Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev AQSh bilan harbiy hamkorlikni kengaytirish niyatida.
So’nggi chiqishlarida uning davlati Afg’onistonda barqarorlikni tiklash yo’lida ko’proq hissa hissa qo’shishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Bishkekda faoliyat yurituvchi harbiy tahlilchi Leonid Bondarets hozirgi hamkorlikni u qadar yuqori baholamaydi.
"Bizning davlat Afg’onistonga qandaydir yordam ko’rsatayapti. Ammo Afg’onistonda harbiy kuch ish bermayapti. Hozirgi kunda harbiylarning xatolari oqibatida tinch aholi ziyon ko’rmoqda”, - deydi iste’fodagi polkovnik Leonid Bondarets.
“Afg’onistondagi vaziyat hozirda mushkul va barqarorlik uchun nafaqat harbiy balki siyosiy-diplomatik, iqtisodiy va madaniy-insonparvarlik yonalishlarida ishlash lozim”,- dedi prezident Bakiyev yaqinda Manas tranzit markazida so’zlar ekan.
Uning aytishicha, Qirg’iziston ushbu ishlarga imkon qadar hissa qo’shayapti. Tranzit yuklar markazi ham shu jumladan. Shuningdek, Qirgiziston “Bishkek tashabbusi” deb atalgan qator takliflarni ortaga tashlagan. Masalan, Bishkekda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Afg’oniston masalalari bo’yicha muzokaralar o’tkazish rejalangan.
Siyosatshunos Alisher Hamidov fikricha Qirg’izistonda bunday tadbirlar avval ham o’tkazilgan va mamlakat bu borada o’z tajribasiga ega. Birinchi prezident Asqar Akayev davrida, Qirg’iziston qo’shni Tojikistonda fuqarolik urushini to’xtatish va u yerdagi har xil siyosiy kuchlarni birlashtirishda o’z hissasini qo’shgan.
“Bundan tashqari Afg’onistondagi qayta qurish ishlarida ham Qirg’iziston ko’proq qatnashishi mumkin. Qirg’iz shirkatlari ushbu jarayonda hozir unchalik faol emas”, - deydi Hamidov.
Tahlilchi Leonid Bondarets nazarida esa Qirgiziston Rossiya va Xitoy bilan bog’langanligi sabab AQSh bu davlatlarni Afg’onistonga yo’latmaslikka urinmoqda.
Mutaxassislar, shuningdek, Qirg'izistonning iqtisodiy salohiyati zaif ekanini eslatadi. Mamlakat o'zini o'zi zo'rg'a boqayotgan bir paytda tashqi yordam haqida o'ylay olmaydi, deydi ular.
Jahon Banki singari xalqaro tashkilotlar Qirg'izistonni chetdan sarmoya jalb qilish, kichik bizneslarni rivojlantirish, bank tizimini taraqqiy ettirishga undab, qator grantlar ajratgan. Bank Qirg'izistonda korrupsiya fundamental muammo deya qayd etib keladi.
Hamkorlikni oshirish maqsadi ezgu bo'lishi mumkin, deydi ekspertlar, ammo ko'plab rejalar moliyaviy taqchillik va iroda yetishmagani sabab ham ko'p hollarda faqat qog'ozda qolib ketmoqda.