Bir yil oldin Tolibon Afg’onistonni egallagach, Sayid Kabir Kamol oilasi bilan mamlakatni tark etdi. AQShdan boshpana olgan shimoliy afg’onistonlik bu o’zbek oila uchun muhojirotdagi yangi hayot Nyu-Jersi shtati Paterson shahridan boshlandi.
“Hozir biz maydoni havoyi Kobuldamiz (Kobul aeroportidamiz). Barcha sarosimada. Hamma Afg’onistondan qochayapti. Bu yerda o’zimizning o’zbeklarimiz ham bor. Qizchamni yelkamda ko’tarib ketyapman. O’g’lim Amir Temur boshqa bir bolaning yelkasida. Nima qilishimizni bilmay o’tiribmiz. Xudo vatanimizga omonlikni keltirsin”, - deydi u Afg’onistondan evakuatsiya qilingan kuni olingan videosida.
Your browser doesn’t support HTML5
Sayid Kabir va uning rafiqasi Suhaylo Rahmoniy bir yil oldingi bu manzarani dard bilan eslaydi.
“Afg’onistonni tashlab chiqishda men ko’p xursand bo’lmaganman. Bir misol keltirsam sizga. Qaysi farzand onasini tashlab chiqadi? Afg’oniston menga kindigimning qoni [to’kilgan joy] va o’zim katta bo’lgan joyni qanday qilib tashlab chiqay? Mening do’stlarim, qavm-qarindoshlarim hammasi Afg’onistonda. Xususan Juzjon, Faryob, Saripul, Samangon… Badaxshondan tortib to Hirotgacha do’stlarim bor. Hirotda ham qarindoshlarim ko’p. Ularni hammasini ham chiqarib bo’lmaydi. Men hozirgi hukumatdan ozurdaman”, - deydi Sayid Kabir.
“O’sha sanalar esimga kelsa, yuragim [orqaga] tortib ketadi. Tayyoraga mingandan keyin o’rindiqda o’tiribmiz oyoqlarim og’rirdi. Bu yerga kelgandan keyin ikki oyog’imning ham tirnog’i tushdi. Xo’jayinimga oyoqlarim yomon og’riyapti, biroz yerga o’tirmasam va oyoqlarimni uzatmasam o’lib qolaman, dedim. Pastga tushib oyoqlarimni cho’zgach, qayta yig’olmay qolganman. Bir hafta-o’n kuncha kasal bo’lib azob chekdik. Keyin asta-sekin tuzaldik,” – deya eslaydi Suhaylo.
2021-yilning 16- avgustida Kobul aeroportida chekkan azob-uqubatlarini eslarkan Suhaylo ko’ziga yosh oladi.
Sayid Kabir Afg’onistonda Mehnat va ijtimoiy ishlar vazirligida, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi hamda Afg’oniston o’tish davri xavfsizlik masalalari bo’yicha birlashgan qo’mondonligida xaridlar bo’yicha mutaxassis bo’lib ishlagan. U Tolibon Afg’onistonni egallar ekan, Afg’oniston hukumati hamda Qo’shma Shtatlar bilan ishlaganligi sabab o’zi va oilasi taqdiridan xavotirlangan.
Buni ham ko'ring Tolibon Afg’onistonni qanday olgan edi?“15-avgustda Tolibon kutilmagan bir holda Afg’onistonni egalladi degan xabarni eshitdim. Shunda mashina boshqarib ketayotgan edim. Oilam, farzandlarim men bilan birga edilar. Qo’rqdim. Qayerga va qanday qochishni ham bilmay qoldim. 16- avgustda Kobul aeroportiga yo’l qidirdim. Ko’p qiyinchiliklar bilan, hatto o’lim og’zidan qochib o’zimni, ayolimni va ikki farzandimni qutqardim”, - deya hikoya qiladi Sayid Kabir.
Kobul aeroportidan oilani Qo’shma Shtatlar harbiylari Qatarga evakuatsiya qilgan. U yerda 22 kun lagerda yashashdi. 8-sentabrda Nyu-Jersi shtatiga qo’nishdi.
Bugun ularning hayoti izga tushmoqda. Paterson shahrida o’rnashishgan. Ibodat uchun masjid yaqin, milliy taomlar tayyorlashga esa masalliqlar shu atrofdagi afg’onistonliklar do’konida sotiladi.
Ingliz tilini yaxshi bilgani uchun Sayid Kabir yirik xalqaro tashkilotda o’z mutaxassisligi bo’yicha ish topgan.
Uning rafiqasi Suhaylo Shimoliy Afg’onistonning Shibirg’on shahridagi universitetda o’zbek tili va adabiyot fanidan dars bergan. Bir kunda u vatanidan, sevimli ishidan, qavm-qarindoshidan hamda odatiy turmushidan ayrildi.
Qo’shma Shtatlarning boshpana berishi esa, Suhayloning aytishicha, o’zini yorsiz, farzandlarini esa otasiz va umidsiz hayotdan qutqargan.
