Qirg'iziston: Jurnalist qo'rqayaptimi, demak jamiyat qo'rqayapti

Xalqaro tashkilotlar Qirg’izistonda jurnalistlarning kaltaklanishi va hattoki o’ldirilishi yuzasidan xavotir bildirib, rasmiy Bishkekdan sinchkov tergov o’tkazishni talab qilmoqda.

Mutaxassislar nazarida bir vaqtlar erkinlik shabadasi esgan Qirg’izistonda bugun matbuot kuchli bosim ostida.

Mamlakat ichki ishlar vazirligida oxirgi 4 yilda ommaviy axborot vositalari xodimlariga 28 hamla qayd qilingan. Muxolifatning aytishicha esa jurnalistlarga hujum hollari 60 dan oshgan. So’nggi paytlarda o’lkada xorijiy qalamkashlarga qo’l ko’tarish faktlari ham kuzatilmoqda.

Yaqinda Qozog’istonda olingan og’ir jarohati oqibatida bishkeklik jurnalist Gennadiy Pavlyuk jon berdi. U Almati shahrida ko’p qavatli binodan qo’llari bog’langan holda uloqtirib tashlangan edi. Bishkekda yashovchi Rossiya fuqarolari Aleksandr Knyazev va Aleksandr Yevgrafov do’pposlangan.

Qator xalqaro tashkilotlar, jumladan Amerikaning Qirg’izistondagi elchixonasi jurnalistlarga bo’layotgan bosim hollaridan taassufda. Mamlakat rahbariyatidan kerakli choralar ko’rish so’ralgan.

Nega Qirg’izistonda qalamkashlar xavf-xatar ostida qolayotir?

Jalolobod shahridagi inson huquqlari tashkiloti xodimi Abdumalik Sharipovga ko’ra, bunga Qirg’izistondagi hozirgi sharoit sabab.

“Qirg’iziston O’zbekiston yoki Turkmaniston kabi emas. Qo’shni o’lkalarda jurnalistlarni kaltaklash, o’ldirish shart emas. Hukumat o’zi bir bahona topib qalamkashlarni og’zini yopadi. Lekin bizda hozirda o’tish sharoiti mavjud: nisbatan demokratik davlatdan qandaydir avtoritar rejimga o’tayapmiz. Bu sharoitda davlatning qo’lida jurnalistlarni “yo’lga solish” uchun kerakli vositalar, asboblar yo’q. Turli kuchlar o’z bilganicha qalamkashlarning tanobini tortib qo’ymoqchi bo’lyapti. Bu joyda kriminal dunyo aralashayotgani, jurnalistlarni o’zlari ham aybliligi haqida gaplarga men ishonmayman”, - deydi u.

Jamiyat mahalliy jurnalistlarga hujum hollariga ko’nikib qolganday ko’rinadi. Har holda jiddiy norozilik sezilmaydi. Qarshilik uchratmagan kuchlar endi xorijiy muxbirlarga ham musht ko’tara boshlaganga o’xshaydi.

“So’z jurnalistlarning qaysi yo’nalishda ishlayotganida. Rossiyalik qalamkashlar ichida ham allada aziz, pistayu-mayiz bo’lib ishlayotganlar oz emas. Lekin rossiyalik yoki boshqa davlat jurnalisti bo’ladimi, bizdagi siyosatga aralashsa, o’shalar noxush vaziyatga tushib qolayapti-da”, - deydi Abdumalik Sharipov.

Mahalliy jurnalist va tadqiqotchi Svetlana Gafarova nazarida, jurnalistlarga bosim Qirg’iziston matbuoti saviyasini keskin pasaytirgan, tanqidiy maqolalar ozayib ketgan. Matbuot vositalarida kelishuvchanlik, silab-siypash, hamdu-sanolar o’qish odat tusiga kirgan.

“Jurnalistlarning kayfiyati tushib ketgan. Ular o’zlari va yaqinlari xavfsizligi, hayoti uchun qo’rqa boshlagan. Jamiyat uchun bu juda tashvishli ishora. Jurnalistlar qo’rqayaptimi, demak jamiyat qo’rqayapti”, - deydi Svetlana Gafarova.

O’shlik jurnalist Qubanich Joldoshev ikki oy muqaddam no’malum kimsalar tomonidan qattiq kaltaklangan. Yaqinda u faoliyat qo’rsatayotgan shahar ro’znomasiga do’q-po’pisali maktub yuborilgan. Maktub ichiga o’q solib qo’yilgan.

“Albatta qo’rqinchli holat. Bizning ham bola-chaqamiz bor, qarindosh-urug’larim, do’stlarim ishlamay qo’ya qol deyapti. Lekin bunday jinoyatlar ochilmasa, demak shunday qilsa bo’laverar ekan, otsa-chopsa bo’laverarkan, degan fikr tug’iladi odamlarda”, - deydi Qubanich Joldoshev.

Qirg’izistonda so’z erkinligini ta’minlash borasida vaziyat o’nglanmasa, ushbu demokratik qadriyat har tomonlama muhofaza qilinmasa, oqibatini tasavvur qilish qiyin emas, deydi suhbatdoshlar.