AQShda kim prezident boʻlishi Markaziy Osiyo davlatlari, xususan Tojikistonga uchun qanchalik muhim?
Dushanbe shahridan mustaqil tahlilchi Qironshoh Sharifzodaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQShda u yoki bu shaxsning hokimiyat tepasiga kelishi tashqi siyosatda katta oʻzgarishlarga sabab boʻlmaydi.
"Qoʻshma Shtatlarda davlat tizimi kuchli shakllangan. Shuning uchun ham u yerda respublikachilar vakili Donald Tramp yana toʻrt yil Oq uyda qolishi yoki demokratlar vakili Jo Bayden prezidentlikka saylanishidan qatʼi nazar, davlat siyosatida katta oʻzgarish, tub burilishlar boʻlmaydi. Sharq davlatlarida shaxslar hammadan ustuvor. AQShda davlat tizimi shaxslardan ustuvor", - deydi Sharifzoda.
Boshqa tahlilchilar deydiki, Oq uydagi o'zgarish Markaziy Osiyoga ham ta'sir ko'rsatadi.
Buni ham ko'ring Esdalik: Tramp va Bayden saylov kampanyasining oxirgi kuniHokimiyat tepasiga demokratlar yoki respublikachilar kelishi Tojikiston uchun ham ahamiyatli, deydi Abdumalik Qodirov.
"Demokratlar vakili yoki respublikachilar nomzodi hokimiyatga kelishiga qarab AQShning Tojikistonga munosabati biroz oʻzgaradi. Barak Obama prezidentligi paytida AQShning Tojikistondagi elchixonasi juda faol edi va har bir masalaga oʻz munosabatini bildirar edi. Ammo oxirgi toʻrt yilda bunday holat deyarli kuzatilmadi. Ularning bu masaladagi faoliyati juda sust edi. Agar Oq uyda janob Tramp yana toʻrt yilga qoladigan boʻlsa, buning Rossiyaga ijobiy taʼsiri boʻladi. Yaʼni, Moskvaga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy qilinmaydi va bu Rossiya iqtisodiyotida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilishiga sabab boʻladi. Rossiya iqtisodiyotidagi oʻsish ish oʻrinlari koʻpayishiga olib keladi va bu oʻz oʻrnida tojikistonlik mehnat muhojirlari uchun foydali. Xulosa, AQSh demokratlari Markaziy Osiyo davlatlarida inson huquqlari toptalishi kabi kamchiliklarga nisbatan murosasiz yondashsa, Tramp hokimiyatda qolishining iqtisodiy manfaati bor",– deydi Qodirov.
Buni ham ko'ring Tramp Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatni qanchalik yangiladi?Xoʻjand shahridan tahlilchi Ilhom Yusupovning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari va Tojikiston uchun AQShda demokratlar vakili hokimiyat tepasiga kelishi foydaliroq.
"Bugungi dunyoda avtoritar va demokratik davlatlar orasida raqobat bormoqda. Avtoritar davlat rahbarlari oʻz hokimiyatini saqlab qolish uchun bir-biri qoʻllab kelmoqda. Albatta demokratiya ham kamchiliklardan xoli emas, ammo oʻylaymanki, insoniyat undan yaxshirogʻini topgani yoʻq. Shu nuqtayi nazardan AQSh dunyoda demokratik qadriyatlarni targʻib etib keladi. Bu yaxshi. Boshqa tarafdan tashqi kuchlarning har qanday davlatning ichki ishlariga aralashishi yoqlanmaydi. Ammo inson huquqlari poymol etilib turganida, bunga jim qarab turib boʻladimi?! Masalan, Xitoyda uygʻurlar huquqlari poymol etilganida dunyoning koʻplab davlatlari jim qarab turishdi, ammo AQSh bunga eʼtiroz bildirib, amaliy choralar ham koʻra boshladi. Dunyoda shunday davlatlar boʻlishi kerak. Aynan dunyoda demokratik tamoyillar tarqalishida AQSh demokratlarining xizmati katta. Shuning uchun demokratlar vakillari hokimiyat tepasiga kelsa, bu foydaliroq",– deydi Yusupov.
Tojikiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi raisining sobiq oʻrinbosari Sayfullo Safarov tahlilicha, “AQShda saylov natijalari qanday boʻlishidan qatʼi nazar, ikki davlat, AQSh va Tojikiston orasidagi hamkorlik saqlanib qoladi. Buning sabablaridan biri AQShning qoʻshni Afgʻonistonda yirik harbiy bazasi borligida. Tojikiston shu nuqtayi nazardan ham AQSh tashqi siyosatida ahamiyatli boʻlib qolmoqda”.
Buni ham ko'ring Bayden va Tramp: tashqi siyosatdagi farqlarHuquqshunos Shokirjon Hakimov uchun Amerikadagi saylov jarayonining oʻzi kuzatish va oʻrganishga arziydi.
"Nafaqat Markaziy Osiyo, dunyoning koʻplab davlatlarida AQSh saylovlariga katta qiziqish bilan qarashadi. Oʻrganishga arzigulik siyosiy voqea. Oxirgi daqiqalargacha kim saylanishi maʼlum emas. Haqiqiy demokratik, xalq irodasi bilan davlat rahbari aniqlanadigan saylov. AQSh saylovlarini oʻrganish Tojikiston uchun har taraflama foydali. Hatto oddiy fuqarolarimiz ham AQSh saylov jarayonini kuzatadi. Har bir shaxs nomzodlarni oʻzicha qiyoslaydi, ularning yutuq va kamchiliklarini tahlil etadi va ulardan birini tanlaydi. Tojikistonda fuqarolik jamiyatlari faollari bunday saylovni orzu qilishadi",– deydi Hakimov.