Tojikiston ahli qo'shni davlatdagi vaziyat haqida nima biladi?

Afg’oniston tarixida shu paytgacha prezidentlik uchun hech qachon bu qadar ko’p arbob kurashmagan. Qariyb 40 nafar. Lekin qo'shni Tojikistonda ommaning Afg’onistondagi saylovlar bilan u qadar ishi yo’q.

“Buni bizga qizig’i yo’q. Hamma o’z tirikchiligi bilan band. Men siyosatdan tashqari odamman, boshimni og'ritmang”,- deydi "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan fuqarolardan biri.

Dunyo yangiliklaridan xabardor, siyosatga tushunivchi ziyolilar esa qo’shni Afg’onistondagi presidentlik sayloviga e’tibor qaratishadi. Xo'jandlik o’zbek olimi, mustaqil tahlilchi Ilhom Yusupov Afg’onistondagi so’nggi o’zgarishlarni hozirgi prezident nomi bilan bog’laydi.

"Hamid Karzay Afg’onistonda demokratik tamoyillarga poydevor qo’ydi. Hozir u yerda bir qancha yangi gazetalar, radio-televideniye ishlab turibdi. Gumanitar ko’maklarning effektivligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurash, bang moddalari yetishtirishga barham berish saylanadigan prezidentning asosiy ishi bo’lishi zarur. Axir Afg’onistondan kelayotgan narkotik moddalar Yevropagacha yetmoqda. Karzay keyingi yillarda Afg’onistonning etakchi lideri sifatida o’z mavqeini mustahkamladi. Lekin Tojikistonga tashriflari chog’ida uning chiqishlarini diqqat bilan kuzatar ekanman, unda qat’iylik etishmaydi degan xulosaga keldim,-deydi Yusupov.

Tojikistonlik rus tili va adabiyoti o’qituvchisi Mirsaid Hoshimov Afg’onistondagi prezidentlik saylovi arafasida Tolibon faoliyati kuchayganligiga e’tibor qiladi. Uning fikricha, Tolibonlar, agar ularga ichkaridan ham yordam bo’lmasa biror natijalarga erisholmaydilar.

"Lekin oddiy afg’onlarning barchasi ham tolibon tarafdori emas. Ayniqsa xotin-qizlar. Chunki tolibon hukmronligi davrida ularning huquqlari juda chegaralangan edi. Saylovda ovoz beradigan xotin-qizlar esa Afg’onistonda millionlabdir. Hamid Karzay prezidentligi davrida Afg’onistonda anchagina dunyaviy o’zgarishlar bo’ldi. Bu jihatdan olib qaraganda Karzay navbatdagi saylovda g’olib chiqadi deb o’ylayman ,-deydi Hoshimov.

Sobiq sho’rolar davrida bir necha yil Afg’onistonda xizmat safarida bo’lgan Ziyodullo ismli sharqshunos o’z fikrlarini bildirar ekan, “U yerda haligacha butun boshli viloyatlar markaziy hokimiyatga bo’ysinmaydi. Bunday sharoitda Hamid Karzayga oson bo’lmaydi. Mening nazarimda Karzay markaziy hokimiyatni yanada mustahkamlashi va ehtimol tolibon bilan qandaydir bitimga kelishlari maqsadli bo’lardi”, - deydi.

Jamiyatshunos Yusupov fikricha esa Afg’onistondagi vaziyatga butun Markaziy Osiyo nuqtai nazaridan baho berish to’g’ri bo’ladi.

"Afg’onistonda o’tadigan prezidentlik saylovi shunisi bilan bizga juda muhimki, u yerda saylanadigan rahbarning tutgan yo’li ko’p jihatdan Markaziy Osiyo respublikalari kelajak taraqqiyotini belgilashi mumkin. Markaziy Osiyo deganda ko’pchilik sovetlar davridagi tushunchada qolishgan. Markaziy Osiyoni Afg’oniston va Pokiston potensiallari bilan qo’shgan holda nazarda tutilsa to’g’riroq bo’lardi. Shu jihatdan olganda Afg’onistonda hozir hokimiyat tepasida turgan Hamid Karzayning qayta saylanishi maqbul bo’lardi. Chunki Karzay bir necha marta Tojikistonda bo’lgan va biz bilan munosabatlar juda yaxshi",-deydi Yusupov.

Sharqshunos Ziyodullo nazarida Afg’onistonda vaziyat hammani xavotirga solishi kerak.

“Afg’oniston qariyibki o’ttiz yildan beri urush holatida. U yerda qo’lida qurol bilan voyaga etgan bolalar oilalai bo’lib ketishdi. U yerda haqiqiy partizanlik harakati ketmoqda. Kim qayerdan o’q uzib qolishi mumkinligini hech kim bilmaydi",- deydi u.

"Biz Afg'onistonda xizmat qilgan davrda ham shunday edi. Sobiq SSSR ham Afg’oniston muammosini hal qilolmagan edi. Sulh va kelishuv, o’zaro ishonch bilan yangi hayotni boshlash kerak. Nazarimda, Afg’onistonda prezidentlik saylovida q’olib chiqqan kishining asosiy vazifasi shundan iborat bo’lishi kerak",- deydi Ziyodullo.

"Men qo’shni yurtdoshlarimizga eng yaxshi tilaklarimni istab qolaman. Saylov ahillik va tinch-totuvlikda o’tsin. O’zlariga ma’qul, odil rahbarni saylasin. Biz uchun qo’shnimizning tinch va rivojlanayotgan dunyoviy davlat bo’lishi muhim,- deydi Hoshimov, o'rta maktab o'qituvchisi.