Nyu-Yorkdagi o'zbek restoranlarida biznes qanday?

Your browser doesn’t support HTML5

Pandemiya Nyu-Yorkdagi qimmat restoranlar qatori o’zbekistonliklar bilan gavjum milliy restoranlar faoliyatiga ham ta’sir qilgan. Shahar virus o’chog’iga aylangach bu bizneslar qiyinchiliklarga duch keldi. Lekin pandemiyadan qattiq zarar ko’rmay chiqqanlari ham bor.

Bruklin tumanidagi “Tandir kabob” restorani nafaqat Nyu-York tevaragi, balki Qo’shma Shtatlarning boshqa shtatlarida yashaydigan ko’plab vatandoshlar uchun ham tanish. Uni o’zbekistonlik immigrant Erkin Ergashev ochgan. Pandemiya bu mohir oshpazning biznesini sindirmadi, ammo uning ko’p yillik orzusidan yiroqlashtirdi.

Erkin Ergashev, "Tandir kabob" egasi

“Tandir kabob” milliy o’choq va tandir xo’rrandalarga ko’rinarli joyda o’rnatilgani bilan bu atrofdagi o’zbekistonliklar yuritadigan boshqa restoranlardan farq qiladi. To'rt yil oldin ish boshlagan bu joydad 15 kishi mehnat qiladi.

So’nggi oylarda uning mijozlari qaynoq somsalar tandirdan qanday chiqishini ham, samarqandcha oshni Erkin aka laganlarga kishini havasini keltirib suzayotganini kuzatishdan ham bebahra qolayotgan edi. Koronavirus to'rt yil oldin ish boshlagan va 15 kishi mehnat qiladigan bu oshxonaning faoliyatini cheklab qo'ydi.

Restoranlar oldida bugun mana bunday maxsus xonalarni ko'rasiz. Ijtimoiy masofani saqlagan holda ovqatlanish uchun sharoit.

Pandemiya ta’siri immigrantlar faol bo’lgan kichik va o’rta biznesda qattiq sezildi, deya tushuntiradi biznes maslahatchi Suhrob Ismoilov.

“AQShda bizneslarni eng ko’p monitoring qiladigan platformalardan biri bu YELP. Bizneslarga baho beradi, soatlarini ko’rsatadi. Mijozlarining fikrlarini o’rganadi, to’playdi. YELP 2020-yil oktabr oyida hisobot chiqardi, pandemiyaning bizneslarga ta’sirini o’rganib. Mana shunda ham aytilyaptiki, pandemiya boshlanganidan hozirgi kungacha 190 mingga yaqin biznes yopildi. Shulardan 100 mingtasi doimiy yopildi. 100 mingta doimiyga yopilganining ichidan 31 mingtasi, bu 30 foizdan biroz ko’prog’i, aynan restoran sohasidagi bizneslar”, - deydi Ismoilov.

Shahardagi restoranlarga noyabr boshida nihoyat o’z eshiklarini ochishga ruxsat berilgani mijozlarni quvontirdi. Ayniqsa kasb-kori yo’l-yo’lakay ovqatlanib ishini davom ettirishi zarur bo’lganlarni. “Uber” taksi haydovchisi, samarqandlik Habibullo Mamanov ana shunday xo’rrandalardan biri.

“Karantin, pandemiya payti hamma restoranlar yopilgandi, shunda ovqatlanishimiz qiyin bo’lgandi. O’zimiz bilan olib ketib, mashinamiz ichida yerdik va ishimizda davom etardik. Mana hozir yana ichkarida qo’ygani yaxshi bo’ldi”, - deydi Mamanov.

Bungacha restoran ovqatni olib ketish uchun tayyorlash va mijozlar manziliga yetkazish bilan shug’ullangan. Yozda shahar ma’muriyati ko’chada stol-stul qo’yib, odamlarga xizmat ko’rsatishga ruxsat berdi. Nihoyat noyabrda restoran xo’rrandalarga yana o’z eshiklarini ochdi.

“Mart oyidan biz bir oyga yopildik. Mijozlar har kuni telefon qilardi, qachon ochasizlar deb. Keyin ba’zi joylarga ruxsat berildi, o’tirishga emas, [taomlarni] olib ketishga”, - deya eslaydi Erkin Ergashev.

Nyu-Yorkka koronavirus kirib kelganda vatandoshlar orasida karantin qisqa muddatli bo’ladi, degan taxmin bor edi. Sakkiz oy o’tibdiki, ko’pchilik hamon uyda - karantin sharoitida yashab ishlamoqda.

“Asosan osh olib ketamiz. Shashliklar, barcha o’zbek taomlarini yaxshi tayyorlashadi. Qo’li shirin, taomlari halol. Somsalari ham bizga ma’qul”, - deya ta’riflaydi Dilshod, samarqandlik hoji.

U oshxonaning sodiq mijozi. Pandemiya boshlanganidan beri deyarli har kuni taom buyurib, uyiga olib ketadi. Uning oilasida ham uydan turib ishlayotganlar ko’p ekan, bugun yaqinlarini issiqqina palov va patir bilan xursand qilish istagida.

