Markaziy Osiyoda koronavirusga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi mintaqaviy mexanizm kerak. Har bir davlat alohida kurashayotganini tushunsa bo'ladi, deydi mutaxassislar, lekin pandemiya yanayam kengroq yondashuv talab qiladi, chunki u chegara tanlamaydi.
O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov respublikada karantin choralari kuchaytirilayotganini tushuntirar ekan, hukumat xalqni tushunadi va uning uchun qayg'urib, shunday qadamlar tashlamoqda, deydi. Bemorlar soni oshib, o'lim hollari ko'paygani hamma uchun tashvishlanarli, deydi elchi, Jorj Vashington universiteti Markaziy Osiyo bo'limi o'tkazgan onlayn anjumanda.
O'zbekistonda koronavirusga qarshi kurash komissiyasiga ko'ra, virus kuniga 1000-1500 kishida aniqlangan taqdirda tizim ular bilan shug'ullanishni eplay olmaydi.
Biznes va iqtisod sustlashgani mamlakatda tirikchilikni qiyinlashtirgan, deydi Vahobov. Hukumat qo'ldan kelgancha harakat qilmoqda va xalqdan pandemiya davridagi cheklovlarga konstruktiv va real sinov sifatida yondashishni so'ramoqda. Ya'ni, virus tarqalishining oldini olish uchun davlat faoliyatni vaqtincha to'xtatish yoki cheklashga majbur.
"Asosiy xulosa shuki, biz har tomonlama qattiq ishlab, tizimni va jamiyatni hozirgidek qattiq sinovlarga bardosh bera olishi uchun tayyorlashimiz va bor imkoniyatni ishga solib, islohotlarni davom ettiraverishimiz kerak", - deydi Vahobov.
Hozirgacha hukumat xorijdan qariyb 70 ming fuqaroni olib keldi. Qolganlarni ham qaytarish harakatida, deydi Vahobov, jumladan Rossiya va Qozog'iston chegarasida turganlarni ham. Vaqt olyapti, lekin Toshkentda bu masala ustida ishlashmoqda, deydi elchi.
Hukumat nima uchun fuqarolarga karantin paytida moliyaviy yordam bermayapti yoki naqd pul ulashmayapti degan mazmundagi savolga Vahobovning javobi shuki, davlat nimagaki qodir bo'lsa, qilayapti; qanday yordam bera olsa, berayapti. 20 kunlik yangi cheklov vaziyat og'irligidan dalolat, xalq buni biladi va davlat buni xohlagani uchun emas, majbur bo'lgani uchun qilmoqda.
Vashingtondagi Xalqaro soliq va sarmoya markazi rahbari Daniel Uit deydiki, Markaziy Osiyoda boshqa mintaqalar bilan qiyoslaganda pandemiya bilan bog'liq vaziyat u qadar og'ir emas, lekin iqtisodiy oqibatlari chuqur. O'sish besh foizga kamayishi kutilmoqda, deya qayd etadi u, ekspertlar taxminiga tayanib.
Qozog'istonda virusni yuqtirganlar 53 mingdan oshgan, undan o'lganlar esa 264 nafar. O'zbekistonda infeksiya hollari 11 500 ga yaqinlashib, vafot etganlar 51 nafarga yetdi. Qirg'izistonda hozirgacha virusdan 116 kishi nobud bo'lgan, kasallikka chalinganlar deyarli 9000. Tojikistonda koronavirus bilan olishayotganlar qariyb 6500 nafar, 54 kishi undan o'lgan. Turkmaniston pandemiya haqida og'iz ochmay kelmoqda.
Buni ham ko'ring Atlantika Kengashi: Markaziy Osiyo koronavirusga qanchalik dosh bermoqda?Markaziy Osiyo koronavirus bilan qanday olishayotgani haqida hisobot yozgan Ariel Koen tahlilicha, mintaqa pandemik imtihonlarga tayyor emas edi. Infeksiya hollarini aniqlash va ularni ochiqlash borasida Turkmaniston hanuz orqada yoki umuman ma'lumot berishni xohlamaydi.
