Toshkentda AQSh elchixonasi ayni damda bir yillik almashinuv dasturiga hujjat qabul qilmoqda.
Tanlov g'oliblariga Fulbrayt (Fulbright) dasturi asosida AQSh universitetlarida bir yil o'qish imkoniyati taklif etiladi.
Bu borada to'liq
ma'lumotlarni elchixona sayti – www.usembassy.uz
dan olish mumkin.
Biroq yoshlar o'zga yurtga borishdan oldin, u yerning tartib-qoidalarini bilib qo'ysa zarar qilmaydi.
Har holda boshqa davlatda domlaga munosabat, kiyim-bosh, darslar va baholash – hammasi farq qiladi.
"Amerika ovozi" O'zbekistonda ta'lim bergan amerikalik professor Erik Fridman bilan ana shu tafovutlar haqida suhbatlashdi.
Michigan Davlat Universiteti professori Erik Fridman (Eric Freedman) 2001-2002 o'quv yilida O'zbekiston Jahon Tillari Universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan.
"O'zbekistonlik talabalarim uchun domlaning aytgani aytgan edi", - deydi u.
"Juda tarbiyali va itoatkor edi ular. AQShdagi talabalardan farqli ravishda talabalarim o'qituvchi fikriga qarshi chiqmas, bahs qilmas edi domla bilan".
Masalan, "Amerika universitetlarida,"- deydi Erik Fridman, "dars bahs-muhokama shaklida, jonli o'tadi".
Gap to'g'ri yoki noto'g'ri javobda emas, maqsad studentni mustaqil fikrlashga o'rgatish.
Professor O'zbekistondagi talabalarini eslar ekan, ular mushohada va tahliliy javob berishdan yiroq edi, ayniqsa imtihonlarda bunga ko'nikmagan edi, deydi.
Holbuki, Amerika universitetlarida talaba juda ko'p o'qib, yozishi kerak, o'z fikrini ham og'zaki, ham yozma ravishda aniq ifoda eta olishi shart.
"Amerika universitetlarida studentdan ko'p adabiyot o'qish talab qilinadi. Muammo shunda ediki, O'zbekistonda mavzuga doir o'zbek va rus tilidagi qo'llanmalar yo'q edi. O'zim bilan juda ko'p kitob, jurnallar olib borib kutubxonaga topshirganman. Biroq o'zbekistonlik talabalarim jurnallar, katta-katta boblarni o'qishga odatlanmagan edi".
Amerikada o'qishga otlangan talaba ko'p mutolaa qilishi kerak bo'ladi.
Bu yerda kutubxonalar – universitet ustuni, xazinasi sanaladi. Undagi jamiki javohirot – kitoblar talaba uchun.
"Xalqaro jurnalistika fakultetida, esimda, kutubxonachi kitoblarni o'z mulkiday changallab o'tirar edi. Student kitobni olish uchun talabalik bileti yoki pasportini garovga tashlab ketishi kerak edi. Hatto adabiyotlar uyga kamdan-kam berilardi. Amerikada, kitoblarni uyga olib ketib, haftalab foydalanishga haqlisiz",- deydi professor.
Qo'shma Shtatlarda talaba erkinlik va haq-huquq nima ekanini juda yaxshi biladi. Darslarda o'zini erkin his qiladi, professor bilan tengma-teng gaplashadi.
Bilim olish fikr almashishni talab qiladi, ham tengqurlar, ham o'qituvchi
bilan, deydi Erik Fridman.
"Amerikalik student "universitetga pul to'ladimmi, demak qoidani ham men belgilayman" qabilida ish tutadi. Darsni bajarmasa, dakki berishga hech kimning haqqi yo'q. Baho yoqmasa shikoyat qilib keladi, talashib-tortishadi. Bu ular uchun tabiiy hol. Shunga haqqi bor".
Yana bir misol. O'zbekistonda student ko'chirishni ayb deb bilmaydi. Maktabda nish urgan bu illat keyinchalik universitet va idoraga ko'chadi.
Umuman, plagiat –
jinoyat degan tushunchaning o'zi yo'q, deydi Erik Fridman.
"Ko'chirgan talabaning qog'ozini tortib olib, g'ijimlab yerga tashlasam ham ta'sir qilmas edi".
Albatta, bu Amerikada plagiat yo'q degani emas, deydi Erik Fridman.
Kimdir o'rtog'idan iltimos qiladi, hatto pul to'lab, diplom ishini yozdiradiganlar bor.
Farqi shundaki, AQShda talaba qo'lga tushib qolsa, qattiq jazolanadi - fandan yiqiladi, hatto o'qishdan haydaladi. Kelajagi barbod bo'lishi mumkin.
Professor Fridman Toshkentdagi bir voqeani eslaydi.
"O'zbekistonlik talabalarimni guruhlarga bo'lib, har biriga alohida topshiriq berdim. Turli davlatlarda matbuot erkinligini o'rganib, ma'ruza qilishlari kerak edi. Hammasi qaysidir kitobdan ko'chirib kelgan. Nimani talaba yozgan-u, nima ko'chirilganini bilish qiyinmasdi".
Professor O'zbekistonda talaba ko'chirdi, deb ma'muriyatga shikoyat qilganida, "qo'ying, e'tibor bermang," deb qo'l siltashgan.
Boshqalarning fikrini tinglashga o'rganmagan, izlanish va ilmiy munozara olib borishga o'rganmagan yoshlar uchun Amerika oliygohlari o'ta raqobatli tuyulishi mumkin.
Maqsad
bilim olish, fikr doirangizni kengaytirish ekan, o'zga jamiyat va o'zgacha
o'qish usullariga ham tayyor bo'lishingiz kerak.