“Pandemiyadan oldin [taomlarni] olib ketish bizda 40 foizni tashkil etardi. Hozir 60-80 foizga chiqdi. Bizda yetkazib beruvchi mashinalar bor. Lekin ilgari odamlar shu yerga kelib o’tirishga harakat qilishardi. Ikki haftadirki hamma o’zi bilan olib ketayapti. Juma va shanba kunlari bizning shashliklarni ko’pincha shu yerda o’tirib yeyishni istardilar. Lekin o’tgan haftada 80-90 foizi o’zi bilan olib ketdi. Demak, odamlar biroz qo’rqib qolgan. Kasallanish ko’tarilyapti-da. Bu yerda xabar tez tarqaladi, odamlar ham vaziyatga qarab ish tutadilar”, - deya tushuntiradi “Tandir kabob” egasi.

Besh yil davomida orttirgan mijozlari va restoran egasining Amerikadagi ko’p yillik tanish-bilishlari pandemiya davrida ham sevimli restoranidan yuz o’girishmagan.

“Pandemiya davrida katta zarar ko’rmadik. Xudoga shukur, baribir ish ketyapti. Endi o’tirishga ko’p ruxsat bermasa-da, olib ketishyapti. Hozir yana yopadilar degan gap bor. Vaziyat shunaqa. Yopadilar, yana ochadilar. Lekin hozir 25 foizga ruxsat berishdi - o’tirishga”, - deydi Erkin Ergashev.

Suhrob Ismoilov, biznes maslahatchi

Suhrob Ismoilov fikricha, Bruklindagi milliy restoranlarning pandemiya paytida ham faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirganiga hudud va bozor talabining ta’siri bor.

“Boshqa restoran turlaridan ko’ra bizning o’zbekistonliklar ochgan va o’zimizning marketga, o’zimizning o’zbekistonliklar jamiyatiga mo’ljallangan restoranlarimizning ishlari baribir boshqa restoranlarga nisbatan yaxshiroq. Nega? Chunki bizning odamlarimiz shirin-shirin taomlarni yaxshi ko’radilar, bizning odamlarimiz tez-tez bazmlar qilib turadilar. Pandemiya davrida ham to’ylar to’xtagani yo’q. Hattoki mana shu yerda [Nyu-Yorkda] ham. Mana shuning natijasida boshqa restoranlar bilan solishtirganda biznikilar ochgan restoranlar ahvoli sal yaxshiroq. Lekin ular ham baribir qiyin ahvolda”, - deydi Ismoilov.

Erkin Ergashevning aytishicha, pandemiya davrida savdo atigi 15-20 foizga tushgani ishchilarni bo’shatmaslikka imkon berdi. Ammo tadbirkorning bir necha yillik orzusi, Bruklinda katta to’yxona ochish rejasi ortga surildi.

“Mana shu pandemiya bo’lmasa, boshqa rejalarimiz bor edi. Joy olib, to’yxonaga o’xshab o’zimizning o’zbeklar uchun tayyorlayotgan edik. Buni qarang, bu kasal chiqdi va hamma yo’nalish to’xtab qoldi. U joyni biz aprel oyida ochmoqchi bo’lib turgandik. Bu hol ochilishimizga zarar bo’ldi. Hozir hamma katta restoranlar yopildi. Ular hozir ishlolmayapti”, - deydi tadbirkor.

Shunday bo’lsa-da, u umidga to’la.

“Hozir ko’p qatori kutib turamiz. Rejalar ko’p. Endi to bu kasallik bir taraf bo’lmaguncha ana shunday ishlab yuramiz, kutib”, - deydi Ergashev.

Uning ishonishicha, o’z ishini puxta biladigan tadbirkor har qanday sharoitdan foyda bilan chiqadi.

"Tandir kabob" somsalari

Darhaqiqat, deydi Suhrob Ismoilov, pandemiya puldor tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlar eshigini ham ochmoqda. Masalan, Bruklin va hatto Manxettenning gavjum hududlaridan binolarni endi ancha arzon va qulay shartlar bilan ijaraga olish mumkin.

“Hozirgi davrda, men o’ylayman, kim agar biror biznes uchun joy olaman desa, biznesga kirishayotgan bo’lsa, odatda biznes uchun beriladigan joylar 15-20 yilga shartnoma qilib beriladi, kamida 10 yilga. Hozir qo’rqmasdan imzolab olsa bo’ladi. Chunki kamida 15-20 foizga narxlar pastroq. Talablari ham ancha oson. Ilgari bir qancha talablardan o’tish kerak bo’lsa, joyning egalari hozir bir ikkitasiga ko’zini yumishi mumkin, joyni tezroq ijaraga berishi uchun”, - deydi biznes maslahatchi.

Yaqin kelajakdagi rejalari haqida gap ketganda, Erkin Ergashev xo’rrandalari omon bo’lsa ishsiz qolmasligiga ishora qiladi.

“Oziq-ovqat, yegulik narsa men o’ylayman hech qachon tushmaydi. Nimaga deganda odamlar hamma vaqt yeyishi kerak, to’g’rimi?”, - deya xulosa qiladi tadbirkor.