“Afg’oniston bilan bu yerning hayoti biroz farqli. Afg’oniston o’z tuprog’im edi-da. Ona yurtim, dadamning yurti edi. Aytsam yuragim to’lib ketyapti. Boshqacha bir hayot edi. Xursandchilik bilan, yor-do’st bilan, qavm-qarindosh bilan, hamma birgalikda, bir dasturxon ustiga yashar edik. Bu yerda, alhamdulillah shunga rozimanki, erim jonini qutqardi. Erim yaxshilikda yashayapti. Vatan vatan-da. Ramazonning birinchi kechasi uyda taom tayyorlayapmiz, er-xotin o’tiribmiz. Hayit kuni uyni bezabman, hech kim yo’q mening uyimga kelishga. Ammo baribir shukr. Xo’jayinim uchun ko’p xursandman. Hozir agarda Afg’onistonda bo’lganimizda men ustimga chodir kiygan bo’lardim, [yuz] ko’zimni o’rardim. Men yashirinardim. Meni uncha tanimasdilar. Xo’jayinim bunday ish qilolmasdi. U ishlay olmasdi va biz og’ir vaziyatga tushardik. Biz bir luqma non topishga, ish topishga qiynalardik. Ammo hozirgi vaziyatimdan men ko’p roziman”, - deydi Suhaylo Rahmoniy.
14 yil oldin AQShda boshpana topgan Shakila Lutfullo yangi kelayotgan muhojirlarga xizmat ko’rsatuvchi xayriya tashkilotlaridan birida ishlaydi:
“Bugungi kunda qariyb 30 ming muhojir Afg’onistondan Amerikaga keldi, ular aholisi kam shtatlarga joylashtirilgan.“Filadelfiyada yashayman va hozirgi o’qishim bois ozroq ishlayapman. Shunday bo’lsa-da, yaqindagina 20 oilaga yordam qildim. Moddiy emas ijtimoiy yordam. Tarjimonlik yordamini ko’rsatdim”.
Buni ham ko'ring Toshkent anjumani: Xalqaro hamjamiyat Tolibonni tan oladimi?Afg’onistonlik Sayid Hoshim:
“Tolibon o’tgan yil 15 avgustda Afg’onistonni egallagan bo’lsa shundan keyin ko’pchilik bu yerga keldi. Harakat qilyapmiz borib ularni ko’rib hol-ahvolini bilishga”.
“Amerika xalqi shunisi yaxshi, kelgan muhojirga uy va barcha yordamni tayyorlashadi. Uy-joy, bolalarining o’qishi”, - deya okean ortidan boshpana topgan vatandoshlari asosan til bilmagan vaqtda va maslahatlar kerak bo’lganda ularga murojaat qilishlarini tushuntiradi Shakila.
Vatandoshlarining es-hushini egallagan umumiy tashvish bor deydi har ikki suhbatdosh. U ham bo’lsa Afg’onistonda qolgan yaqinlari taqdiridan xavotir.
“Hozir u yerda vaziyat juda ham yomon. Xavfli. Ko’chalarga chiqolmaydi. Boshqa hech bir gunohi yo’q, o’zbek bo’lgani uchun, yoki oldingi rejimga, Do’stum bilan ishlagansan deb o’ldiryapti. Shuning uchun bular ko’proq oilasidan tashvishda. Chunki ko’pchilik Afg’onistondan bir o’zlari chiqib ketishgan. Men bir nechta oilalarni bilaman ularning hammalarining oilalari Afg’onistonda qolib ketgan”, - deydi Sayid Hoshim.
“Hozirgi sharoitda Afg’onistonda ocharchilik, bolalar o’limi, maktab yo’q. Olti yoshgacha qiz bola maktabda o’qiydi. Undan keyin maktab yo’q. O’zimning jiyanlarim, xo’jayinimning jiyanlari, o’zimning singlim, universitetni bitirgan, har ikkisi ham. O’qituvchi edi, hozirgi sharoitda uyda o’tirishibti, onam bilan birga. Onam ertadan-kechgacha xavotirda. Yosh qizlarni ko’chaga olib chiqish yo’q. Qo’rqishadi”, - deydi Shakila Lutfullo.
AQSh va Xalqaro hamjamiyat qo’llovidagi hokimiyat siyosati Afg’oniston jamiyatida boshqa millatlar qatori o’zbeklar mavqeini oshishiga xizmat qilganini eslatadi Sayid Kabir.
Maktablarda bizning farzandlarimizga oldin o’zbek tilida dars berilardi, hozir o’sha darsliklar yig’ib olinib, kuydirib tashlanyapti. Bularning hammasi dard bo’lmasdan nima axir.
“Toliblar hokim bo’lganidan keyin Afg’onistondagi bizning qilgan 20 yillik zahmatimizni hammasini yerga yakson qilib tashladilar. 20 yil davomida bizga Afg’oniston hukumati ko’p o’zgarishlar keltirdi. Bizda kompyuterlar yo’q edi, kompyuterlar keltirdilar. Mobil aloqa, internet keldi. Yangi-yangi texnikalar keldi. Ularni ham bir yonga qo’yib turamiz. Afg’onistonda o’zbek tili va adabiyoti, o’zbek tili rasmiy tan olindi. O’zbek tilida maktablar, universitetlarda dars berardilar. Iftixor bilan 21-oktabr kunini Afg’oniston bo’ylab rasman kalendarga yozdilar. Kobulda men O’zbek tili kunini tantanali mahfil bilan o’tkazardim. O’zbekistondan, Qozog’iston va boshqa o’lkalardan mehmonlar kelishardi. Men o’sha yerda yaxshi ijodlar qilib, yaxshi ohanglar o’qirdim”.
