emas, aniq ta'rifga ega bo'lsin.

O'zbekiston Jinoiy kodeksi va Ma'muriy kodeksi xalqaro me'yorlarga moslanishi lozim. Hozirgilar undan yiroq, deya tahlil qiladi xalqaro mutaxassislar.

Ahmad Shahid, 2016-2022 yillarda BMTning E'tidoq erkinligi bo'yicha maxsus vakili

Ekstremizm nima ekani qonunchilikda hozirgi mavhum shakldan aniq va muayyan ta'rifga o'tishi kerak. O'zbekistonda bu masalada 2018-yilda qabul qilingan qonun qayta ko'rib chiqilishi zarur.

"Diniy ekstremizm" va "anti-konstitutsion" faoliyat, shuningdek,
"noqonuniy diniy guruh" singari iboralar asosli ishlatilishini ta'minlash kerak. E'tiqodi uchun odamlarni qamash amaliyoti bas qilinishi lozim. Soxta ayblovlar bilan qamalgan insonlarning shikoyatini ko'rib chiqish, oqlanganlarni reabilitatsiya qilish, ularning huquqlari tiklanishi uchun chora ko'rish tartibini ishlab chiqish payti yetgan.

Inson huquqlari, jumladan e'tiqod erkinligi himoyasi jamiyat va tizim orasida kuchli ishonch talab qiladi. Uni shakllantirish uchun nazorat sistemasi yangilanishi kerak. Xalqaro ekspertlar sarhisobicha, bu jarayon ham O'zbekistonda hali boshlanmagan.

Toshkentdagi Hazrati Imom masjidi, 22-oktabr, 2021

Shahid va boshqa mutaxassislar respublikada diniy ilm dargohlarini ko'paytirib, bu borada yangi ta'lim dasturlari yaratishga chaqirmoqda. Ular erkaklar va ayollar uchun birdek xizmat qilishi kerak.

Diniy hayotda xotin-qizlar kamsitilmasligini ta'minlash zarur.

Ekspertlar O'zbekistonni BMTning qiynoqlar va noinsoniy munosabatlarga qarshi protokolini ratifikatsiya olishga ham undamoqda.

Diniy hayotda xotin-qizlar kamsitilmasligini ta'minlash zarur, deyiladi hisobotda, ayniqsa ozchilikdan chiqqanlar kamsitilmasligi uchun maxsus choralar ko'rish kerak. Ijtimoiy stigmalar ustun kelmasligi, etnik va jinsiy nafrat urug'ini sochuvchi targ'ibotlarga toqat qilinmasligi, huquqlarni buzganlar vaqtida javobgarlikka tutilishi, matbuot bu masalalarni bemalol yorita olishi uchun erkinlikka ega bo'lishi zarur.

Hukumat diniy erkinlikni normaga aylantirish uchun fuqaro jamiyati va inson huquqlari tashkilotlari bu sohada ishlashi uchun sharoit yaratishi kerak. Erkinlik va mas'uliyatni birdek targ'ib qilishda ularning roli beqiyos, deyiladi Shahid yetakchiligida yozilgan hisobotda.