Breaking News

Turkiy davlatlar tashkiloti: O'rta imlodan O'rta yo'lga


Turkiya, Ozarbayjon, O’zbekiston tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi, Anqara, 29-yanvar, 2025
Turkiya, Ozarbayjon, O’zbekiston tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi, Anqara, 29-yanvar, 2025

Turli mintaqalarda joylashgan Turk davlatlari tashkiloti (TDT) doirasidagi iqtisodiy hamkorlik muvaffaqiyati ko’p jihatdan bu mamlakatlarni o’zaro bog’lovchi savdo yo’llariga bog’liq.

Bu borada TDT a’zolarining hammasi ham qulay jug’rofiyaga ega emas, ayniqsa dengiz yo’llaridan mahrum O’zbekiston.

Dunyo bozori, dengiz portlariga chiqishda ishonchli, muqobil yo’llar topish so’nggi o’n yilliklar davomida O’zbekiston uchun o’z dolzarbligini yo’qotmadi.

Transport logistikasini diversifikatsiyalash bo’yicha urinishlarga qaramasdan, Rossiya orqali o’tuvchi shimoliy yo’l yaqingacha jahon bozoriga chiqishdagi asosiy yo’nalish edi.

Rossiya Ukrainada urush boshlashi ortidan bu marshrut Yevropa bozoriga chiqish uchun deyarli yopildi. Eksporti va importining aksariyat qismi shimoliy koridorga bog’langan O’zbekiston boshqa transport yo’llariga murojaat qila boshladi.

Shunday yo’nalishlardan biri Transkaspiy yoki O’rta koridor nomi bilan tanilgan Xitoy – Qozog’iston – Kaspiy dengizi – Janubiy Kavkaz – Turkiya yo’nalishidir.

Bu yo’nalish imkoniyatlari yaqinda Anqarada Turkiya, Ozarbayjon, O’zbekiston tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvida muhokama qilindi.

Bu uchrashuvda vazirlar uch tomonlama, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar doirasidagi o’zaro hamkorlik, savdo aloqalari, transport va logistikani rivojlantirishni muhokama qilishgan.

Turkiya tomoni tarqatgan ma’lumotga ko’ra, Rossiya-Ukraina urushi mintaqalar, jumladan TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlikka salbiy ta’sir o’tkazgan; savdo yo’llari, transport koridorlari harakati qiyinlashgan. TDT, shuningdek, uch tomonlama hamkorlik, savdo aloqalarini rivojlantirish uchun Transkaspiy koridoridan foydalanish imkoniyatlarini kuchaytirishi zarur.

Turk matbuoti Tashqi ishlar vaziri Haqan Fidandan iqtibos keltirishicha, ayniqsa Ukraina urushi ortidan “Transkaspiy koridori Yevropa va Osiyoni bog’lovchi eng ishonchli koridor”ga aylangan.

Tashqi vazirlar uchrashuvida tomonlar O’rta yo’l koridoridan yuk tashish imkoniyatlarini oshirish, bojxona, transport nazoratini soddalashtirish bo’yicha hamkorlikda ishlashga kelishib olgani xabar qilinadi.

O’rta yo’l, O’rta koridor nomi bilan tanilgan bu logistika doirasida Transkaspiy xalqaro transport yo’nalishi uyushmasi tuzilgan. Uyushma Qozog’iston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya tomonidan ta’sis qilingan.

O’zbekiston ta’sischilar qatorida emas, 2021-yilda uyushmaga shartli maqomda qo’shildi, dastlab 2022-yildan bu yo’nalishdan foydalana boshladi. Olmaliq tog’-metallurgiya kombinati mahsulotlari shu yo’nalishda Bolgariya portlariga yetkazildi.

O’zbekiston Transkaspiy koridoridan samarali foydalanish uchun infratuzilmani yaxshilashi, rivojlantirishi talab etiladi. Bu esa ancha jiddiy mablag’ talab etadigan jarayondir.

TDT doirasida tasdiqlangan, 2040-yilgacha mo’ljallangan hamkorlik dasturida turk davlatlari o’rtasidagi transport, savdo yo’llarini rivojlantirish, yangi infratuzilmalarni, loyihalarni ishga tushirish, asosiy yo’l sifatida O’rta koridor nazarda tutilayotgani inobatga olinsa, Transkaspiy yo’li haqiqatda istiqbolli ko’rinadi.

Bundan tashqari AQSh va Yevropa Ittifoqi uchun O’rta koridor ayniqsa Markaziy Osiyo bilan bog’lanishda Rossiyani aylanib o’tuvchi muqobil yo’nalishdir.

Yevropa Ittifoqi bu koridorga nafaqat savdo yo’li, balki Markaziy Osiyo davlatlarining o’zaro integratsiyasini rivojlantiruvchi, mintaqa iqtisodini Yevropa Ittifoqi bilan bog’lovchi muhim strategik yo’nalish sifatida qaraydi.

Ammo O’zbekiston O’rta koridorga bevosita ulanmagan. Bu tranzit doirasida Xitoydan Qozog’istonga o’tgan temiryo’l O’zbekistonni, Qirg’izistonni chetlab o’tadi.

Agar yaqinda Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston yo’nalishidagi temiryo’l qurilishiga start berilgani inobatga olinsa, Qozog’istondan o’tuvchi temiryo’lga muqobil sifatida ko’rinadi.

Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temiryo’li qurilishiga yaqinda Prezident Sadir Japarov, Xitoy, O’zbekiston rasmiylari ishtirokidagi tadbirda start berildi. Japarov bu loyiha G’arb va Sharqni bog’lovchi muhim yo’l bo’lishiga umid qilmoqda.

Besh ming kilometr atrofidagi temiryo’lning asosiy qismi Qirg’iziston orqali o’tishi, Xitoyning Shinjon rayonidan boshlanuvchi temiryo’l O’zbekistonning Andijon viloyatiga ulanishi rejalanyapti.

Tabiiyki, bu loyiha TDT doirasidan tashqarida, qurilishning asosiy homiysi Xitoy bo’lishi kutilmoqda. Ammo so’nggi xabarlar Xitoy bu loyihaga moliya yotqizishga shoshilmayotganidan darak beradi.

TDT hamkorlik dasturida Transkaspiy koridori nafaqat savdo yo’li, balki Turk davlatlari tashkiloti, iqtisodi, infratuzilmasiga doir loyihalarni ham bog’lovchi muhim jarayon sifatida taqdim etiladi.

Shundan kelib chiqilsa, bu loyiha o’zining so’nggi sammitida o’rta turk alifbosiga o’tishni tezlashtirishga qaror qilgan TDT doirasidagi navbatdagi umumiy strategiyaga aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG