O'zbekistonda majburiy obuna kampaniyasi boshlangan

O'zbekistonda ommaviy axborot vositalari soni mingdan oshadi. Ayni paytda matbuotga obuna bo’lish uchun tashviqot ishlari boshlangan.

Hukumat ko'rsatmasiga ko'ra, tashkilot, korxonalar rasmiy gazetalarga obuna bo`lishga majbur.

O'z navbatida korxonalar buning haqini xodimlar maoshidan ushlab qoladi. Obunadan bo`yin tovlaganlar ishdan chetlatilishi mumkin.

Matbuot uchun majburiy obuna kampaniyasi davom etar ekan, ayrim jurnalistlar maoshlari o`z vaqtida berilmayotgani haqida yozmoqda.

Ommaviy axborot vositalari soni jihatidan O`zbekiston mintaqada yetakchi o`rinda bo`lishi mumkin. Bu raqam 1200 taga yaqinlashgan. So`z erkinligini bo`g`ish bo`yicha dunyo miqyosida sanoqli davlatlardan biri ham O`zbekiston ekani e’tirof etiladi. Mingdan oshib ketgan axborot vositalari orasida hanuz nazoratdan xoli bo`lgan mustaqil nashr yo`q.

Aholi o'rasida matbuotni "qizil" va "sariq" nashrlarga bo'lish urf bo'lgan

“Qizil” nashrlar ijtimoiy-siyosiy voqelik haqida yozayotgan, “sariq” nashrlar esa ijtimoiy-siyosiy voqelikka aralashmaslik shartini qabul qilgan ko`ngilochar gazetalar.

Ijtimoiy-siyosiy gazetalar davlat idoralariga, hukumat tomonidan tuzilgan rasmiy partiyalarga, jamoat tashkilotlariga tegishli. Aholi asosan sariq nashrlarni o`qiydi, “qizil” gazetalar o'quvchisi juda kam, tahririyatlarning asosiy umidi sotuvdan yoki reklamadan emas, obunadan. Aholi esa ixtiyoriy ravishda “qizil” nashrlarga obuna bo`lishni xohlamaydi, bunday hollarda bosim hokimiyat yordamida amalga oshadi.

“Davlat gazetalari ro'yxat bo'yicha obuna qildriladi. O'qituvchilar, boshqalarni maoshlaridan qaytarib qolishadi. Lekin obuna bo`lmasa, ularni ahvoli juda og`irlashadi. Bu ayrim gazetalarni tirajidan ham ma`lum. Sariq gazetalarga nisbatan 10 barobar kam”, - deydi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Nusrat Rahmat.

Obuna majburiy, byudjet idoralari yo'q deyishga haddi sig'maydi

Byudjetdagi tashkilot rahbarining aytishicha, tashkilotga 3 million so`mlik obuna majburiyati yuklatilgan. Majburiyatni bajarish uchun xodimlar maoshidan ushlab qolishdan boshqa imkoniyat yo`q. Xodimlar esa ishdan haydalmaslik uchun boshliq ko`rsatmasiga qarshi bora olmaydi.

Rasmiy matbuot nimasi bilan aholi xafsalasini pir qilmoqda degan savolga shunday javob beriladi:

“Hukumat buni qora denglar, buni esa oq denglar degan mazmunda ko`rsatma beradi. Odamlarni bir fikrlashga, mulohaza qilishga undaydigan hech narsa yo`q. Hukumat matbuotni nazoratga olish bilan odamlarni fikrlash darajasini eng past ko`rsatkichga tushirib yubordi”,- deydi mustaqil jurnalist Nosir Zokir.

Jurnalistlar deydiki, matbuotdagi nazorat sariq nashrlar rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

“Televideniyedagi saviya matbuotdagidan ham battar. Xalqni matbuot bilan mutlaqo ishi yo`q. Faqat bizda saviyasi past sariq gazetalar rivojlanib ketdi, hatto 100 ming tirajdagi gazetalarni ham uchratish mumkin. Lekin ular mamlakatdagi siyosatga, ijtimoiy hayotga mutlaqo aralashmaydi”, - deydi jurnalistlardan biri.

Odamlar axborotga chanqoq; internet - asosiy xabar manbai

Sharhlovchilar fikricha, O`zbekistonda axborotga chanqoqlik kuchli. Odamlar bu chanqoqlikni asosan xorij ommaviy axborot vositalari orqali qondirishga harakat qiladi. O`zbek tilida eshittish berayotgan xorij radiolari mamlakatda mashhur.

Internet rivojlanishi axborot ta`minoti borasida ham ma`lum imkoniyatlar yaratgan, biroq hukumat bu imkoniyatlarni cheklash usulini rivojlantirmoqda, mustaqil axborot saytlarga kirish to`sib qo`yilgan.

Jurnalist va yozuvchi Nusrat Rahmat shaxsiy internet sahifasini yo’lga qo`ygan kam sonli ijodkorlardan biri. Nusratrahmat.ru saytida o`zbek matbuoti muammolariga bag`ishlangan maqolalar bor, biroq bu maqolalarni to`siqsiz o`qish qiyin.

