O’zbekiston nazarida Afg’onistonda qurol bilan tinchlikka erishib bo’lmaydi. Prezident Islom Karimov bu borada yaqinda BMT Bosh Assambleyasi yig’ilishida ham so’zlagan edi.
Kecha Vashingtonda Atlantika Kengashi deb nomlangan tahlil markazida O’zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari Abdulaziz Komilov va Senatda xalqaro aloqalar qo’mitasi raisi Sodiq Safoyev “6 plyus 3” tashabbusini tushuntirdi.
Abdulaziz Komilov va Sodiq Safoyevni Vashingtonda yaxshi tanishadi. Har ikkisi O’zbekistonning sobiq tashqi ishlar vazirlari va AQShda elchilik qilgan.
“Bizning nazarimizda”, - deydi Abdulaziz Komilov Amerika siyosat ahliga murojaat qilar ekan, "Afg’onistondagi mojaroni hozirgi harbiy harakatlar bilan hal etib bo’lmaydi”.
Tinchlik Afg’onistonda afg’on xalqining o’z qo’lida, deydi Komilov, ularga bunga erishish uchun yordam berish kerak. Buning uchun esa mana shu tinchlikdan birdek manfaatdor davlatlar bir davrada o’tirib, murosa yo’lini izlashi, afg’onlarga yo’l ko’rsatishi kerak.
O’zbekiston bunda Afg’oniston bilan chegaradosh olti davlat – Pokiston, Eron, Turkmaniston, O’zbekiston, Tojikiston va Xitoyni nazarda tutmoqda. Ularga, shuningdek, AQSh, Rossiya va NATO singari xalqaro o’yinchilar ham qo’shiladi.
Mana shu guruh, deydi Abdulaziz Komilov, tinchlikka erishish dasturini ishlab chiqadi va uni amalga oshirishga boshchilik qiladi.
AQSh va Eron bir-biriga dushman taraflar ekani sir emas, ammo O’zbekiston hukumati ta’biricha Afg’onistonda tinchlik bo’lsin desa, tomonlar bu borada fikr almashishga, hamkorlik qilishga majbur.
Sodiq Safoyev Afg’oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi, u yer barqaror bo’lmasa, atrofdagi hech bir xalq tinch yashay olmaydi, deydi.
”Geosiyosiy, etnik va til jihatdan, iqtisodiy va geografik nuqtai nazardan Afg’oniston Markaziy Osiyoga kiradi”, deydi senator.
Safoyevning aytishicha, O’zbekiston qo’shni davlatga yaqindan yordam berib kelmoqda. Termizdagi chegara orqali o’tgan 10 yil mobaynida 10 million tonna insonparvarlik yordami olib o’tildi, deydi u. Yo'llar qurilmoqda, infratuzilmalar tiklanmoqda.
“O’zbekiston Kobul va boshqa katta shaharlarni 100 foiz elektr quvvati bilan ta’minlamoqda. Isitish tizimi ham shunga bog’liq”,- deydi Safoyev.
Senator fikricha Afg’onistondagi uzluksiz urush negizida qoradori sanoati turibdi. Uni ishlab chiqarish, jahon bozoriga olib chiqish va uning foydasi kimga tegib, kim aziyat chekayotganini unutmaslik kerak, deydi u.
Jangarilarga quvvat berayotgan, ularni qurol-aslaha bilan ta’minlayotgan, qabila qo’mondonlaridan tortib, bu jamiyatning hokazo va hokazo qatlamlarini tebratib kelayotgan narsa shu – qoradori savdosi, deydi Safoyev.
Bu yerda faqat ta’minotchi emas, uning iste’molchisi ham aybdor. Mahsulot G’arb tomon yo’nalgan sari uning narxi ham ko’tarilib boradi, deya tushuntiradi senator.
Amerika tomon O’zbekiston pozitsiyasini tushunishini qayd etadi, lekin “6 plyus 3” tashabbusiga boshidan qiziqish past.
Shu yilning mart oyida bu masala ko’tarilganida, aniq javob nima ekanini bilish uchun Davlat departamenti, bu davlat tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilganimizda shunday javob olganmiz: “Afg’onistonning qo’shnilari mintaqa xavfsizligi va barqarorligi yo’lida muhim rol o’ynayotganini qadrlaymiz. Lekin Afg’oniston kelajagi haqida gap ketganda, bu davlat rahbariyati bilan kelishib ish tutmay iloj yo’q”.
