“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, Eron oxirgi 10 yil mobaynida yadroviy izlanishlarini asosan yashirin yerosti laboratoriyalarda olib borgan.
“Mamlakatning turli burchaklarida joylashgan tunel va bunkerlar atom infrastrukturasini hujumdan asraydi, shuningdek dastur maqsadlari va ko’lamini yashirishga xizmat qiladi”, - deydi mutaxassislar.
BMT talablariga javob berish uchun Tehronga o’tgan yilning dekabrigacha muhlat berilgan edi. Qo’shma Shtatlar rad javobini olgach, yangi sanksiyalar ustida ish boshlagan.
Eron bir necha shahrida yangi uran inshootlari bunyod etilayotganini tan oladi, biroq rasmiylarning ta’kidlashicha, ularning baridan maqsad bitta – atom energiyasi olish, aholining iqtisodiy farovonligini ta’minlash.
Eronni yadro quroli ishlab chiqarishda ayblayotgan G’arb nazarida niyat haqiqatdan ham xolis bo’lsa, rasmiy Tehron undan talab qilinayotgan ma’lumotni dunyo hamjamiyatidan yashirishiga asos yo’q. Ish BMT nazorati ostida olib borilsa bo’lgani.
Biroq Eron pozitsiyasida o’zgarish yo’q. Qom shahri yaqinidagi tog’li hududda yana bir yadroviy inshoot qurayotgani xavotirlarni yanada kuchaytirgan. Ayni paytda jazo choralarini kengaytirish haqida so’z ketmoqda.
“Ittifoqchi davlatlar bilan yangi sanksiyalar borasidagi muhokamalarni boshlab yubordik”, - deydi AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton. “Ular Eron hukumati, xususan uning buyruq-ko’rsatmalarini so’zsiz bajaruvchi harbiylar, Inqilobiy Gvardiya a’zolariga qaratiladi. Xalq ulardan aziyat chekmasligi kerak”.
“Eron, afsuski, uranni mamlakatdan tashqarida, uchinchi bir davlatda boyitishga ko’nmadi. Mamlakat rahbariyati AQShning o’zaro hurmat asosida, tog’ridan-to’g’ri muloqot qilish taklifiga ham javob bergani yo’q. Qaytaga ham ichki, ham tashqi siyosatda faqat salbiy o’zgarishga guvoh bo’lyapmiz”, - deydi Xillari Klinton.
Uning so’zlariga ko’ra, Vashington iloji boricha “muhlat” so’zini ishlatmaslikka harakat qilyapti, chunki Tehron bilan dialog boshlashdan hamon umidini uzmagan.
Atom qurollari nazoratiga doir qator asarlar muallifi Leonard Spektorning qayd etishicha, “Jenevada Eronga taklif qilingan reja har jihatdan muvozanatli, muzokarada ishtirok etayotgan tomonlar xohish-istagini inobatga olib tuzilgan edi. Chunki ham G’arb davlatlari, ham Eron oxir-oqibat murosa qilish kerakligini yaxshi tushunadi”.
Uranni ham energiya olishda, ham atom quroli yasashda qo’llash mumkin. Bu moddani Rossiya va Fransiyada kerakli dajarada boyitib, mamlakatga qaytarish taklif qilingan edi. Eron buni rad etib, o’z shartini qo’ymoqda.
“Biz ham G’arbga ultimatum qo’ydik va u bir oy ichida bajaralishi kerak”, - deydi Eron Tashqi ishlar vaziri Manucher Mo’ttakiy. “Eron uranni Fransiya yoki Rossiyadan xarid qilishi yoki mahsulotni bevosita o’z hududida ayirboshlash taklifini o’lga surmoqda. Bu G’arbga ma’qul bo’lmasa, yadroviy yonilg’i olishga o’zimizning ham qurbimiz yetadi”, - deydi Mo’ttakiy.
Tahlilchilar fikricha sanksiya bilan yuzlashishi kutilayotgan Eron so’nggi bayonoti bilan “murosa qilishga urindik, lekin G’arb bizni tushunmadi” demoqchi. “Hukumat shu tariqa aybdan forig’ bo’lib, muzokara mag’lubiyatini Amerika va Yevropaga to’nkash niyatida”, - deydi Meir Javedanfar.
Aksariyat ekspertlar nazarida Eronning uran inshootlarini yigirmatagacha ko’paytirishi quruq dag’dag’a. Bu ko’lamda ish olib borish uchun mamlakatda zarur mahsulot yo’q. Eron Qozog’istondan maxfiy tarzda 1350 tonna uran xarid qilishga urinmoqda degan xabarlarni har ikki hukumat yaqinda tuhmat deya rad etdi.
“Mahsulot yetishmovchligi Eron atom dasturini jadal olib borishdan to’xtatib turgan omil. AQShning maqsadi Eronga nisbatan xalqaro embargoni kengaytirish. Qozog’iston Eronga uran sotayotgani rost bo’lsa, bu sa’y-harakatlar pand berishi hech gap emas”, - deydi Vashingtondagi yadroviy izlanishlar markazi xodimi Leonard Spektor.
Tehron va Ostona bitim imzolash arafasida degan xabarlar tarqala boshlagach, Qo’shma Shtatlar Eron BMT sanksiyalari ostida ekanini eslatib qo’ygan. Qozog’iston uran ishlab chiqarish bo’yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan. O’tgan yilgi ko’rsatkichlari bo’yicha hatto Kanadadan oldinda.
Eron sarmoyasiga tashna Tojikiston yaqinda bu mamlakat yadro dasturini qo’llab-quvvatlashini bildirdi. Mahmud Ahmadinejod bilan muloqotdan so’ng prezident Emomali Rahmon “Eron strategik hamkorimiz, dastur atrofidagi ziddiyatlar diplomatik tarzda hal qilinishi zarur” degan.
Eronda ichki ahvol kun sayin og’irlashib bormoqda. Shu yoz o’tgan prezident saylovlaridan beri mamlakatda namoyishlar tingani yo’q, biroq diniy tuzum repressiya vositasida bo’lsada vaziyatni qo’ldan boy bermoqchi emas.