“Sayt ochganman, unda ancha dadil narsalar ham qo`yganman. Lekin ko`p satylarni ocholmaymiz. Modomiki shunday ekan, demak, bu ayrim sohalardagi muammolarimizni ko`rsatadi. Lekin oxirgi paytda bolalarni kompyuterdan, internetdan uzoqroq ushlashga targ`ibot qilinayapti. Bema’nilik, zo`ravonlikni targ`ib qiladi deb, bu noto’g’ri. Zo`ravonlik kitoblarda, gazetalarda ham bor, nimani ko`rish, nimani o`qishni kattalar maslahat berishi kerak”, - degan fikrda jurnalistlardan biri.

O`zbekistonda senzura rasman bekor qilingan bo`lsa-da, matbuot hukumatning keskin nazorati ostida qolmoqda. Hukumat odatda bunday ayblovlarni inkor etadi va mamlakatda mingdan ziyod axborot vositalari erkin faoliyat yuritayotganini ta`kidlaydi.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov matbuot kuni munosabati bilan jurnalistlarni tabriklar ekan, ularni ichki senzuradan xalos bo`lishga chaqirdi. Jurnalistlarning aytishicha, prezident tabrigi shunchaki minbardan aytilayotgan gaplar, matbuotni nazorat qilish boshida hukumatning o`zi turibdi.

“Rostdan ham shuni xohlaydigan bo`lsa, erkinlik bersin, prezident aytsin televizordan. Qonunlar emas, Konstitutsiyaning o`ziga amal qilinsa shuni o`zi yetadi. Rostdan erkinlik bersa, jurnalistlar o`zi biladi nimani yozishni”,- deydi mustaqil jurnalist Rahimberdi Komilov.

Jurnalistlarda ichki senzura rivojlanishi uchun sabablar yetarli

Qamoqda jazo muddatini o`tayotgan yoki quvg`inda yashayotgan jurnalistlar juda ko`p.

Ikki oy muqaddam esa yana bir mustaqil jurnalist Dilmurod Sayid tovlamachilikda ayblanib, 12 yarim yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Qamoqqa olingan, taz’yiqqa uchragan jurnalistlarning aksariyati tanqidiy maqolalari bilan tanilgan kishilar.

“Bilasiz, bizdatsenzura yo`q, rostdan ham bekor qilingan. Lekin hukumat muharrirlarni javobgar qilib qo`ydi. Avval yaxshi maqolalari bilan tanilgan jurnalistlarni militsiya redaksiygaa kirib, ko`pchilikni oldida urib, qamagan hollari ham bo`lgan. Buni ko`rib turgan redaktorlardan keyin nimani kutish mumkin”, - deydi Nosir Zokir.

“Bizni o`zimizda ham qo`rqoqlik bor, men saytda “Fojea” degan hikoyamni qo`yganman. Dastlab uni “O`zbekiston fojeasi” deb nomlagandim, keyin cho`chidim, o`zgartirdim. Bir maqol bor - yoshlikda ekstremist, keksalikda kompromiss bo`lmagan odam, yaxshi odam emas degan. Ehtimol shuning uchun bizni avlod kompromisga borib ishlayotgandir. Bundan tashqari, albata yuqoridan nazorat bor, oshkor etilmasa ham”, -degan fikrda Nusrat Rahmat.

Yaqinda “Tafakkur” jurnali bosh muharrir o`rinbosari Faxriddin Nizomov gzt.uz saytida o`zbek jurnalistlari maoshlarini ololmayotgani haqida xabar tarqatdi. Bu xabar jurnalistlar orasida biroz munozaraga sabab ham bo`ldi. Faxriddin Nizomovning o`zi bu haqda intervyu berishni istamadi. Xabarga ko`ra, o`zbek jurnalistlari ham naqd pul taqchilligi, plastik kartochkalar muammosi bilan to`qnash kelishgan.

Mustaqil jurnalistlar deydiki, shu xabarning o`zi o`zbek matbuotining hayotdan ancha uzilib qolganini ko`rsatadi.

“O`zbekistonda davlat byudjetidagi xodimlar, nafaqaxo`rlarni maosh ololmayotgani bir yarim yillar avval boshlangan edi. Aslida jurnalistlar xalq oylik ololmayotgan paytda shu narsani yozib chiqishi kerak edi, lekin ular aksincha buni inkor etib yozishdi. Natijada muammo ularni o`ziga ham yetib keldi. Hozirgi maqola nazarimda muamo ko`rsatish uchun emas, maosh berilishini so`rab yozilgan. Faxriddin Nizomov muamoni o`rganishni istasa jurnalistlardan emas, xalqdan boshlashi kerak edi”, - deydi mustaqil jurnalist Rahimberdi Komilov.

O`zbekistondagi qonunlarga ko`ra, senzura, matbuotni nazorat qilish taqiqlangan. Biroq bu qonun ham faqat qog`ozda, amalda esa matbuot nima haqda yozishini asosan hukumat beldilaydi.