Xitoy 18-19 may kuni Sian shahridagi sammit orqali Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirib, oradagi ishonchni mustahkamlashga bel bog'lagan.
Prezident Si Zinpin Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojiikiston, Turkmaniston va O'zbekiston rahbarlari bilan uchrashib, bir davrada maslahatlashib olmoqchi.
Hafta oxirida, 19-21 may kunlari "Katta Yettilik" Yaponiyada yig'iladi. Xitoyga nisbatan chora ko'rish bu eng kuchli demokratiyalarning asosiy mavzularidan biri.
Ekspertlar deydiki, Pekin Vashington yetakchiligidagi xalqaro hamjamiyatga qarshi bir doirani shakllantirish payida. Xitoy yaratishga intilayotgan yangi tizimda Markaziy Osiyo alohida ehtiromda bo'ladi, deya bu o'lkalarning liderlarini unga ergashishga chorlamoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari G'arb va Rossiya bilan ham hamkorlikni oshirish ilinjida va ko'p tomonlama tashqi siyosati bilan maqtanib keladi.
Bishkekdan mutaxassis Niva Yu tahlilicha, Xitoy bozoriga mintaqa mahsulotlari ko'proq kira boshlasa, Markaziy Osiyo uchun haqiqiy madad bo'ladi. Ular shuni so'rab kelmoqda, deydi tadqiqotchi.
2022-yildagi hisobga ko'ra, Pekin o'tgan 30 yilda regionga 70 milliard dollardan oshiq sarmoya kiritgan.
Xitoy yangi savdo yo'llarini shakllantirish rejasida qat'iy, deydi rasmiylar. Markaziy Osiyo bilan bog'liq ikki loyiha anchadan beri muhokamada: Qirg'iziston va O'zbekiston bilan temir yo'l hamda Turkmanistondan yangi gaz quvuri.
Mintaqaga eng ko'p qarz berayotgan davlat - Xitoy. Qirg'iziston va Tojikiston yalpi milliy mahsulotning beshdan bir qismi hozirda Pekindan kelgan kreditlarga bog'liq.
Rossiya Ukrainadagi urush va uning oqibatlari sabab zaiflashgan paytda, deydi ekspertlar, mintaqa Xitoyga ko'proq tayanishga majbur.
"Xitoy - mintaqa uchun birinchi o'rindagi muqobil sherik", - deydi Berlindan tadqiqotchi Temur Umarov.
Xitoy uchun Markaziy Osiyo xavfsizligi muhim ekanini Pekin bot-bot eslatib keladi. Afg'onistonda Tolibonning hokimiyatga qaytishi mutaassiblik borasidagi xavotirlarni oshirgan.
Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, Xitoy Shinjon-uyg'ur muxtoriyatida terrorizm va ekstremizmga qarshi chora deya, musulmon va turkiy uyg'urlarni ezib kelmoqda.
Mintaqaning biror hukumati bu holatga shu paytgacha tanqidiy munosabat bildirmagan. BMT taxminicha, bir milliondan oshiq uyg'ur Xitoy mehnat lagerlarida azoblanmoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqi Pekinga qarshi cheklovlar qo'ygan.
Markaziy Osiyo yirik davlatlar orasidagi raqobat maydoni bo'lishni xohlamaydi, deydi sharhlovchilar. Siandagi sammitda mintaqa rahbarlari buni qayd etishi, o'zaro manfaatlar asosida ishlashga tayyorligini ta'kidlab, regionga o'ziga xos hudud sifatida qarashga undashi kutilmoqda.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Van Venbinning jurnalistlarga bildirishicha, madaniy va ta'limiy rishtalar ham bag'oyat muhim. Shuningdek, tibbiyot, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik.
Mintaqa bo'ylab hozirda 13 shaharda Konfutsiy instituti ochilgan hamda qator kasb-hunar markazlari va Xitoy uylari faoliyat ko'rsatadi.
Xitoy va qozog'istonlik kino ustalari qo'shma loyihalar olib boradi. O'zbekiston va xitoylik tarixchilar birga ishlaydi. Qirg'izistonlik musiqachilar bilan dasturlar taqdim etiladi. Bunday hamjihatlik faqat kengayadi, deydi Van.
Xitoy va Markaziy Osiyodaning 62 shahri va viloyati birodarlik aloqalariga ega. Sian shahridan mintaqa tomon 17 poyezd yo'nalishi bor, deya ta'kidlaydi Van.