Tolibon mamlakatni egallagandan vaziyat o’zgardi, deydi u.
“Tolibonning davrida ular Afg’onistonda eng rasmiy tanigan tilimiz pushtu tili dedilar. Forschani ham yarim-yashiq tan oldilarmi yo’qmi, lekin o’zbek tilini rasman tan olmadilar. Men ozurda bo’lyapman. Toliblar hukumatidagi o’zbeklar ham mening so’zimni eshitayotgan bo’lsalar, men ular uyalsinlar, deyman. Ular qanday qilib ona tillari rasmiy tan olinmasligiga yo’l qo’yayaptilar. Yoki maktablarda bizning farzandlarimizga oldin o’zbek tilida dars berilardi, hozir o’sha darsliklar yig’ib olinib, kuydirib tashlanyapti. Bularning hammasi dard bo’lmasdan nima axir”, - deydi u.
Olisdan turib Afg’onistondagi siyosiy jarayonlarni kuzatar ekan, bugun xalqaro hamjamiyat Afg’onistonda hamkor tanlashda adashmasa, uning vataniga shu katta yordam bo’ladi, deydi Sayib Kabir.
“Ozmudaro, ozmudan xatost” degan gap bor fors tilida. Ya’ni imtihon qilingan odamni yana bir bor imtihon qilmoqchi bo’lish noto’g’ri. Noto’g’ri insonlar bilan siyosat qurish noto’g’ri. Yaxshi, fikri ochiq, oqil, hushyor yigitlar bilan, siyosatchilar bilan aloqa yo’lga qo’yishsin va Afg’oniston tuzalsin. Afg’oniston millati ham orom yashasin. Shu umiddaman”.
Afg’onistonda qolgan yaqinlari bilan muloqoti uning Tolibon rejimi haqidagi qarashlarini kuchaytirmoqda.
“Men qarindoshlarim bilan aloqadaman. Tog’am, xolam, ammam, boshqa qarindoshlarim bilan. Ular hammamiz ochmiz deb aytayaptilar. Hammamizni bir bahona qilib o’ldiryaptilar deyaptilar”.
“Buni menga Amerikadagi vatandoshlar sovg’a qildilar”, - deydi Sayid Kabir, O’zbekistondan maxsus keltirilgan yangi musiqiy asbobini ko’rsatar ekan.
Ungacha Turkiston-Amerika uyushmasi faollari yangi kelgan muhojir vatandoshlariga dutor sovg’a qilgan. Sayid Kabir - shimoliy Afg’onistonda o’zbek mumtoz musiqasini asrab kelgan avlod vakili.
Your browser doesn’t support HTML5
Sayid Kabir ishdan ortib, farzandlar tarbiyasi qatori sevimli mashg’uloti bilan ham shug’ullanayotganidan xursand. “YouTube”da o’z kanalini yuritadi.
“Farzandlarimni bu yerda tarbiyalayotganimga xursandman. Yaxshi tarbiya bera olamiz, yaxshi o’qita olamiz, yaxshi maktab va universitetlarga yaxshi darslarni o’qiy oladi. Ularning kelajagidan umidvormiz. Umidim katta”, - deydi Suhaylo.
Bu ota-onaga hozir taskin berayotgan narsa ham farzandlari tinch mamlakatda, urush va qonni ko’rmasdan erkin ulg’ayishi. Suhayloni esa farzandlari qalbida boshqaga nisbatan rahm-shafqat tuyg’usi borligi ham quvontiradi.
“Qizim hali kichik. Afg’onistondan qanday chiqqanimiz uning yodida qolgan. Bobom, buvim, amakim u yerda (Afg’onistonda) qolgan, deb sizga ham hammasini aytib berdi. Men uchuvchi bo’laman deydi. Buvisiga telefon qilganda siz choping deydi. Chopsangiz, sizni toliblar tutolmaydi, urolmaydi deydi. Bizlar chopdik, chiqdik deydi. Siz albatta chopishingiz kerak, deydi. To’xtab turing, men katta bo’lay, buvi men sizni olib kelaman, deydi. Bu bolalarimning yodida qolganlari. Men qizim uchuvchi bo’lishini xohlayman. Farzandlarim yaxshi o’qishini xohlayman. O’g’lim bilan ham ko’p ishlashim kerak. Istaymanki, u yaxshi bir vakil (huquqshunos) bo’lsa, Afg’onistonda aholi haq-huquqini himoya qila olsa. Bizning vaqtimiz o’tdi, lekin istaymizki bolalarimiz yaxshiroq natijalarga erishishsin”, - deydi Suhaylo.