Maxsus vakil Richard Xolbruk shu yili Toshkentda bo’lib, prezident Islom Karimov bilan gaplashganida uning fikrlarini qunt bilan tinglagan va O’zbekiston rahbariga Amerika munosabatini bildirgan. Vashington Afg’onistonga nisbatan strategiyasini yangilaganida Markaziy Osiyo davlatlari bilan bu borada birga ishlash ham ko’zda tutilgan, lekin “6 plyus 3” haqida biror gap yo’q.
Atlantika Kengashidagi muloqotda AQSh-O’zbekiston aloqalari haqida ko’plab savollar berildi. Xavfsizlik bobidagi hamkorlik haqida so’ralganida, Abdulaziz Komilov munosabatlar faqat shu sohada deb o’ylash xato, deydi.
Serqirra aloqalardan har ikki tomon manfaatdor, deydi Komilov. O’zbekiston savdo va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni istaydi.
Respublika Afg’onistonga noharbiy yuk tashiladigan Shimoliy Ta’minot Tizimida markaziy rol o’ynab kelmoqda. AQSh rasmiylari bu loyiha ish beryapti va “O’zbekiston yordamidan minnatdormiz” deb keladi.
Pokiston orqali o’tadigan yo’nalishlar Tolibon xuruji ostida ekan, AQSh Markaziy Osiyo bilan bu boradagi hamkorlikni kengaytirsa ajabmas. Komilovdan bunday ko’mak evaziga O’zbekiston nima istaydi deb so’raganimizda, shunday javob oldik.
”Biz bu tizimdan ulkan foyda ko’ramiz. Uning kengayishidan manfaatdormiz. AQSh bilan bunday hamkorlikni oshirishimiz kerak. Yangi kelishuvlarga erishish niyatidamiz. O’zbekiston uchun bu katta iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi”, - deydi Komilov.
"Bizning fikrimizcha, bu Shimoliy Ta’minot Tizimi faqat Afg’oniston uchun emas, balki mintaqaviy savdoni kengaytirish, uni yaxshilash uchun ham xizmat qila oladi. Biz mana shu jihatlar haqida ham o’ylayapmiz”.
Amerika rasmiylari ham bu fikrdan yiroq emas. Obama ma’muriyati a’zolari bunday imkoniyatlar mavjudligini tez-tez tilga oladi. Lekin, deydi ular, regionga sarmoya jalb qilish osonmas, xususan O’zbekiston investorlar uchun qulay muhit emas.
"Bu AQSh hukumati emas, xususiy sektor qo’lida”,- deya eslatadi Sodiq Safoyev.
“O’zbekistonda o’ziga xos biznes muhiti vujudga kelmoqda. Amerika tadbirkorlari bilan muloqotdamiz. Ularning xavotirlaridan xulosa chiqargan holda qonunchilikni o’zgartirib, zarur sharoit yaratishga harakat qilayapmiz”, - deydi senator.
O’zbekiston rasmiylari bilan davra suhbatida Amerika siyosatdonlari ularning Qirg’izistondagi o’zgarishlarga munosabatlarini ham so’radi.
Safoyev javob berar ekan, Qirg’izistonda iyun oyida yuz bergan fojiani mustaqil tergov qilib, adolatni ta’minlash kerak dedi.
Tojikistonda jangari xurujlari haqida so’ralganida esa senator O’zbekiston qo’shnilariga terrorizmga qarshi kurashda yordamni ayamaydi dedi.
Har ikkala rasmiy mintaqaviy integratsiya, chegara masalalari va qo’shnichilik aloqalariga ham to’xtaldi.
Komilov deydiki, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birdamlikka hech narsa yetmaydi va bunga erishish uchun rasmiy Toshkent qo’shnilar bilan chegara muammolari va boshqa kelishmovchiliklar haqida muzokaralar boshlagan.
Safoyevning ta’kidlashicha, bugun O’zbekiston chegaralari biznes va qatnov uchun ochiq. Lekin davlat xavfsizlik nuqtai nazaridan ba’zida ularni yopib qo’yishga yoki favqulodda choralar ko’rishga majbur, deydi u.