AQShda asoslangan “Freedom House” – “Ozodlik Uyi”→ tashkiloti ta’rificha, dunyoda ayollar mavqei, huquqi bilan bog’liq vaziyat yaxshilanmoqda.
Aksariyat davlatlarda, jumladan, Yaqin Sharq va Afrikada oxirgi besh yilda xotin-qizlar turmushi ijobiy tomonga o’zgargan. Ammo Iroq, Falastin va Yamanda ahvol hamon achinarli.
Xalqaro tashkilot ijobiy o’zgarishlarni olqishlar ekan, kamchiliklar hali talaygina. Qator davlatlarda xotin-qizlar hamon zo’ravonlik va tahqirlash qurboni.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun nazarida ayollari xor, adolatsizlik ildiz otgan jamiyat tinchlik va taraqqiyotga erisha olmaydi.
Tashkilot rahbari so’nggi 15 yilda xotin-qizlar hayotida ro’y bergan o’zgarishlarni sarhisob qilar ekan, yutuqlar tahsinga loyiq, ammo oldinda qilinadigan ishlar ko’p deydi.
“Ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratib, ularga g’amxo’rlik qilayotgan jamiyatlar ko’p. Qizlar ta’lim olish, ayollar mustaqil ish yuritish, davlat boshqaruvida faol qatnashish imkoniga ega”, deydi Pan Gi Mun.
Lekin Iroq, Falastin kabi davlatlarda xotin-qizlarni kamsitish, haqoratlash va zo’rlash hollari hamon keng tarqalgan.
Dunyoning ko’plab chekkalarida, jumladan Markaziy Osiyoda xotin-qizlar inson savdosi qurboni ekaniga guvohmiz. Iqtisodiy nochorlik va imkonsizlik sabab xorijga ish izlab ketayotganlarning ko’pi aldanadi, noqonuniy ishlarga majburlanib, jinoiy to’dalar qo’lidagi o’yinchoqqa aylanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu illatga qarshi kurash maqsadida ayollar masalalari bo’yicha agentlik tuzishni taklif qilmoqda. Idora xotin-qizlar uchun minbar, xalqaro muhokama maydoni bo’lib xizmat qiladi, deydi Pan Gi Mun.