Qo'shxotinlik amaldorlar orasida "moda"ga aylanmoqda

So’nggi yillarda Markaziy Osiyo respublikalar bo’ylab ko’p-xotinlilik oddiy holga aylana boshladi.

Masalan Tojikistonda amaldorlar orasida qonuniy rafiqasidan tashqari ikki va uch ayolni saqlash moda deb e'tirof etilmoqda.

Rasmiylar boshqa illatlar qatorida buni ham ochiq tan olmaydi. Cho'ntak ko'taradimi, demak, yana xotin olishga asos bor degan qabilda ish tutilmoqda.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon muassislik qilayotgan “Bonuvoni Tojikiston” jurnalida qayd etilishicha, respublikada 300 mingga yaqin ersiz ayol bor ekan.

Respublikada hozir 25 yoshdan o’tgan aksar qizlar yigit kishiga turmushga chiqmoqni faqat orzu qiladi xolos.

Ularning ba’zilari esa kimgadir ikkinchi xotin bo’lib yashashga ham rozi. Ammo bu kabi nikoh ko’pchilikdan sir tutiladi yoki ochiq muhokama qilinmaydi.

Bunday nikohlar sababini Rossiyada tadbirkor kishiga uchinchi xotin bo’lib yashashga rozi bo’lgan Zebo ismli ayol iqtisodiy qiyinchilikdan deb biladi.

“Rossiyada ko’loblik bolaga majbur uchinchi xotin bo’lib tegdim. U yerda juda qiynaldim, uyga pul jo’natish kerak, ijara haqi to’lash kerak. Yeb-ichish kerak, o’zimdan ortmay qoldi. Yilda bir marta Tojikistonga kelaman. Turmush o’rtog’im meni tushunadi, yo’l kira haqlarini beradi, bolalarimni kelib ko’rib ketishga",- deydi u.

"Tojikistonda ersiz qiynalib yashayotganlar qonuniy tarzda ikkinchi xotin bo’lishlariga huquqiy asos yaratilsa yaxshi bo’lardi. Xotinini boqa olsa, erkaklar 3-4 xotin olaversalar ham bo’ladi. Bu narsa qonunlashtirilsa zo’r bo’lardi”,- deydi Zebo.

So’g’d viloyati qishloqlaridan biridagi xotin-qizlar qo’mitasi raisasi Ermatoy Ibragimova esa tarbiyali qizlar albatta o’z juftini topib ketishiga ishonadi.

“Avvalambor yaxshi ayollar hayotda qolib ketmaydi. Bizni ko’p erkaklarimiz ikki xotinni boqa olmaydi.Oilani hozir xotinlar sudramoqda. Farzandni yaxshi tarbiyalash kerak. Ikkinchidan yaxshi xotinni eri hech vaqt qo’yvormaydi. Yaxshi erkakdan ham xotin ajralmaydi”,- deydi Ibragimova.

Nomini aytishni istamagan boshqa bir ayol respublikada qo’shxotinlilik qonuniy tusga kiritilishi tarafdori ekanligini aytadi. Uning o’zi iqtisodiy qiyinchilik sabab erining boyvachcha bevaga uylanishiga rozi bo’lganini yashirmaydi.

“Erimni mendan tashqari nikohda ikki xotini borligini bilaman. Bittasi katta biznesmen. Xitoyga qatnaydi. Mashoyihlardan qolgan gap bor – “ Kundosh kundoshga paxta otadi” degan. Juda qiynalib ketdim. Majbur endi, kudoshimnikiga borib kirini yuvaman, ovqatini qilib beraman. Bizda ko’pxotinlilik qonuniy tusga kiritilsa yaxshi bo’lardi deb o’ylayman. Chunki hammasi yashirincha emas, ochiqchasiga, halol bo’lardi, tinch yashardik”,- deydi bu ayol.

Tabiiyki, o’z yorini birov bilan bo’lishishni istamaydigan ayollar juda ko'p. Lekin taqdirga tan berib, ona bo'lish umidida noqonuniy xotin bo'lishga tayyorlari ham kam emas.

"Men bu dunyoda so’qqabosh o’tganimdan ko’ra, hech bo’lmasa farzand istab kundoshlikka rozi bo’lardim. Biz ham juftimizni topishimiz kerak-ku”,- deydi 28 yoshli Gulro’ ismli qiz.

Xatlon viloyatilik boshqa bir ayol qo’shxotinlilikka rozilikni hayot uchun kurashning bir yo’li sifatida ko’radi. U ham bu odat qonuniylashtirilishini xohlaydi.

Bu juvon fikrcha ersiz xotinlar bola boqishga qiynaladi. Uning o’zi ham majbur bo’lganidan uchinchi xotin bo’lib yashashga rozi bo’lganligini aytadi.

“Xudoga shukur, endi bolalarimning qorni to’q, egni but”,- deydi u.