Koronavirus xususida regional informatsion tizim zarur, deydi Koen. Pandemiyaga qarshi mintaqaviy strategiya kerak.
Karantin choralari sabab tirikchiligidan ayrilgan, qiynalgan oilalarga tizimli yordam berish lozim, deydi eskpertlar, lekin jarayon audit qilinishi va oshkoralik ta'minlanishi zarur.
Albatta, buning uchun davlatlar qarz olishga majbur, lekin aynan shunday hollarda ko'makni oshirishi kerak bo'lgan moliyaviy institutlar bor - Jahon banki, Xalqaro Valyuta fondi va boshqalar. Pandemiya davridagi qarzga boshqa davrlardagi qarzga qaraganda boshqacha yondashish kerak.
Hozir mintaqaning biznes hamkorlari ham savdo va tijoratni qisqartirgan payt, deydi Koen, xususan Rossiya va Xitoy. Ular asosan tabiiy resurslar xaridori. Demak, qanchalik qiyin bo'lmasin, iqtisodni xilma-xillashtirish borasida tegishli saboqlar olish kerak.
Koenning hamkasbi Jeyms Grant har bir davlatga favqulodda hollar bo'yicha yangi mexanizmlar tanishtirishni maslahat beradi.
Milliy mexanizmlar astalik bilan mintaqaviy bog'lanib, mustahkam bir tizimga aylanishi mumkin. Vaziyatni ilmiy-texnik tahlil qilishdan tortib, effektiv chora-tadbirlar ko'rishgacha, yangicha sistema hammasini qoplasa bo'ladi, deydi Grant.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) Toshkent va Dushanbeda yangi idoralar ochmoqda. Agentlik kredit bermaydi, lekin grant ajratadi, deydi Markaziy Osiyo uchun mas'ul Xaviyer Piyedra.
Mablag' bor va har bir davlatdagi vaziyatni tahlil qilgan holda, USAID hukumatlar bilan hamkorlikda, moliyaviy-moddiy ko'mak berishda davom etadi.
Agentlik 25 yildan beri mintaqada. Aloqalar kengayib bormoqda, ayniqsa Afg'oniston bilan bog'liq yangi loyihalar ham ishga tushar ekan, deydi Piyedra. AQShning mintaqaga nisbatan yangi strategiyasiga ko'ra, Vashington, xususan USAID mintaqaviy tarzda va ikki tomonlama, ya'ni har bir davlat bilan alohida hamkorlikni kuchaytiradi.
"Markaziy Osiyo biz uchun kimning qo'shnisi ekani uchun emas, o'ziga xos region sifatida ahamiyat kasb etadi", - deya qo'shadi Piyedra.
USAID respublikalarda samarali boshqaruv, huquq va adliya, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo'lida ishlashga bel bog'lagan. Xususiy sektor, infrastruktura, energetika sohalarini taraqqiy ettirish uchun ham maxsus loyihalar bor.
Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankining mintaqa bo'yicha bosh ekonomisti Erik Livniga ko'ra, kichik va o'rta bizneslarni quvvatlash - ustuvor vazifa. Bank uchun pandemiya oqibatlariga qarshi kurashning asosiy yo'llaridan biri shu, deydi Livni.
Iqtisodiy tahlilchi deydiki, "Markaziy Osiyoda iqtisodni diversifakatsiya qilish haqida uzoq yillardan beri gapirib kelamiz, biroq shu kungacha aniq natijalar ko'rmadik".
O'zbekistonda muayyan harakatlar bor, lekin samarani baholashga hozircha erta. Samarani belgilaydigan bosh omil, deya tushuntiradi Livni, iqtisodiy erkinlik, ya'ni ishlab chiqaruvchi global xaridorga osonroq chiqa olishi kerak, oradagi to'siqlarni olib tashlash kerak. Bu esa islohot talab qiladi.